ENG YAXSHI DO‘ST

ENG YAXSHI DO‘ST

ENG YAXSHI DO‘ST

Sinf bayramona ruhda bezatiladi. Devoriy gazetalar, bukletlar, turli kitoblar, sharlar, ko‘rgazmalar osiladi.
1- boshlovchi: – Assalomu-alaykum, aziz mehmonlar, kitobxonlar va ustozlar! Mana, uch yildirki, maktab bilan ikkinchi oilangiz kabi hamnafas bo‘lib yashab kelmoqdasiz. Maktabga ilk kelgan kuningizdan boshlab o‘qish va yozishni o‘rgandingiz. Savodingiz chiqishida sizlarga jondan aziz kitoblaringiz ko‘makdosh bo‘ldi. Shu o‘qiyotgan, sizga bilim berayotgan kitoblaringiz haqida nimalar deya olasiz?
2- boshlovchi: – Kitob baxt va qudratli istiqbol yo‘lida odamzot yaratgan, ehtimol, eng buyuk kashfiyot va mo‘jizalar ichida eng buyuk mo‘jizadir.
O‘quvchi: – Yaxshi kitob meva berib, boshqa kitob­larning tug‘ilishiga olib keladi. Adabiyot zamon bilan chambarchars bog‘liqdir. Bizgacha bo‘lgan xalq hayotini biz tarixiy kitob, adiblarimiz yaratgan asarlardan ham bi­lishimiz mumkin. Kitobning shon-shuhrati asrlardan-asrlarga o‘tib, uni mutolaa qilish kitobxonlar hayotida butun bir davrni tashkil etadi.
Raqs (o‘quvchilar birgalikda qo‘shiq aytib, raqsga tushadilar).
O‘quvchi: – Yaxshi kitob yangi yopilgan nonga o‘xshaydi va ishtahani ochadi. Uni o‘qigan sari insonning dunyoqarashi kengayadi, o‘zgalarga bo‘lgan samimylik va xushfe’llik paydo bo‘ladi.
O‘quvchi: – Kitob har qanday bilimning joni va yuragi, har qanday fanning ibtidosidir.
Kitob haqida maqollar:
Kitob – bilim bulog‘i, o‘quvchining o‘rtog‘i.
Kitobdan yaxshi do‘st yo‘q.
Kitob – bilim manbayi.
Kitob – aql chirog‘i.
O‘quvchi: – Kitob o‘zgacha rangin dunyo. Kitob o‘qisangiz, ruh oziqlanadi. Ko‘ngil poklanadi.
Raqs: “Qizlar guldastasi”.
Kitob bisotidan so‘zlanadi:
Birinchi o‘quvchi: – Kitobni birovdan qarz so‘raganni oqillar safiga qo‘shmay qo‘ya qol. U goh qo‘yindadir, goh bag‘ridadir. Kitob egasining mahbubi misol. (Alisher Navoiy)
Kitob haqida she’r:
Kitob – kuch
Kitob sevgan insonga
Kitob erur xazina.
Kitob o‘qimaganlar
O‘zidan qilsin gina.
Kitobsiz uy zim-ziyo,
Yo‘qdir tuynuk, eshigi.
Zulmat uni qurshaydi,
Allalamas beshigi. (Nabijon Ermat)

Ilmu usdodu, kitob hurmati,
Hammasidan zarur bu bob hurmati.
Kim esdan chiqarsa bu uch hurmatni
Chekar hayotida kamtarlik zillatin.
Kim bu hurmatlarni keraksiz bildi,
Bu yo‘lda maqsadga yetmay yiqildi. (Binoiy)
Qizlar ijrosida “Kundan kun yaxshi” raqsi.
Boshlovchi:
Ilm haqida donolar bisotidan namunalar keltiring.

Ilmli ming yashar, ilmsiz bir yashar.

Bilagi zo‘r birni yiqar, bilimi zo‘r mingni.

Bilmaganni so‘rab o‘rgangan olim,
Orlanib so‘ramagan o‘ziga zolim.

Ko‘p o‘qigan ko‘p bilar.
“Kitobni yirtmang” intermediyasi namoyish etiladi.
Kechani yakunlash:
1- boshlovchi: – Mana, bizning boy kutubxona­mizdan xohlagancha foydalanishingiz mumkin. Bu kutubxonada eng noyob bo‘lgan “Bolalar ensiklopediyasi” ham mavjud. Shuningdek, “Bilag‘on”, “Gulxan”, “G‘uncha” gazeta va jurnallari, o‘zbek, jahon adiblarining ko‘plab asarlarini topishingiz mumkin. Bu esa biz uchun yaratilgan katta imkoniyatdir.
2- boshlovchi: – Deydilarki, kitob bilim bulog‘i, o‘quv­chining o‘rtog‘i. Shunday ekan, bu o‘rtog‘imizdan hech qachon ayrilmaylik!

Gavhar KARIMJONOVA,
Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi
63- maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

Fikr bildirish