SOG‘LOM BO‘LAY, DESANGIZ

SOG‘LOM BO‘LAY, DESANGIZ

SOG‘LOM BO‘LAY, DESANGIZ

Maqsadlar:
ta’limiy: dori-darmon vitaminlar haqida batafsil ma’lumot berish;
tarbiyaviy: ozodalik, orastalik, sarishtalik ko‘nikmasini o‘stirish;
rivojlantiruvchi: nutqni o‘stirish, sahnada o‘zini tutishga o‘rgatish, fikrlash qobiliyatini kengaytirish.
Tarbiyaviy soat metodi: rolli o‘yin.
Jihozi: «Bolalar shaharchasi», «Vitaminlar shaharchasi» deb yozilgan plakatlar, meva va sabzavotlar rasmi tushirilgan uylarning maketi, binolar maketi.
Tarbiyaviy soatning borishi:
Sahna «Sog‘lom bo‘lay desangiz» deb yozilgan yozuvli plakat, uylar, «Bolalar shaharchasi» deb nomlangan plakatli uylar bilan bezatilgan. Sahnaga 2 ta boshlovchi chiqadi.
1- boshlovchi: – Badanlari chiniqqanlar
Muskuli bo‘rtib chiqqanlar,
Yaxshi uxlab tiniqqanlar,
Qalbi olgan oromlar,
Sog‘lomlarga salomlar!
2- boshlovchi: – O‘tkir, ravshan ko‘zlari,
Zab kelishgan o‘zlari.
Nokday tarang yuzlari,
Havas qilgan rassomlar,
Sog‘lomlarga salomlar!
1- boshlovchi: – Bo‘sh vaqtida o‘ynagan,
Egri qadam qo‘ymagan,
Yalqovlikni suymagan,
Angrayib qolgan xomlar,
Sog‘lomlarga salomlar.
2- boshlovchi: – Kasalga yo‘l bermagan,
Hech yomonlik ko‘rmagan.
Ishlaganda terlagan,
Bor bo‘ling, ey, sog‘lomlar,
Sizga dildan salomlar!
1- boshlovchi: – Siz barchaga o‘rnaksiz,
Chindan ham dovyuraksiz.
2- boshlovchi: – Vatan, xalqqa keraksiz,
Topgansiz ehtiromlar,
Sog‘lomlarga salomlar!
1- boshlovchi: – Assalomu alaykum, aziz ota-ona­lar, qadrli mehmonlar!
2- boshlovchi: – «Sog‘lom bo‘lay, desangiz» nomli tadbirimizga xush kelibsiz! Madina, bolalar ko‘rinmaydimi?
1- boshlovchi: – To‘g‘ri aytasan, Sobirjon, negadir bolalar ko‘rinmaydi.
2- boshlovchi: – Kel, bilgalikda ularni chaqiramiz.
1- boshlovchi: – Mayli. Bolalar!
2- boshlovchi: – Bolalar, qayerdasizlar?
Shu yerda boshi, tomog‘i bog‘langan Tanbal ismli bola sahnaga chiqib keladi.
Tanbal: – Voy-voy, baqirding buncha,
Xuddi karnay-surnaycha,
Ovozing ham yoqimsiz,
Boshim yorildi tars-turs.
1- boshlovchi: – Iya, Tanbalvoy, senga nima bo‘ldi?
2- boshlovchi: – Hamma joying bog‘langan.
Tanbal: – Og‘riyapti boshim, tomog‘im ham qulog‘im,
Qornim-chi, prujinaday – burayapti xo‘p tinmay.
Issig‘im ham avjida, yordam kerakdir juda-a-a.
1- boshlovchi: (peshonasini ushlab ko‘rib): – Ha, issig‘ing ham baland-ku, senga faqat Doktor Voyjonim yordam bera oladi.
2- boshlovchi: – Hozir, hozir shoshmay tur,
Doktorni chaqiramiz,
Senga yordam beramiz, – deb telefonda doktorni cha­qiradi.
Allo, allo bu doktormi?
Doktor Voyjonim: – Allo, bu men bo‘laman, bemor kim, eshitaman!
2- boshlovchi: – Biz bolalar shaharchasidan bo‘la­miz, bizga sizning yordamingiz kerak.
Doktor Voyjonim: – Hozir yetib boraman.
Sahnaga oppoq xalat kiygan, sochlari ham oppoq, boshida oq qalpog‘i bor, qo‘lida esa shifokorlar sumka­sini ko‘tarib olgan shifokor chiqib keladi.
Boshlovchilar: – Assalomu alaykum, Doktor Voyjonim.
Doktor Voyjonim: – Vaalaykum assalom. Qani, qani, kim bemor?
1- boshlovchi: – Mana, Tanbalvoy bemor.
Doktor Voyjonim: – Xo‘sh, xo‘sh, ayt-chi Tanbalvoy,
Qayerda og‘riqlar bor?
Tanbal: – Og‘riyapti boshim, tomog‘im ham qulog‘im,
Qornim-chi prujinaday burayapti xo‘p tinmay.
Issig‘im ham avjida, yordam kerak juda-a-a.
Shifokor Tanbalning peshonasi, qorni, tomog‘ini tekshirib ko‘radi va shunday deydi:
– O‘x-xo‘, bu angina va yana skarlatina,
Muzdek narsa yedingmi?
Yoki ichib oldingmi?
Tanbal: – Muzqaymoq yeb ozgina,
O‘ylamabman bo‘laman deb angina.
Shunday mazza narsadan, qolmayin deb mazadan,
Yebman 1 emas 11 ta, bu oz emas, albatta.
Qirq bo‘ldi so‘ng issig‘im, boshni ko‘tarolmay tayin,
Terga botib jiqqa, yotib qoldim yostiqqa.
Doktor Voyjonim: – Senga faqat «Vitaminlar mamlakati»dagilar yordam beroladi.
2- boshlovchi: – Bo‘lmasam boraylik, Tanbalni davolaylik.
1- boshlovchi: – Tadbir-chi, tadbir nima bo‘ladi?
2- boshlovchi: – Biz Tanbalvoyni davolab kelgunimizcha sen tadbirimizga kelgan mehmonlarni kutib olib tur.
1- boshlovchi: – Xo‘p bo‘ladi, sizlar Tanbalvoyni tezda davolab olib kelinglar.
Doktor Voyjonim: – Juda yaxshi, bo‘lmasa yo‘lga tushaylik? – deb o‘zining bahaybat burgutini chaqiradi.
Qani, qani, lochin qushim, tezda yonimizga uchib kel. Sahnaga burgut musiqa ostida uchib chiqadi.
Burgut: – Mana, mana, men keldim.
Doktor Voyjonim: – Endi bizni «Vitaminlar mamlakati»ga olib bor.
Ular burgutning ustiga minib uchib ketadilar. Sahna bezaklari meva va sabzavotlardan qurilgan binolarga o‘zgartiriladi. Sahnaga Doktor Voyjonim, Tanbalvoy va 2- boshlovchi chiqib keladi, ular «Vitaminlar shaharchasi» deb yozilgan plakat yoniga keladilar, hamma joyga bir-bir qarab chiqadilar, hech kim yo‘qligiga hayron bo‘lib, 2- boshlovchi shunday deydi:
Doktor Voyjonim, bu yerda kimdir bormi?
Sahnaga oq xalat kiygan bir qiz chiqib keladi.
Tez yordam: – Assalomu alaykum, Doktor Voyjonim, salom, bolalar.
Doktor Voyjonim: Salom, salom tez yordam,
Bizga zarur te-e-z yordam.
Tez yordam: – Doktor Voyjonim, nima bo‘ldi, bu bolalar kim?
2- boshlovchi: – Biz “Bolalar shaharchasi”dan bo‘lamiz, do‘stimizga yordam kerak.
Tez yordam: – Qani, qani, kim bemor?
2-boshlovchi: – Mana, Tanbalvoy bemor.
Tez yordam Tanbalni tekshirib ko‘radi va shunday deydi:
O‘x-xo‘, ishlar chatoq-ku!?
Doktor Voyjonim: – Tanbalvoyni davolab bergin, qizim!
Tez yordam: – Albatta, yordam beramiz, qani, hamshira, bemorni olib keting. Sahnaga yana bir oq xalat kiygan hamshira qiz chiqadi va hamma bilan salomlashadi.
Tez yordam: – Tanbalvoy uchun muolajani boshlang.
Hamshira: – Xo‘p bo‘ladi, qani, ketdik, Tanbalvoy, sen uchun vitaminlar bor.
Tanbal: – Yo‘q, yo‘q, kerak emas, dori ichishni xohlamayman, dori juda achchiq-ku!
Hamshira: – Bizdagi dorilar achchiq emas, aksincha, juda shirin va mazalidir, ular quyosh nurlari, yerning issiq taftiga to‘yingan meva, sabzavotlardir. Biz ularni vitaminlar deb ataymiz. Shuning uchun qo‘rqmasang ham bo‘ladi, bu vitaminlar bilan seni tezda davolab qo‘yamiz.
Tanbal: – Mayli, davolay qolinglar.
Hamshira: – Bo‘lmasa, ketdik.
2-boshlovchi: – Tanbalvoy, sen qo‘rqma, biz seni shu yerda kutib turamiz, – deb sahna ortiga kirib ketadilar.
Tez yordam: – Tanbalvoyni davolab bo‘lgunlaricha, men sizlarni o‘z mamlakatimiz bilan tanishtiraman. Qani, «Vitaminlar mamlakati»ga xush kelibsiz, marhamat.
2- boshlovchi: – Nega mamlakatingizni «Vitaminlar» deb atagansizlar, «vitamin» nima degani?
Tez yordam: – «Vita» bu – hayot, min esa bag‘ishlayman degani, biz odamlarga yangi hayot bag‘ishlaymiz, shuning uchun bu yerda odamlarning organizmi uchun kerakli bo‘lgan tabiiy mahsulotlar, meva va sabzavotlar yashaydi. Vitaminlar bolalarning o‘sishiga, sog‘lom bo‘lib yurishiga yordam beradi. Bundan tashqari, hozir qish fasli bo‘lgani sababli nafaqat bolalar, balki kattalarning ham organizmida vitaminlar kamaya boshlaydi, shuning uchun, hamma meva va sabzavotlarni ko‘proq iste’mol qilib turish kerak. Bilasizlarmi, hozirda vitaminlarning 30 dan ortiq turi bor.
Doktor Voyjonim: – Bu juda qiziq-ku! Tez yordam, mana bu binoda kimlar yashaydi? – deb bino rasmi tushirilgan plakatni ko‘rsatadi.
Tez yordam: – Bu binoda «A» vitaminlar guruhi yashaydi. Hozir ular bilan sizlarni tanishtiraman, marhamat. Sahnaga sut, pomidor, ko‘kat, go‘sht mahsulotlari, o‘rik, behi kiyimidagi bolalar chiqadilar.
Tez yordam: – Bu «A» vitaminlardir, qani eshitaylik-chi, ular nima deyisharkin?
Sut: – Bolalarning joniman, vitaminlar koniman,
Har kun tongda olishar, dasturxonga tortishar.
Tomog‘ing og‘riganda, yo qattiq yo‘talganda,
Meni qaynat, xo‘plagin, tanangga kuch to‘plagin.
Go‘sht mahsulotlari: – Mendagi vitaminlar yurakka kuch bag‘ishlar,
Kalsiy, oqsil, yog‘larni, tanangga joylashtirar,
Ishtahang ham ochilar, mushaklarni oshirar.
Ko‘kat: – Mening turim xilma-xil, yoqqanin iste’mol qil,
Zararim yo‘q, foydam ko‘p, bahorda bo‘laman to‘p-to‘p.
Qatiqqa qo‘shib yesang, yurakni davolaysan,
To‘g‘rab yuzingga surtsang, albatta, yoshargaysan.
Ismimiz yodingda tut, seldir, kashnich va ukrop.
Behi: – Ikki yuzim burishqoq, dema meni urishqoq,
Ishga solib aqlimni, sezdirmayman jahlimni,
Agar shirin bo‘lmasam, xushomadni bilmasam,
Meni darrov kesishar, o‘rnimga nok ekishar, – deb she’rlarini yakunlashadi va sahna ortiga kirib ketadilar.
Doktor Voyjonim: – O‘x-xo‘, juda qiziq.
Tez yordam: – Bu binoda esa «B» vitaminlar yashaydi. Hozir ularni ham sizlar bilan tanishtiraman. Sahnaga olma, limon, gilos kiyimidagi bolalar chiqadilar.
Tez yordam: – Kelinglar vitaminlar, foydangizni aytinglar.
Olma: – Men sizlarning olmangiz,
Xomligimda olmangiz,
Nortojiga o‘xshab so‘ng,
Voy qornim, deb qolmangiz.
Limon: – Olmaga o‘xshar, go‘yo sariq shar,
Hid sochaman har yon.
Mazam ham nordon,
Ismim juda oson, foydali limon.


Gilos: – Men gilosman, quloq sol,
Rangim qizil, totim bol,
Topsang, qo‘shalog‘imni,
Qulog‘ingga taqib ol.
2-boshlovchi: – Voy, bu juda zo‘r-ku!
Doktor Voyjonim: – Tez yordam bu yerda «S» vitaminlar yashasa kerak-a?
Tez yordam: – To‘g‘ri topdingiz, men ularni ham davraga chaqiraman, marhamat vitaminlar.
Sahnaga karam, sabzi, piyoz, qovoq, lavlagi, kartoshka, garimdori kiyimidagi bolalar chiqadi.
Tez yordam: – Qani, vitaminlar bizga qanday maslahatlar berisharkin?


Karam: – Qavat-qavat to‘nim bor, ovqatda o‘z o‘rnim bor,
Uzoq, o‘zga yurtlarda turli xil navlarim bor.
Gulkaram, yashilkaram, hatto, qip-qizil karam,
Sabzavotlar sarasi, polizda obro‘yim bor.
Agar oyoq og‘risa, yoki tuzlar yig‘ilsa,
O‘tirib turolmasang, belingni bukolmasang,
Darrov meni qaynatgin, og‘riq joyga yo‘latgin,
Tuzlarni eritaman, og‘riqni yo‘qotaman.
Sabzi: – Rangim qizil, sariqman – yer tagida qoziqman
Sabzivoy derlar meni, yesang, o‘stirar bo‘yni.
Piyoz: – Quloq tutib, viqor bilan boshlagayman so‘zimni,
Yetti qavat to‘nim bor, piyoz deyishar meni.
Sabzavotlar orasida karam bizning do‘stimiz,
Bo‘yimiz ham pak-pakana, o‘xshab ketar po‘stimiz.
Qovoq: – Ismim mening oshqovoq, hamma deydi bo‘sh qovoq,


Bo‘sh emas, ichim to‘la, foydali pista qovoq.
Ozimni pishirsangiz, pistamni ham yesangiz,
Aqlingizni peshlayman, oshqozonda ishlayman.
Po‘stim qaynatib ichsang, jigarni tozalayman,
Sizlar sog‘lom bo‘ling deb, doim xizmatga shayman.
Lavlagi: – Mening ismim lavlagi, yer tagidan kavlagin,
Salat tayyorlaganda, meni ham bir o‘ylagin.
Ko‘proq iste’mol qilsang, qoningni oshiraman,
Tanangga kuch bag‘ishlab, seni xursand qilaman.
Kartoshka: – Gulim oppoq, o‘zim pushti yaltiroq,
Kulga ko‘mib pishirsang, bo‘laman xuddi sariyog‘.
Garimdori: – Men achchiq garmdori, tanaga kerak dori,
Iste’mol qil, qo‘rqmasdan, asrayman shamollashdan.
Ishtahangni ochaman, tumovni qochiraman,
Ichingda lov yonaman, chidasang do‘st bo‘laman, – deb she’rlarini yakunlashadi va sahna ortiga kirib ketadilar.
Doktor Voyjonim: – Qiziq, qiziq. «D» vitaminlar qan­day foyda keltiradi?
Tez yordam: – Hozir o‘zingiz buni bilib olasiz.
Kalsiy, quyosh sahnaga chiqadilar va o‘zlari haqida ma’lumot beradilar.
Sahnaga Tanbal va hamshira yugurib chiqadi.
Hamshira: – Hoy-hoy, to‘xta, qayoqqa, shoshma, buncha hamma joying kir, avval seni yuvintirish kerak.
Tanbal: – Yo‘q, yo‘q, kerakmas, cho‘milishni istamayman, axir men cho‘milganman.
Hamshira: – Qachon cho‘milding, axir?
Tanbal: – Uzoq emas, o‘tgan yil.
Hamma hayron bo‘ladi.
Doktor Voyjonim: – Shuning uchun ham kasal bo‘lgansan, hamma kasalliklar yuvinmaslik, ozoda yurmaslikdan kelib chiqadi.
Tez yordam: – Qani sovun, qani suv, tezroq keling, Tanbalni cho‘miltiring. Sahnaga sovun va suv kiyimidagi bolalar chiqadi.
Sovun: – Mikroblar bo‘ladi quv,
Yashirinib yurar u.
Unga qarshi kurashgan,
Yasha sovun, yasha suv.
Suv: – Ishlaganda ko‘pirgan,
Dog‘larni ham o‘chirgan.
Charchamagan xizmatda,
Yasha sovun, yasha suv.
Sovun: – Ozodalik asosi,
Buyumlarning a’losi.
Mikroblarni qiruvchi,
Yasha sovun, yasha suv.
Suv: – Yuzlarni yuvaman,
Yalqovlikni quvaman,
Sog‘liq bergan tanaga,
Yasha sovun, yasha suv.
Suv: – Yordamchilarim, qani yordamga keling.
Sahnaga suv yordamchilari chiqadi va Tanbal, sovun, suvni orab oladilar, cho‘miltiradilar.
Sahnaga mikrob kiyimidagi 2ta bola chiqadi va qo‘shiq aytadi.
Mikroblar: – Mazza qilib yashardik,
Yillab suvni ko‘rmasdik,
Endi-chi, yetdi fursat,
Tezda qochishimiz kerak.
Endi qayon boramiz?
Kimni makon qilamiz?
Yuraylik ko‘cha tomon,
Chiqar balki Tanbalga
O‘xshash yalqov, kir, nodon, – deb qo‘shiqlarini tugatadilar va qayerga borishlarini bilolmay hayron bo‘ladilar.
1- mikrob: – Endi nima qilamiz?
2- mikrob: – Qayerda yashaymiz, tamom bo‘ldik, holimiz voy. Sahnaga pashsha kiyimidagi bola chiqadi va shunday deydi:
Pashsha: – Salom do‘stlarim, sizlarni sovun bilan suv haydab yubordimi?
Mikroblar: – Ha.
Pashsha: – Bo‘lmasa, mening oyog‘im va qo‘lla­rimga yopishib oling, men sizlarni o‘z do‘stlarim oldiga, mikroblar ko‘p bo‘lgan joyga olib boraman, – deb ularni olib sahna ortiga chiqib ketadilar.
Sahnaga ozoda, toza kiyingan Tanbalvoy chiqadi.
Tanbal: – Mana, mana men keldim.
2-boshlovchi: – Ox-xo‘, Tanbalvoy, bu senmisan?
Doktor Voyjonim: – Ajabo, juda o‘zgarib ketibsanmi, seni taniyolmay qoldim.
Tez yordam: – Ana bu boshqa gap. Endi butunlay tuzalib ketasan. (Sahnaga 2ta idish ko‘tarib, hamshira chiqadi).
Hamshira: – Mana senga shifobaxsh na’matakli choy, bu darmondori, uni tez-tez ichib tursang, sog‘ayishing tezlashadi, tanangga kuch-mador boladi, ichingni tozalaydi.
Tanbal: – Rahmat.
Tez yordam: – Mana bu sutni issig‘ida ho‘plagin, tanangga kuch to‘plagin. (Tanbal sut va na’matakli choyni ichadi).
Doktor Voyjonim: – Xo‘sh, Tanbalvoy, ahvollar qalay?
Tanbal: – Eh, a’lo, zo‘r, bay-bay-bay. Do‘stlarim, meni davolaganingiz uchun sizlarga katta rahmat. Bundan keyin toza, ozoda bo‘lib yuraman, doimo vitaminlarni iste’mol qilaman, muzdek narsalarni va ichimliklarni ichmayman.
2- boshlovchi: – Endi biz ketsak ham bo‘ladi, chunki bizni Bolalar shaharchasida mehmonlar kutishyapti. Biz sizlarni ham mehmonga taklif etamiz.
Tez yordam: – Taklifingiz uchun rahmat, albatta boramiz.
Doktor Voyjonim: – Qani, yo‘lga tushaylik bo‘lmasa, – deb burgutni chaqiradi. – Lochin qushim, tezda bizni «Bolalar mamlakati»ga olib bor.
Ular «Bolalar shaharchasi»ga yetib keladilar.
Tanbal: – E-he-he-hey, bolalar, biz keldik.
1-boshlovchi: Kelinglar, assalomu alaykum Doktor Voy- jonim, salom bolalar. Yahshi yetib keldingiz-mi?
Doktor Voyjonim: – Salom, salom, bolalar. Mana, biz Tanbalvoyni davolab keldik.
1- boshlovchi: – Xo‘sh, Tanbalvoy, ishlar qalay?
O‘zgaribsan, bay-bay-bay,
O‘zing juda ozoda, kiyimlaring ham toza.
Tanbal: – O‘zgardim 100 foizga,
Bildim nima foyda menga?
Zarardan deyman doim qoch,
Sog‘liq men uchun hamma narsadan soz.
2- boshlovchi: – Bilasanmi Sobirjon, biz Vitaminlar mamlakatida meva va sabzavotlar haqida juda ko‘p foydali ma’lumotlarni bilib oldik.
Tanbal: – Bolalar, meni endi Tanbalvoy deb chaqirmang, endi hech qachon yalqovlik qilmayman, doimo ozoda bola bo‘lib yuraman.
1- boshlovchi: – Gaplaring rostmi?
Tanbal: – Ha, rost.
1- boshlovchi: – Unda seni bugundan boshlab Tanbalvoy emas, Chaqqonvoy deb ataymiz.
2- boshlovchi: Mana aziz mehmonlar, qadrli tengdoshlar, bu sahna ko‘rinishimiz bilan sizlarni salomatlik sirlaridan ozgina bo‘lsa ham xabardor qildik.
Bolalar qoidalarni birma-bir aytadilar. Bular:
1. Eng birinchi kun tartibiga rioya qilish kerak.
2. Har kuni ertalab badantarbiya, sizga doimo kuch etar hadya.
3. Tishlarimizni kuniga 2 marotaba yuvish esdan chiqmasin.
4. O‘zingizni va kiyimlaringizni ozoda saqlang. Har doim qo‘llaringizni sovunlab yuvishni odat qiling.
5. Organizmingizni bo‘lmag‘ur narsalar bilan emas, balki tabiiy vitaminlar bilan to‘ldiring.
6. Meva va sabzavotlarni avval yuvib, so‘ng iste’mol qiling.
7. Qaynamagan va iste’molga yaroqsiz suvlarni icha ko‘rmang.
8. Me’yorida o‘ynab, o‘z vaqtida dam olishni unutmang.
Hurmatli ota-onalar, bizlarning sog‘lom bo‘lishimizga, to‘g‘ri ovqatlanishimizga salomatligimizga befarq bo‘lmaysiz degan umiddamiz.
Hamma: – Chunki biz kelajak avlodning sog‘lom davomchilarimiz.
E‘tiboringiz uchun rahmat.

Nodira JAMOLIDDINOVA,
Toshkent shahar Sergeli tumanidagi
300- maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

Fikr bildirish