O‘YINLAR YORDAMIDA  O‘QUVCHILARNING DARSGA QIZIQISHLARINI OSHIRAMIZ!

O‘YINLAR YORDAMIDA O‘QUVCHILARNING DARSGA QIZIQISHLARINI OSHIRAMIZ!

O‘qituvchi yondaftariga

O‘YINLAR YORDAMIDA O‘QUVCHILARNING DARSGA QIZIQISHLARINI OSHIRAMIZ!

Maktab ostonasidan xatlab o‘tar ekanman, qadamlarim bugungi darslarimga qo‘yilgan maqsadlar sari odimlashi kerak, deb sinfimga kirib boraman. O‘quvchilarim sinf xonaga birin-ketin kirib kelishlari, «ustoz» deb murojaat qilishlari, dars o‘tishga tayyorgarliklar, o‘qituv­chilik his-hayajoni bularning barchasi bolalik orzularim.

 

Men 18 yillik ish tajribasiga ega, oliy toifali boshlang‘ich sinf o‘qituvchisiman. Ish faoliyatim davomida turli o‘quvchilar bilan ishlashga to‘g‘ri keldi. Bugungi kunda:
– o‘quvchilarning diqqatini jamlash;
– o‘zlashtirilishi qiyin mavzularni oson usullarda o‘rgatish;
– darsni sinf o‘quvchilarining barchasi o‘zlashtirishlariga erishish;
– dunyoqarashi keng, mustaqil fikrlaydigan va fikrini aniq misollar bilan ifodalay oladigan o‘quvchilarni shakllantirish har bir pedagog uchun muhimdir.
O‘z ustida ishlaydigan, zamon bilan hamnafas ustozlarimiz doim izlanishda, yangiliklar bilan ishlash bilan mashg‘ul bo‘lib, yangidan yangi metodlar, enerjayzerlardan foydalanishadi. Shaxsan men ham o‘z ish tajribamda yaxshigina samaraga erishgan bir qancha metodla­rim bilan bo‘lishmoqchiman.
«Nilufar guli» metodi
Metodning maqsadi: O‘quvchilarning nutqini rivoj­lantirish, so‘z boyligini oshirish, diqqatini jamlash, kuzatuvchanlikni oshirish, tabiat bilan do‘stona munosabatni rivojlantirish, gullarni ochilishini o‘rganish, darsga qizi­qishni oshirish.
Qaysi fanda qo‘llash mumkin? O‘qituvchining ijodkorlik qobiliyati va pedagogik mahoratiga ko‘ra istalgan fanda qo‘llash mumkin.
Qanday qo‘llaniladi? Buning uchun suv idish, suv, qog‘ozdan yasalgan gullar kerak bo‘ladi. Gullar ichiga mavzuga oid so‘zlar yozish mumkin. Gulbarglar ketma-ketlikda buklanib, o‘quvchilarga yopiq holatda topshiriladi. Gulning ichida yozilgan so‘z esa gul suvga so­linganda ochilgach, o‘qish mumkin bo‘ladi.
Ona tili darsida so‘zdan gap tuzish topshirig‘ini be­rish mumkin. Matematika fanidan esa son yozilgan gul tarqatilishi va bunda bolalar shu son chiqadigan misol tuzishlarini talab qilish mumkin. Tabiiy fanlarda jamoalar uchun mavzu yoki topshiriq gul ichiga yozib suvda ochilgach bajarishga kirishishlari mumkin bo‘ladi.

«Raqamlar» xotira o‘yini
Ushbu o‘yinni o‘quvchilarning xotirasini mustahkam­lash, darsga shijoatni oshirish, sinfda do‘stona munosabatni oshirish maqsadida tanaffus vaqtida, to‘garaklarda o‘tkazish mumkin. Ikki kishilik yoki kichik jamoa bo‘lib o‘ynash maqsadga muvofiq. O‘yinni tashkil qilishda birdan to‘qqizgacha raqamlar yozilgan kartochkalar ta­lab etiladi xolos. Ular bir xil rangda, bir xil shaklda bo‘lishi o‘yinni qiziqarli o‘tishini ta’minlaydi.

O‘yin o‘tkazish tartibi: Raqamlar teskari o‘girilgan holda aralashtirilib taxlanadi. O‘quvchilar navbatma-navbat bir raqamini joylashuvini topishlari kerak bo‘ladi. Bunda birinchi bo‘lib kartochkani ochgan o‘quvchi agar bir raqamning topa olmagan bo‘lsa, yana teskari o‘girib joyiga qo‘yadi va navbati o‘tgan hisoblanadi. Keyingi o‘quvchilar ham toki bir raqamini topgunlariga qadar shu holat davom etadi. Bir raqamini topgan o‘quvchiga ikki raqamini joylashgan o‘rnini topishga imkon beriladi. Topa olmasa bir raqami ham yana teskari o‘girib qo‘yiladi. Keyingi o‘quvchi tabiiyki, bir raqamini oson topadi, endi esa ikki raqamini topishga urinib ko‘radi. Topgach esa uch raqamini izlaydi. O‘yin shu tariqa davom etadi. To‘qqiz raqamigacha ketma-ket, adashmay kartochkalarni ochib bera olgan o‘quvchi g‘olib hisoblanadi.
O‘yin qoidasi: Ishtirokchi raqam ketma-ketligini topa olmasa, oldin ochgan hamma raqamlari yana teskari o‘girib qo‘yilishi va navbat keyingi o‘quvchiga berilishi kerak.

«Shaklli sudoku» o‘yini
Sudoku o‘yini juda mashhur, unda 9×9 kataklarda raqamlarni joylashtirish shartini bajarish kerak edi. Shaklli 4×4 sudokuda esa shakllarni gorizontaliga, ­dioganaliga, 2×2 kvadratlar ichida shakllarni takrorlamasdan joylashtirish talab qilinadi. O‘quvchilar uchun bunday topshiriqlar mantiqiy tafakkurni, qo‘l matorika­sini rivojlantiradi. Darsga qiziqishlarini oshiradi. O‘quv­chilarning yoshini hisobga olgan holda kataklar sonini oshirish, shakllar turini ham o‘zgartirish mumkin.
Bo‘sh kataklarga shakllarni chizish, tayyorini qo‘yish yoki yopishtirish mumkin.
Ish faoliyatingizda bu o‘yinlardan foydalanib, o‘quv­chilaringizni darsga qiziqishlarini sezilarli oshirishingiz mumkin.

Irodaxon RAXIMOVA,
Qibray tumanidagi
2- maktabning oliy toifali
boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

Fikr bildirish