RAQAMLAR  DUNYOSIGA   «LEPBUK»  BILAN!

RAQAMLAR DUNYOSIGA «LEPBUK» BILAN!

RAQAMLAR DUNYOSIGA «LEPBUK» BILAN!

Maktabga tayyorlov guruhi — bu 5–7 yoshdagi bolalarni maktab hayotiga moslashtirish va o‘qishga tayyorlash uchun tashkil etilgan maxsus dasturdir. Tayyorlov guruhidagi dastur odatda quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

Tayyorlov guruhida nimalar o‘rgatiladi?
savodga tayyorgarlik: harflar, tovushlar, so‘zlar bilan ishlash;
matematika asoslari: sonlar, shakllar, sanash va oddiy arifmetik amallar;
nutqni rivojlantirish: hikoya qilish, she’r yodlash, matn tinglab tushunish;
ijodiy faoliyat: chizish, bo‘yash, yasash va qo‘l mehnati;
atrof-muhitni o‘rganish: tabiat, odamlar va hayvonlar haqida bilimlar;
fizik faoliyat: harakatli o‘yinlar va mashqlar orqali jismoniy rivojlanish.
Bolalar uchun maktab – bu yangi hayot bosqichi. Tayyorlov guruhi esa bu bosqichga o‘tishni osonlashtiradi. Bolalar jamoada ishlashni o‘rganadilar, o‘qituvchini tinglash va topshiriqlarni bajarishni o‘zlashtiradilar, o‘zlariga bo‘lgan ishonchni rivojlantiradilar, o‘qishga bo‘lgan qiziqish uyg‘onadi.
Maktabga tayyorlov davrida matematika mashg‘ulotlaridan quyidagi bilimlarini egallashlari lozim:
1dan 20 gacha raqamlarni bilish va yozish;
qo‘shish va ayirish(10 ichida, keyinchalik 20 ichida);
shakllarni(kvadrat, doira, uchburchak) ajratib, tanish;
mashqlarni bajara olish:
raqamlar ketma-ketligini yozish va o‘qish;
oddiy misollarni yecha olish: 7 + 5 = ?, 15 – 6 = ?
shakllarni chizish va ularni taqqoslash: «Qaysi biri katta?».
Maktabga tayyorlov davrini qiziqarli va mazmunli tashkil etishda o‘qituvchidan ijodkorlik talab etiladi. Raqamlarni o‘rgatish jarayonida noodatiy usullardan, masalan, «Lepbuk»lardan foydalanishi yuqori natija beradi. Har bir raqamni o‘rganish jarayonida o‘quvchilarga qo‘shimcha ranglar, shakllar haqida ham bilib oladilar.
Lepbuk (inglizcha lapbook) – bu bolalar va o‘quv­chilar uchun mo‘ljallangan interaktiv qo‘llanma yoki ijodiy albom bo‘lib, unda turli mavzular bo‘yicha ma’lumotlar, sur’atlar, jadvallar, ochiladigan qog‘oz bo‘laklari, cho‘ntaklar va boshqa vizual materiallar joylashtiriladi.
Lepbuk o‘quv jarayonini yanada qiziqarli va samarali qilish uchun ishlatiladi, ayniqsa, maktabgacha va boshlang‘ich sinf o‘quvchilari orasida keng tarqalgan. Lepbuk orqali bolalar mustaqil ravishda bilim olishlari, o‘z ijodkorligini namoyon etishlari va mavzuni yaxshiroq o‘zlashtirishlari mumkin.
Har bir raqam uchun lepbuklar tayyorlanayotganda mavsumga, ranglar va albatta mavzuga alohida e’tibor qaratish lozim. Quyida misollar asosida buni ko‘rib chiqamiz.
Uch sonini tanishtirishda, avvalo, kayfiyatni inobatga olamiz. Chunki 3 soni quvnoq qilib tasvirlangan. Raqam bilan birgalikda yashil rang va uchburchak shakli haqida ham ma’lumot berib boriladi.

Raqamlarni o‘rgatishda rang va shaklga alohida urg‘u qaratilgan. Ya’ni uch raqami uchun tayyorlangan lepbukda yashil rang, uchburchak shakli haqida o‘quvchilarga bilim beriladi. To‘rt raqamida esa, ko‘k rang va to‘rtburchak shakli haqida. Har bir shakl o‘ziga mos rangda bo‘yaladi. Besh raqami uchun bolalar xush ko‘rib yeyuvchi, mavsumga mos holda qulupnay mevasi tanlangan. Mana shunday qiziqarli va yorqinlik bilan o‘quvchilar diqqatini darsga oson jalb qilish mumkin. Olti raqami uchun tayyorlangan lepbukda xonqizi tasvirlangan, berilgan topshiriqlar ham xonqizi bilan bog‘liq.

O‘g‘il bolalarning futbolga qiziqishlari o‘zgacha bo‘ladi. Buni matematika faniga bog‘lab o‘tilsa, yana ham yaxshi samara beradi. Ma’lumki, 2025- yil U-17 yoshlar terma jamoasi Osiyo chepioni bo‘ldi. G‘alaba sharafiga yetti raqami futbolga bag‘ishlangan. Natijasi yettiga teng bo‘lgan to‘plar «goll» urilgan hisoblanadi. Bu masalani yechgan har bir bola o‘zini chempiondek his qiladi.

Sakkiz raqami uchun yovvoyi hayvonlar tanlanib, ular haqida ma’lumotlar aytiladi: o‘rmonlarda yashashi, uy hayvonlardan nimasi bilan farq qilishi borasida suhbat tashkil etiladi. Raqamlar ketma-ketligini aniqlash uchun «sakkizoyoq» orqali topshiriq ham berilgan.
To‘qqiz raqami esa poliz ekinlaridan tarvuz orqali tasvirlangan bo‘lib, unda taqqoslash, to‘qqiz sonini hosil qilish va rasmli test topshiriqlari berilgan.

Xulosa qilib aytganda, bu usuldagi noodatiy topshiriqlar o‘quvchilarni kreativ fikrlashga undaydi, olgan bilimlarini amalda qo‘llashga yordam beradi. Maktabga tayyorlov guruhi – bu bolalarning kelajakdagi o‘qish hayoti uchun mustahkam poydevor. To‘g‘ri tashkil etilgan tayyorlov jarayoni bolani faqat bilimli emas, balki mustaqil, ishonchli va ijtimoiy faol shaxs sifatida shakllantiradi. Shuning uchun ota-onalar va ustozlarlar bu bosqichga katta e’tibor qaratishlari zarur.

 

 

 

 

 

Gulbahor ABDURAZAKOVA,
Bekobod tumanidagi 2- maktabning oliy toifali
boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

Fikr bildirish