EGALIK QO‘SHIMCHALARINING BIRLIK VA KO‘PLIK MA’NOSIDA IFODALANISHI (139–142- mashqlar)

EGALIK QO‘SHIMCHALARINING BIRLIK VA KO‘PLIK MA’NOSIDA IFODALANISHI (139–142- mashqlar)

EGALIK QO‘SHIMCHALARINING BIRLIK VA KO‘PLIK MA’NOSIDA IFODALANISHI

(139–142- mashqlar)

Darsning maqsadlari:
ta’limiy: egalik qo‘shimchalari haqidagi bilimlarni aniqlash va ma’lumot berish; mashq va topshiriqlardagi matnlarni tinglab tushuna olish, qo‘shimchalar qo‘llani­lishini bilish, ularni ajrata olish;
tarbiyaviy: o‘quvchilarda telefonda muloqot qilishni o‘rgatish, izlanib bilim olish hissini kuchaytirish; axborot manbalaridan va darslik materiallaridan tashqari (kitob, lug‘at) manbalardan ma’lumotlarni izlab topa olish va foydalanish; o‘zining xato va kamchiliklarini to‘g‘ri tu­shunib, o‘zini nazorat qila olish va xatolarini tuzatishga harakat qilish, kattalarga, kichiklarga va o‘rtoqlariga yordam berish; milliy qadriyatlarni bilish;
rivojlantiruvchi: egalik qo‘shimchalarining birlik va ko‘plik ma’nosida ifodalanishini bilish ko‘nikmalarini takomillashtirish; talaffuz me’yorlariga, bo‘g‘in ko‘chirish qoidasiga rioya qila olish, mavzuga oid so‘zlarni og‘zaki va yozma nutqda, o‘zlashtirilgan leksik birliklarni matnda qo‘llay olish.
Darsning turi: yangi bilim beruvchi.
Darsning metodi: suhbat, «Xazonlarni ko‘mamiz», «QR-KOD metodi», «Issiq bo‘g‘irsoq», «Tovus patini yig‘» didaktik o‘yinlari, ko‘rgazmalilik.
Darsning jihozlari: mavzuga oid turli mazmunli rasmlar, multimedia ilovalari.
Darsning borishi:
I. Tashkiliy qism.
Salomlashish, davomatni aniqlash, o‘quvchilarni darsga hozirlash.
O‘qituvchi: – Mansabing unutsang, mayliga unut.
Martabang unutsang, mayliga unut.
Lekin gar unutsang ona tilingni,
Zaharga aylansin onang bergan sut.
(O‘quvchilar ham ona tili haqida she’rlar aytadilar).
O‘qituvchi: – Sinfda kim navbatchi
Bir kunlik nazoratchi?
Navbatchi axboroti tinglanadi.
O‘qituvchi: – Ona til qanday fan,
Qanday bilim o‘rgatar?
Nimalar bilmoq kerak,
Kim menga aytib berar?
1- o‘quvchi:
So‘z va iboralarni,
To‘g‘ri talaffuz qilishim kerak.
Gaplarni to‘g‘ri o‘qib,
Ohangga rioya qilishim kerak.
2- o‘quvchi:
65-70 so‘zdan iborat,
Diktant yoza olishim kerak.
Imlo xatolariga,
Yo‘l qo‘ymasligim kerak.
3- o‘quvchi:
Saylanma, lug‘at, ta’kid,
Yod yozuv va nazorat,
Izohli va ko‘rsatgich,
Diktant yoza olishim kerak.
5- o‘quvchi:
5-6 gapdan iborat,
Matn yaratishim kerak.
Matnda so‘zlarni,
Takrorlashdan saqlashim kerak.
6- o‘quvchi:
So‘z turkumlarini,
Ajrata olishim kerak.
Gap bo‘laklarini mustaqil,
Topa ilishim kerak.
7- o‘quvchi:
Gap va uning turlarini,
Doim bilishim kerak.
Tinish belgilarini,
To‘g‘ri qo‘llay olishim kerak.
II. O‘tilgan mavzuni so‘rash.
O‘qituvchi: – Bugungi darsimizni guruhga bo‘lingan holda musobaqa tarzida o‘tkazamiz. Buning uchun o‘quvchilarga tovus patlari tarqatiladi va tovusxonlar­ning patini yig‘ishga ko‘maklashishlari aytiladi.
«Tovusning patini yig‘» didaktik o‘yini

Guruhlar taqdimoti o‘tkaziladi va ular o‘zlariga ta’rif berishadi.
1- qator: I shaxs–So‘zlovchi.
2- qator: II shaxs–Tinglovchi.
3- qator: III shaxs–O‘zga.


Guruhlarni baholash maqsadida uchta guruhga chuqurchalar tarqatiladi(bir martalik idish og‘ziga barg yelimlanadi va bargning og‘zi qirqiladi) va har bir to‘g‘ri javob uchun rag‘bat sifatida xazonlar berilishi aytiladi. «Xazonlarni yig‘amiz» didaktik o‘yini.

O‘tilgan mavzuni mustahkamlash maqsadida «Issiq bo‘g‘irsoq» didaktik o‘yini o‘tkaziladi.

O‘quvchilar taxtalarga mos(shaxslardagi egalik qo‘shimchalariga qarab) bo‘lgan bo‘g‘irsoqlarni qo‘yishi kerak bo‘ladi.
Husnixat daqiqasi:
Yurting omon – o‘zing omon.
III. Yangi mavzu bayoni.
Qoida haqida ma’lumot berib, taqdimot yordamida tushuntiriladi.

139- mashq. Mashq shartiga ko‘ra bajariladi. Nuqtalar o‘rniga zarur egalik qo‘shimchalarini qo‘yib, matnni ko‘chiring.
Bizning bobolarimiz kimlar bo‘lgan? Ular qanday kashfiyotlar qilishgan?
Yulduzlar sirini topgan bobomiz Mirzo Ulug‘bek bo‘lgan. Jahon matematika faniga asos solgan al-Xorazmiy bo‘lgan. Dunyo xalqlarining boshini qovushtirgan buyuk Amir Temur bo‘lgan. Biz yosh avlod ota-bobolarimizga munosib bo‘lib yetishsak, ajdodlariga munosib bo‘libdi, degan nom olamiz.
O‘qituvchi: – Otlar qanday shaxs-son qo‘shimchalari bilan qo‘llanganligini ayting. Jahon, al-Xorazmiy, jism so‘zlarining yozilishini yodda tuting.
Aytilishi va yozilishi farqlanadigan so‘zlar aytiladi.
O‘qituvchi: – Matn mazmuniga mos yana qanday ma’lumotlarni bilasiz? Matnni ma’lumotlar bilan boyitib, hikoya qiling.
Guruhlar matn mazmuniga mos fikrlar bildiradilar va rag‘batga ega bo‘ladilar.
140- mashq. Rasmlarda tasvirlangan o‘quv qurol­lariga egalik qo‘shimchalarini qo‘shing. Ular ishtirokida gaplar tuzing.

Sumkam, chizg‘iching, qalamdoni, yelimlari, kitoblari, qalamlari.
O‘quvchilardan gaplar tuzishlari so‘raladi va guruhlar baholanadi.
IV. Yangi mavzuni mustahkamlash.
141- mashq. Mashq sharti o‘qiladi. Guruhlarga testlar tarqatiladi va javoblari aniqlanib, to‘g‘ri javob bergan guruh rag‘batlantiriladi.
1. Ko‘plik ma’nosini bildirgan egalik qo‘shimchalari qatnashgan gapni toping.
A) Qilgan xizmatlaring yerda qolmaydi.
B) Kapalak, kapalak, qanotlaring ipakdek.
D) Oybek uyning eshigini ochib, mehmonlarni ichkariga taklif qildi.
E) Bizning bog‘imizda turli mevali daraxtlar bor.
2. Faqat ko‘plik ma’nosini bildirgan egalik qo‘shimchalari berilgan qatorni aniqlang.
A) -ingiz, -i, -si, -im B) -(lar)i, -ingiz, -imiz
D) -m, -im, -ng, -I E) -m, -ingiz, -lari, -i
3. Faqat birlik ma’nosini bildirgan egalik qo‘shimchalari berilgan qatorni aniqlang.
A) -ingiz, -i, -si, -im B) -ing, -im, -imiz
D) -m, -im, -ng, -I E) -m, -ingiz, -lari, -i
4. Miya kabi shaklim bor,
Boshim to‘la aqlim bor.
Meni yegan donishmand bo‘lur,
degan naqlim bor.
Ushbu topishmoqda nechta egalik qo‘shimchasi ishtirok etgan?
A) 1 ta B) 2 ta D) 3 ta E) 4 ta
5. Noto‘g‘ri javobni toping.
A) Egalik qo‘shimchalari gapda so‘zlarni bir-biriga bog‘laydi.
B) Egalik qo‘shimchalari so‘z yasovchi qo‘shimchalardir.
D) -m, -im qo‘shimchalari birlik qo‘shimchalaridir.
E) Barcha javoblar to‘g‘ri.
(1.E, 2.B, 3.D, 4.E, 5.B.)
142- mashq. Nuqtalar o‘rniga II shaxs birlikdagi egalik qo‘shimchalarini qo‘yib o‘qing va yozing.
Turar boylikka kon tog‘…
Quyosh erur chin o‘rtoq…
O‘ynab oqar sho‘x buloq…
Mening yurtim, O‘zbekiston. (Z.Ahmedova)
So‘z asosida qanday tovush o‘zgarishi yuz berganini ayting.
tog‘+ing=tog‘ing
o‘rtoq+ing=o‘rtog‘ing
buloq+ing=bulog‘ing
So‘z asosida tovush almashishi hodisasi yuz beradi.
Guruhlardan 1 nafardan o‘quvchi chiqariladi va ularga telefon yordamida QRkodni o‘qib jadvalni to‘ldirish aytiladi.


Qolgan o‘quvchilar daftarlariga so‘zlar yozilgan jadval yelimlanadi va shu so‘zlarni shaxs-son qo‘shimchalarini qo‘shib tuslashlari aytiladi.


V. Darsga yakun yasash va baholash.
G‘olib guruh aniqlanadi. Dars yakunida o‘quvchilar egallagan bilimlari va darsdan chiqargan xulosalarini bayon etishadi, faol qatnashgan o‘quvchilar rag‘batlantiriladi.
VI. Uyga vazifa berish.
143- mashq sharti tushuntirib beriladi va uni uyda bajarib kelish kerakligi ta’kidlanadi.
143- mashq. She’rni o‘qing. Egalik qo‘shimchalari ishtirok etgan so‘zlarni aniqlab, birlik va ko‘plikda qo‘llanilishiga ko‘ra, ikki ustunga ajratib yozing.
Yurtim bahodirlari
Yurtimning alpqomat bahodirlari,
Siz borsiz, sarhadlar tinch va mustahkam.
Bolalar kulgusi yangrar har uyda,
Chegarada siz bor – ko‘ngil xotirjam.

Onalar duosi qo‘llaydi sizni,
Aslo egilmasin mag‘rur qaddingiz.
Vatan uchun doim ko‘ksingiz qalqon,
Sharafga munosib sadoqatingiz.
(S.Jumanazarova.)

Surayyo MURODOVA,
Romitan tumanidagi 1- IDUMning
boshlang‘ich sinf
o‘qituvchisi.

 

Fikr bildirish