BOBOLAR  MEROSI – YOSHLAR  QALBIDA

BOBOLAR MEROSI – YOSHLAR QALBIDA

BOBOLAR MEROSI – YOSHLAR QALBIDA

 

Bugungi kelajak ­soatimizning mavzusi ikki buyuk siymo: Zahiriddin Muhammad Bobur hamda Alisher Navoiy hayotiga bag‘ishlanadi. O‘quvchilarga bu haqda ma’lumot aytishdan avval shunday savol beramiz.

 

O‘qituvchi: – Aytingchi bolajonlar, 7 yoshingiz nimasi bilan esingizda qoldi, bu yoshgacha nimalarni o‘rgandingiz?
O‘quvchilar bu savolga «Maktabga ilk marta qadam qo‘ydik», «Harflarni o‘rganib, savodimiz chiqdi», «Ustoz yordamida «Ona», «Vatan» so‘zlarining mustaqil yoza boshladik» deya turli xil javoblarni bera boshlaydi. Javoblar orasida o‘ziga xoslari ham bo‘lishi mumkin. O‘qituvchi barchasini tinglab turib, shunday deydi:
O‘qituvchi: – Barakalla, bolajonlar. Endi tasavvur qiling, sizning yoshingizda buyuk bobolarimiz nimalarni bilgan ekan?
Alisher Navoiy haqida
O‘qituvchi: – Asl ismi Nizomiddin Mir Alisher. U Hirotda tug‘ilib, shu yerda umrining asosiy qismini o‘tkazgan. Ilmga bo‘lgan ishtiyoqi erta uyg‘onib, 4 yoshida maktabda ta’lim ola boshlagan. Hazrat 7 yoshida Fariduddin Attorning «Mantiq ut-tayr» asarini yoddan bilganlar.
Shu o‘rinda «Mantiq ut-tayr» asari haqida qisqa ma’lumot beriladi. Uning eronlik shoir Fariduddin Attor tomonidan yozilgani, mazmuniga ko‘ra Hudhud nomli qushning boshqa 30 turdagi qushlar guruhi bilan boʻlgan majlisi, ularning safarlari haqida hikoya qilinishi va albatta asar 4500 misradan iborat she’riy to‘plamligi aytiladi. Barcha ma’lumotlar bolalarga xos sodda usulda tushuntiriladi. Mantiqiy tafakkurini shakl­lantirish va Navoiyning buyukligini yanada anglatish uchun o‘zlari yodlagan she’rlar bilan 4500 misralar orasidagi tafovut haqida fikr yuritish so‘raladi.
O‘quvchilarga: – Sizlar nechta she’r yod olgansiz?
Bu asarda esa minglab misralar bor, deya taqqoslash orqali Navoiyning ilmga muhabbati tushuntiriladi.
Qisqa savol-javobdan so‘ng ma’lumot berishda davom etiladi.
O‘qituvchi: – 7 yoshida favqulodda iqtidori bilan ajralib turgan bo‘lib, Buxoriy hazratlarining 6000dan ortiq hadisi sha­rifni yod olgan.
Ushbu yoshda u she’riyatga qiziqib, g‘azallar yoza boshlagan va o‘z davri­ning yuksak ma’rifatli bolasi sifatida tanilgan.
Fikrlar umumlashtirilib, bolalarga yakuniy savol beri­ladi.
O‘qituvchi: – Xo‘sh o‘quvchilar, bobomiz 7 yoshida nimalarni bilgan ekan?
O‘quvchilarning javoblari tinglanib, keyingi siymoga o‘tiladi.
Bobur haqida
O‘qituvchi: – Zahiriddin Muhammad ibn Umarshayx Mirzo Andijonda tug‘ilgan. Amir Temurning be­shinchi avlodi, Fargʻona hukmdori Umarshayxning farzandi. Bobur 12 yoshda taxtga chiqadi. Uch asrdan ortiq davom etgan boburiylar saltanatiga asos solgan.
U saroy muhitida tarbiya topib, maxsus ustozlar qo‘lida harbiy ta’lim, fiqh, arab va fors tillarini o‘rgana boshlagan hamda tarixiy-adabiy asarlarni mutolaa qilgan. Bu yoshda u jasurligi va dovyurakligi uchun «sher»(Bobur) laqabini olgan edi. U yoshligidan ilm-fan va she’riyatga qiziqqan.
Ma’lumotlar berilib, o‘quvchilar­ning faol ishtirokidan so‘ng xulosa qilinadi.
O‘qituvchi: – Jajji bolajonlarim, Navoiy va Bobur ham buyuk degan nomga ega bo‘lishdan oldin kichik bola bo‘lgan. Xuddi siz kabi. Ilmga muhabbat bu shaxs­larni oliy maqomga olib chiqdi. Siz ham ulardan o‘rnak oling va har kuni yangi narsalarni o‘rganing. Buyuk kelajagingizga hozirdan qadam qo‘ying!

Murod XONAYEV,
Parkent tumanidagi
Qizil tog‘ qo‘rg‘oni
56- maktabning
boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

Fikr bildirish