AYOL – HAYOT VA  MUHABBAT TIMSOLI

AYOL – HAYOT VA MUHABBAT TIMSOLI

AYOL – HAYOT VA MUHABBAT TIMSOLI

Xona bayramona bezatilgan. Gullar, sharlar ilingan. Katta harflar bilan sahna devoriga «Ayol – hayot va muhabbat timsoli» deb yozilgan. O‘quvchilar chiroyli kiyingan. «Sen baribir muqaddassan ayol» qo‘shig‘i bilan sahnaga ishtirokchilar kirib keladilar.
1- boshlovchi:
Assalom ey lola yuzli,
Dilrabolar assalom.
Yuzi gul, sochi sunbul,
Maxluqolar assalom.
Mustaqil yurt gul g‘unchasin,
Oq yuvib oppoq tarab.
Tun-u kun parvona bo‘lgan,
Onajonlar assalom.
2- boshlovchi: – Assalomu alaykum, munis onajonlar, go‘zal va lobar qizlar. Mana, o‘lkamizga bahor fasli kirib keldi. Ushbu go‘zal faslning eng nafis bayrami 8- mart xotin-qizlar bayramidir. Siz mo‘tabar va aziz onajonlarimizni, bahor kabi go‘zal munis ayollarimizni qutlug‘ bayram bilan muborakbod ­etamiz. Sizlarga baxt saodat, har bir ishingizda doimiy yutuqlar va yuzingizga shirin tabassum ila go‘zallik tilab qolamiz.
1- boshlovchi: – Bugun shu bayram munosabati bilan 1- «V» sinf o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan bayram kecha­mizni e’tiboringizga havola etamiz. Marhamat, tomosha qiling.

image description

2- boshlovchi:
Ayol – bu ona, ayol – bu hayot,
Mehr bilan to‘ldirgan butun koinot.
U bor joyda nur bor, baxt bor, sabr bor,
Ayol bor joyda hamisha bahor bor.
Qizlar ijrosida «Bahor valsi».
1- boshlovchi: – Aziz ayollar! Siz hayotimiz bezagi, oilamiz tayanchi, jamiyatimiz faxrisiz.
2- boshlovchi: – Ona – bu bir so‘z bilan ayganda, butun bir olam.
Ona – farzand uchun eng buyuk ustoz, eng mehribon do‘st.
O‘quvchi: – Onajon sizning duongiz bilan yo‘lim yorug‘, mehringiz bilan qalbim doimo to‘liq. Siz bor ekansiz, dunyo chiroyli. Onajon, siz – hayotimning eng buyuk boyligi.
Sahna ko‘rinishi: «Onamning vaqti».
4–5 daqiqa/ishtirokchilar: 4 nafar bola.
Sahna bezagi: stul, soat rasmi(yoki soat shakli)/yumshoq, sokin musiqa fonida.
1- bola (soatga qarab): – Onamning vaqti juda qiziq…
2- bola: – Nega?
1- bola: – Chunki u hech qachon o‘zi uchun vaqt topmaydi.
3- bola: – Ertalab – biz uchun,
Kunduzi – ish uchun,
Kechasi – yana biz uchun…
4- bola: – Onam qachon dam oladi?
(Sukut, sokin lahza)
2- bola(sekin): – Balki… biz uxlaganda?
1- bola: – Onam charchaganini aytmaydi.
3- bola: – Lekin ko‘zlari aytib turadi…
4- bola (oldinga chiqib): – Biz ba’zan sezmaymiz…
– Lekin onamiz har kuni biz uchun o‘z vaqtini beradi.
Barchasi navbat bilan:
– Biz kulaylik deb…
– Biz sog‘ bo‘laylik deb…
– Biz baxtli bo‘laylik deb…
Yakuniy qism.
(Bolalar bir qadam oldinga chiqadi)
Barchasi birga:
Aziz onajonlar!
Siz bergan vaqt – eng qimmat sovg‘a!
Biz sizni juda yaxshi ko‘ramiz!
Fon musiqasi balandroq bo‘ladi.
O‘quvchi:
– Ayol – sabr, ayol – iffat, ayol – or,
U bor joyda porlaydi hayot, bahor.
Qo‘lida beshik, yuragida olam,
Kelajak poydevori – ayol va onam.
Ona so‘zi – eng muqaddas, eng sof kalom,
U bor uyda baraka, tinchlik, ehtirom.
Ayolga ta’zimdir bu ezgu bayram,
8- mart muborak bo‘lsin, aziz Onam!
Qizlar ijrosida raqs.
O‘quvchi: – Husn-u malohatning tengsiz timsoli,
Farzand baxtin ko‘rish o‘y-u xayoli.
Farishtaga o‘rnak oydek jamoli,
Aziz, mukkaramsan – o‘zbek ayoli.
O‘quvchi: – Sen uchun farzandning baxti bo‘lsa bas,
O‘tkinchi dunyoni qilmaysan havas.
Har kiygan libosing malaklarga xos,
Muqaddas, azizsan – o‘zbek ayoli.
O‘quvchi: – Sen uchun boshimiz egikdir mudom,
Sen uchun yurakda, dilda ehtirom.
Noming aytsam, jaranglar bir nom,
Aziz va munissan – o‘zbek ayoli.
O‘g‘il bolalar ijrosida raqs.
1- boshlovchi: – Har bir insonni ona voyaga yetkazadi. Buyuk insonlarning muvaffaqiyatida onaning o‘rni beqiyos. G‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiyning onasi haqidagi she’rni O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov talqinida eshitamiz.
O‘quvchi: – Alisherning onasi,
Bilmam, qanday ayol bo‘lgan,
Alisherning onasi.
Balki uning aqliga ham,
Lol qolgan zamonasi.
Balki uning ko‘zlarida,
Bo‘lgan og‘ir bir xayol.
Balki g‘amgin bir zotdir u,
Balki sho‘xchan bir ayol.
Balki buyuk farzandiga,
Terib kelgan chechaklar.
Balki tunlar unga bedor,
Aytib bergan ertaklar.
Mayliga, u kim bo‘lmasin,
Yolg‘iz bir so‘z ma’nosi:
Alisherning onasi u,
Navoiyning onasi.
Onalar ishtirokida qiziqarli o‘yin: «Mehr to‘lqini».
5–7 daqiqa/ ishtirokchilar: zalda o‘tirgan barcha onalar(bolalar bilan).
Qoidasi:
1. O‘qituvchi: – Aziz onajonlar, iltimos, bolalaringiz bilan yonma-yon turing va ular bilan birga bajaring.
2. O‘qituvchi:
• Agar farzandingizni yaxshi ko‘rsangiz – qo‘lingizni ko‘ta­ring.
• Agar farzandingiz bilan faxrlansangiz – bir-biringizga qarab tabassum qiling.
• Agar bugun baxtli bo‘lsangiz – qarsak chaling.
• Agar onalik eng katta baxt deb bilsangiz – bolangizni quchoqlang.
Orada mayin musiqa yangraydi.

Yakuniy qism.
O‘qituvchi: – Mana shu quchoqlar – dunyodagi eng kuchli mehr to‘lqini!
Aziz onajonlar, sizlar bor ekan, dunyo munavvar.
Onalar haqida 10 hikmat.
• Farzand uchun ona og‘ushidan yaxshiroq, yoqimliroq va sevimliroq joy yoq.
• Dunyoda hech bir gul onaning bolaga qilgan tabassu­midan chiroyli emas.
• Onaning bir qo‘li beshikni, ikkinchi qo‘li dunyoni tebratadi.
• Sharaf tojini istama, onang roziligini izla.
• Ona – quyosh, uning mehr tafti hech qachon sovutmaydi.
(Onalar haqida qo‘shiq «Bu mening onam»).
1- boshlovchi: – Onalarni qancha e’zozlasak, shuncha oz.
2- boshlovchi: – Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz va mehribon buvijonlar, onajonlar hamda opa-singillarim! Baxtimizga hamisha sog‘-omon bo‘ling, chehrangizdan quvonch, yuzingizdan doimo tabassum, mehr to‘la ko‘zlaringizdan baxt, shodlik yog‘ilib tursin.
Aziz onalar va opa-singillar bugungi 8- martga atalgan kechamiz ham o‘z nihoyasiga yetdi. E’tiboringiz uchun rahmat!
Tadbir yakuni: «Mehrli yuraklar».
• Har bir bola oldindan tayyorlangan yurakchani onasiga beradi.
• Yurakchada bitta jumla yozilgan bo‘ladi:
«Onajon, siz men uchun eng qadrli insonsiz».
Orqa fonda sokin musiqa.
Yakuniy so‘z bolalarga, hamma birgalikda:
«Bizning yuragimiz siz bilan birga uradi».

Dilnoza QAMBAROVA,
Parkent tumanidagi 55- maktabning
boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

Fikr bildirish