“GIMNASTIKAGA ILK QADAM” MUSOBAQASI G‘OLIBLARI ANIQLANDI
Joriy yilning 10-iyul kuni Oksana Chusovitina nomidagi gimnastikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabida maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Gimnastikaga ilk qadam” musobaqasining respublika bosqichi yakunlandi.

Mazkur musobaqa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining gimnastika sport turlarini rivojlantirishga qaratilgan qaror va farmonlari ijrosini ta’minlash, shuningdek, maktabgacha yoshdagi bolalar o‘rtasida gimnastika sport turini ommalashtirish maqsadida tashkil etildi.
Musobaqaning tuman (shahar) bosqichlarida 6 366 nafar tarbiyalanuvchi ishtirok etdi. Shundan 2 066 nafari o‘g‘il, 4 300 nafari qiz bolalarni tashkil etdi. Saralash bosqichlari yakunida 28 nafar (14 nafar o‘g‘il va 14 nafar qiz) eng iqtidorli tarbiyalanuvchi respublika finaliga yo‘llanma oldi.
Final bahslari gimnastika bo‘yicha milliy va xalqaro toifadagi hakamlar tomonidan 20 ballik baholash mezoni asosida baholandi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, g‘oliblar quyidagicha aniqlandi:
O‘g‘il bolalar:
🥇 1-o‘rin – Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz shahri 1-sonli DMTT tarbiyalanuvchisi Ergashev Azizjon Baxtiyor o‘g‘li.
🥈 2-o‘rin – Xorazm viloyati, Yangibozor tumani 13-sonli DMTT tarbiyalanuvchisi Olimbayev Shoxjahon G‘afurjon o‘g‘li.
🥉 3-o‘rin – Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston tumani 11-sonli DMTT tarbiyalanuvchisi Musurmonqulov Rahmatulla Ravshanbek o‘g‘li.

Qiz bolalar:
🥇 1-o‘rin – Buxoro viloyati, Kogon shahri 18-sonli DMTT tarbiyalanuvchisi Kambarova Mariyambegim Kambarovna.
🥈 2-o‘rin – Jizzax viloyati, Jizzax shahri 12-sonli DMTT tarbiyalanuvchisi Ruzimuratova Nigina Davron qizi.
🥉 3-o‘rin – Xorazm viloyati, Urganch shahri 1-sonli DMTT tarbiyalanuvchisi Qobilova Feliz Shamshod qizi.

Musobaqa g‘oliblari Oksana Chusovitina nomidagi gimnastikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabining 1-sinfiga kirish imtihonlarisiz qabul qilinish huquqini beruvchi yo‘llanma bilan taqdirlandilar.
Yosh sportchilarni ushbu yutuqlari bilan samimiy tabriklaymiz va ularga kelgusidagi musobaqalarda yanada ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.
