O‘ZBEKISTON VA AQSH: STRATEGIK HAMKORLIK VA INVESTITSIYALAR UCHUN YANGI ISTIQBOLLAR
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining ikkinchi yig‘ilishi ochilishida ishtirok etdi.

Tadbirda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio, AQSH Prezidentining maxsus vakili Serjio Gor, shuningdek, Amerikaning yetakchi kompaniyalari va banklari vakillari qatnashdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, mamlakatimiz iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish hamda zamonaviy texnologiyalarni keng joriy qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Davlatimiz rahbari sanoatni rivojlantirish va zamonaviy infratuzilmani barpo etish jarayonida investitsiyalarni jalb qilish ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirish, bilim va tajriba almashish bilan uyg‘un holda olib borilishi muhimligini ta’kidladi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda Amerika sarmoyasi ishtirokidagi yuzlab kompaniyalar faoliyat yuritmoqda. Sanoat, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va yangi texnologiyalar sohalarida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, O‘zbekiston kompaniyalari ham AQSH iqtisodiyotiga sarmoya kiritishni boshlagani o‘zaro manfaatli sheriklikning yangi bosqichini namoyon etmoqda.

Hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari sifatida muhim minerallarni o‘zlashtirish va chuqur qayta ishlash, yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarish, zamonaviy va barqaror energetika tizimini rivojlantirish, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini tashkil etish kabi vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va davlat boshqaruviga sun’iy intellekt hamda raqamli yechimlarni joriy etish, ta’lim sohasidagi aloqalarni kengaytirish va malakali kadrlar tayyorlash borasidagi hamkorlikni mustahkamlash istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.
Yig‘ilishning muhim natijasi — umumiy qiymati qariyb 12 milliard dollarga teng bo‘lgan 54 ta kelishuv va istiqbolli tashabbusdan iborat yirik loyihalar to‘plamining shakllantirilgani bo‘ldi. Ushbu tashabbuslarni samarali amalga oshirish uchun kompleks harakatlar dasturi ishlab chiqiladi.
Mazkur yig‘ilish O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida zamonaviy texnologiyalarni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
