MAKTAB VA TEXNIKUMLARDA NEMIS TILIDAN DARS BERIŞ UÇUN XORIJDAN 500 NAFAR “TIL EGASI” OLIB KELINADI
Özbekistonda xorijiy tillarni öqitişga çet ellik mutaxassislarni jalb qiliş amaliyoti kengaytiriladi. Endilikda maktab va texnikumlarda nemis tilidan dars beriş uçun 500 nafar “til egasi” taklif etiladi. Bu haqda Prezident Şavkat Mirziyoyev bugun, 2-noyabr kuni mehnat migratsiyasi masalalariga bağişlangan yiğilişda ma’lum qildi.
Ma’lumki, Özbekistonda ta’lim muassasalariga xorijlik pedagoglarni “til egalari” sifatida jalb qiliş amaliyoti 2023-yildan boşlangan. Dastlab ingliz, nemis va fransuz tillaridan dars beriş uçun 500 nafardan ziyod xorijlik pedagog jalb qilingan.
Maktabgaça va maktab ta’limi vazirligining 2026-yil 26-maydagi 184-sonli buyruğiga muvofiq, 2026–2027-öquv yilida maktablardagi xorijlik çet tili öqituvçilari sonini 2 ming nafarga yetkaziş rejalaştirilgan. Hujjatda xorijiy mutaxassislarga qöyiladigan malaka talablari, ularni tanlab oliş tartibi va faoliyatini muvofiqlaştiriş masalalari ham belgilangan.
Xorijlik pedagoglarning mehnatiga haq tölaşda asosan ularning iş staji va malaka tajribasi hisobga olinmoqda. Şuningdek, ularning turar joy bilan boğliq xarajatlarini mahalliy budjet mablağlari hisobidan qoplaş nazarda tutilgan.
Endilikda kelasi yildan maktab va texnikumlarda nemis tilidan dars beriş uçun 500 nafar til egasini jalb qiliş topşirildi. Bundan taşqari, oliy ta’lim muassasalarida nemis tili öqituvçilarini tayyorlaş böyiça davlat buyurtmasini kelasi öquv yilidan boşlab ikki baravar oşiriş vazifasi qöyildi.
“Yoşlarga ingliz tilini qanday örgatayotgan bölsak, nemis tili böyiça ham şunday yondaşuv kerak”, — dedi davlat rahbari.
Yiğilişda mehnat migratsiyasiga tayyorlaş bilan bir qatorda, mamlakat içida xorijiy iş beruvçilar talablariga javob beradigan mutaxassislarni tayyorlaş masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Qayd etilişiça, Germaniya, Yaponiya va Janubiy Koreyaning yirik kompaniyalari özlariga zarur mutaxassislarni Özbekiston texnikumlarida tayyorlaşga qiziqiş bildirmoqda.
Xorijiy kompaniyalar buning uçun öquv dasturlarini işlab çiqiş va ta’lim muassasalarini zarur jihozlar bilan ta’minlaşga ham sarmoya kiritişga tayyor.
Şu munosabat bilan Prezident bir oy muddatda 20 ta texnikumni tanlab oliş va kelgusi yildan boşlab ularni xorijlik iş beruvçilar talablari asosida kadrlar tayyorlaşga moslaştirişni topşirdi.
