HAYVONLARGA ATAB QO‘YILGAN NOMLAR IMLOSI
(2- sinf)
Darsning maqsadlari:
ta’limiy: o‘quvchilarga uy hayvonlariga atab qo‘yilgan nomlarning bosh harf bilan yozilishini amaliy mashg‘ulotlar bilan tushuntirish, nutqini kengaytirib borishga o‘rgatish;
tarbiyaviy: o‘quvchilarga hayvonlar ham tabiatning bir bo‘lagi ekanini uqtirish, uy va qo‘lga o‘rgatilgan hayvonlar parvarishi haqidagi bilimlarini boyitish;
rivojlantiruvchi: interaktiv usullar yordamida o‘quvchilarning ijodiy tafakkurini rivojlantirish, mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini hosil qilishga undash.
Dars turi: yangi bilim beruvchi.
Dars jihozi: darslik, elektron doska, uy va yovvoyi hayvonlar niqoblari, ko‘rgazmali va tarqatma materiallar.
Darsning borishi.
I. Tashkiliy qism.
Salomlashishdan so‘ng navbatchi axboroti tinglanadi. Yangi mavzuni boshlashdan oldin hayvonlar insonlar va o‘simliklar kabi tabiatning bir bo‘lagi ekanligi, ularga ham parvarish kerakligi tushuntirib o‘tiladi.
O‘qituvchi: – Bugungi darsimizda «Hayvonlarga atab qo‘yilgan nomlar imlosi» mavzusini noan’anaviy tarzda olib boramiz.
Bolajonlar, hayvonot olamini juda yaxshi ko‘rasizlar, shundaymi? Ularga nom berish, ularning o‘ziga xos xususiyatlarini muhokama qilish sizlar uchun doim qiziqarli bo‘lib kelgan. Bugungi dars jarayonida bergan nomlaringizning yozilish imlosini o‘rganib olasiz. Qani darsga tayyormizmi?
O‘quvchilar: – Ha albatta.
O‘qituvchi: – Aytinglarchi, «Sholg‘om» ertagida qanday uy hayvonlari bor edi?
O‘quvchilar: Kuchuk, mushuk, sichqon.
O‘qituvchi: – Barakalla. O‘sha uy hayvonlarga doim g‘amxo‘rlik qilamiz.
II. Asosiy qism.
Hayvon nomlari doim bosh harf bilan yoziladi.
Imlo qoidalariga ko‘ra, hayvonlarga atab qo‘yilgan nomlar inson ismlari kabi bosh harf bilan yozilishi shart.
To‘g‘ri: Olapar dalada yugurib yuribdi.
Noto‘g‘ri: olapar dalada yugurib yuribdi.
To‘g‘ri: Qashqa sigirimiz buzoq tug‘di.
Noto‘g‘ri: qashqa sigirimiz buzoq tug‘di.
Hayvonlarga atab qo‘yilgan nomlar boshqa umumiy otlardan farqlanadi.
Oddiy hayvon nomlari(sigir, ot, mushuk, it, quyon) umumiy ot hisoblanadi. Lekin ularning shaxsiy nomlari bosh harf bilan yozilishi kerak.
To‘g‘ri: Olapar bizning kuchugimiz.
Noto‘g‘ri: olapar bizning kuchugimiz.
To‘g‘ri: Qashqa bugun yaxshi sut berdi.
Noto‘g‘ri: qashqa bugun yaxshi sut berdi.
Darslik bilan ishlash.
1- mashq. Uy va yovvoyi hayvonlarning nomlarini ajratish.
(Kreativ metod: «Hayvonlar dunyosiga sayohat» o‘yini)

Tashkil etish: bu mashq o‘quvchilarning hayvonlarni tasniflash ko‘nikmasini rivojlantirishga yordam beradi. Mashq davomida uy va yovvoyi hayvonlarni ajratish, ularning yashash joylari va xususiyatlarini tushuntirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
O‘yin qoidalari:
1. O‘quvchilar doskadagi yoki plakatdagi rasmni ko‘rib, hayvonlarni ikkiga ajratishlari kerak.
2. Har bir o‘quvchi o‘ziga berilgan hayvon nomini o‘qib, uni mos bo‘lgan qismga yopishtiradi yoki joylashtiradi:
Uy hayvonlari – ferma tomoniga.
Yovvoyi hayvonlar – o‘rmon tomoniga.
3. O‘quvchilarga har bir hayvon haqida kichik tavsif berish topshiriladi:
1. «Bu hayvon qayerda yashaydi?».
2. «Bu hayvon odamlar tomonidan boqiladimi yoki yovvoyi tabiatda yashaydimi?».
3. «Bu hayvon odamlarga qanday foyda keltiradi?».
Hayvonlarni ajratish bo‘yicha javoblar:
Uy hayvonlari: Yovvoyi hayvonlar:
It Fil
Ot Sher
Sigir Bo‘ri
Qo‘y Qoplon
Kurka Burgut
Ushbu mashq o‘quvchilarning darsga bo‘lgan qiziqishini oshirish bilan birga, o‘rganilgan bilimlarni hayotda qo‘llash imkoniyatini ham beradi.
2-mashq: Matndan hayvonlarga atab qo‘yilgan nomlarni topish.
(Kreativ metod: «Izlanuvchi o‘quvchi»).
Tashkil etish: bu mashq orqali o‘quvchilar matndan hayvonlarga atab qo‘yilgan nomlarni aniqlash, ularning imlo qoidalariga rioya qilish va ularga oid gaplarni yozib olish ko‘nikmasini shakllantiradilar. Ushbu metod o‘quvchilarning matn ustida ishlash, tanqidiy fikrlash va mustaqil tahlil qilish qobiliyatini rivojlantirishga yordam beradi.
Javoblar:
Matnda uchragan hayvon nomlari:
Govmish
Qoraxol
Matndan ajratib yoziladigan gaplar:
Govmish sigirim tug‘di.
Men unga Qoraxol deb nom qo‘ydim.
Muhokama qilish uchun savollar:
Nima uchun sigir Govmish deb nomlangan?
Nima sababdan buzoqqa Qoraxol deb nom berilgan?
Siz o‘z hayvoningizga qanday nom qo‘yardingiz? Nima uchun?
3- mashq: rasmdagi hayvonlarga nom qo‘yish va ular haqida gap tuzish.
(Kreativ metod: «Ijodiy yozuvchilar» o‘yini)
Tashkil etish: bu mashq o‘quvchilarning kuzatuvchanligini, ijodiy fikrlashini va tasviriy tafakkurini rivojlantirishga qaratilgan. O‘quvchilar hayvonlarning tashqi ko‘rinishi va xatti-harakatlarini kuzatib, ularga mos nom qo‘yish va bu nomni izohlash vazifasini bajaradilar.

O‘yin qoidalari:
O‘quvchilar har bir hayvonga o‘zlari mos deb hisoblagan nomni qo‘yadilar.
Berilgan nomni nima uchun tanlaganliklarini tushuntiradilar.
Har bir o‘quvchi berilgan nom bilan hayvon haqida bitta gap tuzadi.
Eng qiziqarli va mantiqiy nomlar tanlab olinadi va doskaga yoziladi.
Hayvonlarga qo‘yilgan ehtimoliy nomlar va izohlari:
1. Uyquchi ayiq.
Nom: Uyqibek.
Izoh: Chunki ayiq choyshabga o‘ralib, shirin uyquga ketgan.
Gap: Uyqibek kun bo‘yi uxlab, faqat kechasi ovga chiqadi.
2. O‘z hovlisida yotgan kuchukcha.
Nom: Qo‘ng‘iroqcha.
Izoh: Chunki u har qanday shovqinga ingichka ovozda vovillab javob beradi.
Gap: Qo‘ng‘iroqchaning ovozi hammamizni uyg‘otdi.
3. Daraxt shoxida sakrayotgan maymun.
Nom: Chayqalchi.
Izoh: Chunki u doimo daraxtlar orasida sakrab yuradi.
Gap: Chayqalchi shoxdan shoxga sakrab, shirin mevalarni terib yeydi.
III. Mustahkamlash.
Rasm asosida so‘z boyligini oshirish – hayvonlarning tashqi ko‘rinishiga qarab ularga mos nom berish.
(Kreativ metod: «Tasviriy tafakkur ustalari»)
Tashkil etish: bu mashq o‘quvchilarning kuzatuvchanligi, so‘z boyligini oshirish, tasviriy tafakkurini rivojlantirish va ijodiy fikrlashini kuchaytirish uchun mo‘ljallangan. O‘quvchilar hayvonlarning tashqi ko‘rinishi, ranglari va xatti-harakatlariga qarab ularga mos nom berish orqali so‘z boyligini kengaytiradilar.
O‘yin qoidalari:
1. O‘quvchilarga turli hayvonlarning rasmlari ko‘rsatiladi.
2. Har bir hayvonning tashqi ko‘rinishi, rangi, kattaligi va harakati muhokama qilinadi.
3. O‘quvchilardan rasmdagi hayvonlarga mos nom berish so‘raladi.
4. Ular tanlagan nomni tushuntirib berishadi:
«Nega aynan shu nomni tanladingiz?».
«Bu hayvon qanday harakat qiladi?».
«Bu nom hayvonning qaysi xususiyatini ifodalaydi?».
O‘quvchilar hayvonlar uchun asosiy belgilarga ko‘ra mos nomlar tanlaydilar va bu nomlarni mantiqiy asoslashadi.

IV. Uyga vazifa:
O‘qituvchi: – Sizga qaysi uy hayvonlari yoqadi? Ularni qanday nomlagan bo‘lardingiz?
U haqida kichik hikoya yozing.
Qunduz TOKIMBETOVA,
Ellikqal’a tumanidagi 21- maktabning
boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.