Qorni kim kuragan?

O‘qish

(4- sinf)

Maqsadlar:

ta’limiy:  Mahmud Murodovning “Qorni kim kuragan?” hikoyasini o‘qish,  matni ustida ishlash,  o‘quvchilarning lug‘at  boyligini oshirish;

tarbiyaviy:  tabiatga muhabbat hislarini tarbiyalash, ekologik tarbiya berish. Guruh ishida do‘stlik, o‘zaro  hurmat hislarini tarbiyalash;

rivojlantiruvchi: erkin fikrlash ko‘nikmasi, og‘zaki nutq, lug‘at ustida ishlash malakalarini rivojlantirish.

Dars turi: yangi bilim beruvchi.

Dars metodi: suhbat, tushuntirish, savol-javob, hikoya qilish, o‘yin.

Dars jihozi: darslik, rasmlar, mavzuga doir plakat, tarqatmalar, sonli alifbo.

Darsning borishi

  1. Tashkiliy qism
  2. salomlashish;
  3. navbatchi axborotini tinglash;
  4. o‘quvchilarni darsga tayyorlash, o‘quv qurollarini tekshirish.

Sana va hafta kunini so‘rash.

  • Barakalla, donolarim, hozirjavob a’lolarim,

Hozir o‘lkamizda qaysi fasl hukm surmoqda?

O‘quvchilar: – Hozir maza qish,

Qorlari – kumush.

Oq kiygan atrof,

Qish havosi sof.

– Qish faslida tabiatda bo‘ladigan o‘zgarishlarni ayting.

O‘quvchilarga uyda archa applikatsiyasini yasab kelish topshirig‘i berilgan edi. Qog‘ozga yopishtirilgan applikatsiyalarni ko‘rsatadilar. Berilgan rag‘bat kartochkalari bilan o‘quvchilar o‘z archalarini bezaydilar. Eng ko‘p rag‘bat to‘plagan o‘quvchilar darsning  faol o‘quvchilari deb topiladi.

– Bolajonlar, bugun sizlar bilan birgalikda Qorbobo qasriga mehmonga boramiz. Sayohatga chiqishimiz uchun bizga chana va bug‘ular kerak bo‘ladi. Qorbobo bizga o‘zining sehrli chanasi va uchqur bug‘ularini yuboribdi. Sayohat davomida tog‘lardan, o‘rmonlardan, daryolardan o‘tamiz. Turli to‘siqlarga duch kelasiz, bu to‘siqlardan o‘tish uchun bor bilimingizni ko‘rsating.

1- to‘siq: tog‘ yo‘llari.

– Tog‘ yo‘llari berkilgan ekan, undan o‘tish uchun tezkor savollarga javob berasiz.

Tezkor savollar:

  1. 2021- yilga qanday nom berildi?
  2. “Qish to‘zg‘itar momiq par” she’rining muallifi kim?
  3. Topishmoq javobini toping: yozda ham, qishda ham bir xil kiyimda.
  4. Maqolni davom ettiring: Qish g‘amini… .
  5. “Qor odamning sovg‘asi” hikoyasining muallifi kim?
  6. Qadimda qorlar qanday ranglarda bo‘lgan ekan?
  7. “Qish to‘zg‘itar momiq par” she’rida qor yog‘ishi nimaga o‘xshatiladi?
  8. Hozir qaysi bo‘limni o‘rganyapmiz?
  9. Qish fasli oylarining inglizcha nomlanishini ayting.
  10. Qaysi bayramni nishonladik?
  11. Qishki bayramlarni sanab bering.
  12. Bilim haqida maqol ayting.
  13. Kim o‘rmonga tabiblikka saylanadi? Bu qaysi ertak?
  14. “Baqa bilan taqa” ertagining muallifi kim?
  15. Laqma it kimlardan yordam so‘raydi?
  16. Bo‘rining huzuriga kimlar keladi?
  17. Qor odam bolalarga nima sovg‘a qilib qoldirdi?
  18. Qishki o‘yinlarni ayting.

O‘quvchilar rag‘batlantirib boriladi.

– Mana, tog‘ to‘siqlaridan o‘tib oldik, yo‘limizda davom etamiz.

2- to‘siq: O‘rmon yo‘llari.

– O‘quvchilar, o‘rmonga boradigan yo‘l berk ekan. Bu yo‘l ochilishi uchun o‘tgan darsimizdagi “Qish” she’rini takrorlaymiz.

I. O‘tilgan mavzu:

Guruhlarga topshiriq:

1- guruh: “Davom ettir” o‘yini orqali she’rni yoddan aytish.

2- guruh: “Topib o‘qi” mashqi orqali she’rni topib o‘qish.

3- guruh: Qish tasvirini ifodalovchi misralar mazmunini o‘z so‘zlari bilan ifodalash.

“Topib o‘qi” mashqi

  • So‘qmoqlarning beqasamga o‘xshashi;
  • Paxmoq sochini tarashi;
  • Quyonning po‘stin tikishi;
  • Ovchining mo‘ralashi;
  • Ayiqning g‘orga yo‘l olishi;
  • Eman bargining serhashamligi;
  • Archalarning quloch yozishi;
  • Qorning bo‘ralashi.

3- to‘siq: yalmogiz kampir uychasi.

O‘rmon yo‘lidan ham o‘tib oldik. Bu yerda yalmog‘iz kampirning uychasi bor ekan, u yerdan o‘tish uchun misollarni yechib, unda yashiringan harflarni topishingiz kerak. Yangi mavzuning sarlavhasi aniqlanadi.

“Sonli alifbo” o‘yini

II. Yangi mavzu. Mahmud Murodovning “Qorni kim kuragan?” hikoyasi ifodali o‘qib beriladi, mazmuni tushuntiriladi.

Qorni kim kuragan?

(Mahmud Murodov)

            Tuni bilan qor yog‘ib chiqdi. Qor bo‘lganida ham, qanaqasi deng, hammayoqqa qalin, oppoq to‘shak to‘shab qo‘yilganga o‘xshaydi. Usti xuddi yangi yil archasining yaltiroqlari sepilganday jimir-jimir qiladi, ko‘zni qamashtiradi.

Qodirjon uydan chiqdi-yu, paltosining yoqasini ko‘tarib, papkani qo‘ltiqqa oldi. Odamlarning izi tushgan yerlarga qadam qo‘yib, maktabga yo‘l oldi.

Nariroqda greyder qorlarni ko‘cha chetiga surib borar, ba’zilar o‘z yo‘llarini kurashardi. Bir chumchuq beholgina chirqillab, novdadan novdaga o‘tar, aftidan u don topolmaganidan nola qilardi. Baland terakka qora mevadek yopishib olgan qarg‘alar olamni buzgudek bo‘lib qag‘illashardi.

Qodirjon shularni tomosha qilib maktabga yetib keldi.

Katta hovli gavjum edi. Bolalar hovlining gir atrofidagi yo‘laklarni kurashardi. Qodirjonlarning o‘rtoqlari ham o‘z sinflari oldini kurashayotgan ekan. Qodirjon ularga yaqinlashdi-da, tomoshabin bo‘lib turdi.

– Ha, Qodirjon, qor kurashni sira ko‘rmaganmisan,  – dedi Sattor degan qitmirroq bola.

– Ko‘rganman.

– Bo‘lmasa nega kuramaysan? Endi tayyor yo‘ldan yurasan-a?

Qodirjon bir Sattorga, bir boshqa bolalarga qaradida, sinfga qori kuralmagan yerdan qadamlay ketdi. Latif Sattorga bir nima dedi. Keyin Qodirjonga qaradi.

– Hoy, Qodirjon, Sattor hazil qilyapti, yo‘lakdan yur, sinfni qor qilasan. Axir bir o‘zimiz uchun emas, yo‘lni hammaning yurishi uchun kuraganmiz, – dedi.

Oradan uch-to‘rt kun o‘tdi. yana qalin qor yog‘di. Bolalar kelishsa, sinflari oldidagi yo‘lak top-toza kurab qo‘yilibdi.

– Kim kuradi ekan? – hayron bo‘ldi Sattor.

– Bizni kichkina deb, maktab qorovuli kuragan bo‘lsa kerak, – dedi Anvar.

Keyin sinfga kirishdi. Kirishlari bilanoq “Salom” degan so‘z eshitildi. Sinfda yolg‘izgina Qodirjon o‘tirardi.

 

Lug‘at ishi:

Greyder – yer qazuvchi mashina

Beholgina – holsiz

Gavjum – to‘la

Kuragan – kovlagan

Hikoya yuzasidan savol-javob o‘tkazish.

  1. Qodirjon qayerga yo‘l oldi?
  2. U yo‘lda nimalarni tomosha qilib ketdi?
  3. O‘rtoqlari nima qilayotgan edi?
  4. Sattor unga nima dedi?
  5. Keyingi qor yoqqanda, sizningcha, qorlarni kim kuragan?
  6. Hikoyadan qanday xulosa chiqardingiz?

III. Darsni mustahkamlash. Hikoya matni o‘quvchilarga qayta og‘zaki hikoya qildiriladi.

O‘quvchilar rag‘batlantirib boriladi.

 4- to‘siq: daryo.

– Yo‘limizda katta daryo bor. Daryo ko‘prigidan o‘tish uchun topishmoqlarga javob berishingiz lozim.

  1. Oppoqqina dasturxon,

Yer yuzini qoplagan.  (Qor)

  1. O‘tda yonmaydi,

Suvda botmaydi. (Muz)

  1. Qo‘lsiz, oyoqsiz gul soladi. (Sovuq, deraza qirovi)
  2. Sutdan tiniq, paxtadan oq. (Qor)
  3. Shatir-shutur etadi,

Yerni cho‘qib ketadi. (Yomg‘ir)

  1. Osmondan par tushadi,

Par emas, zar tushadi. (Qor parchasi)

7. Ayozbobo novvot sotdi,

Olgan edim qo‘lim qotdi. (Muz)

– Mana, bolajonlar, Qorboboning qasriga bilimingiz, birgalikda qilgan harakatingiz uchun yetib keldingiz. Doimo hamjihat bo‘lib harakat qilishingiz, bilimingizni boyitib borishingiz lozim.

 IV. Darsga yakun yasash va baholash.

– O‘quvchilar, sizga bugungi dars yoqdimi? Endi archa o‘yinchoqlaringizni sanang. G‘olib o‘quvchiga Qorboboning sovg‘asi bor.

V. Uyga vazifa: hikoya mazmunini so‘zlab berishga tayyorlanib kelish, matn mazmuniga mos rasm chizish. Darsni yakunlash.

                                                                                                          Nilufar Omanbayeva,

Xorazm viloyati Gurlan tumanidagi

41- umumta’lim maktabining

boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

 

Fikr bildirish