“PREZIDENT PARTASI” metodi

“PREZIDENT PARTASI” metodi

Maqsadi: o‘quvchilarni faollikka undash, og‘zaki va yozma nutqini rivojlantirish, davomat, chiroyli yozuv, hisoblash malakalarini oshirishga qaratilgan.

Sharti: o‘quvchilar hafta davomida barcha fanlardan a’lo o‘qigan, uyga berilgan vazifalarni a’lo bajargan, haftalik davomati to‘liq bo‘lgan o‘quvchilarning kundalikdagi baholari sanaladi. 1 hafda ichida eng ko‘p «5» baho sohibi aniqlanadi. Shu o‘quvchi haftaning «Prezident partasi» sohibi bo‘ladi. Bu metodni o‘zim kashf qilganman va darslarimda o‘quvchilar “Prezident partasi” sohibi bo‘lishi uchun juda yaxshi natija ko‘rsatishgan.

 

«BESH TOSH» metodi

 

Maqsadi: o‘quvchilarning nutqini rivojlantirish, darsning samarali bo‘lishi, tez fikrlashga o‘rgatish.

Kerakli jihoz: toshchalar.

O‘yinning borishi: o‘qituvchi o‘quvchilar bilan tanaffusda hovlidan 5tadan toshchalar  terib kiradi yoki uydan olib kelishni aytadi.

Sharti: har bir o‘quvchi olib kirgan toshlarini partaga qo‘yadi. 1ta toshga 1ta matematik qoida, formula yoki misollar yechib ko‘rsatib berish kerak.

O‘yinni jamoada yoki yakka o‘tkazish mumkin. Jamoa bo‘lib o‘ynaganda har bitta to‘g‘ri javob berilgan toshlar qutiga solib yig‘iladi va oxirida sanaladi. Qutisida tosh ko‘p bo‘lgan jamoa g‘olib bo‘ladi.

Bu metodni matematikadan boshqa fanlarda ham qo‘llash mumkin.

Masalan: 1- tanishuv darsida ham qo‘llasa bo‘ladi.

1- tosh-ismi

2- tosh- familiyasi

3- tosh-yoshi

4- tosh-qayerda turishi

5- tosh-kelajakda kim bo‘lmoqchiligi

 

«SINDIKAT» metodi

 

«SINDIKAT» yunoncha «birgalikda harakat qilish», «maslahatlashish» ma’nosini bildiradi. Metod o‘quv­chilarni mavzuni chuqur bilishga, muammoni turli yo‘llar bilan hal qilishga, fikrni qisqa va aniq bayon qilishga o‘rgatadi.

Sharti: o‘quvchilar guruhlarga bo‘linadi. O‘qituvchi yagona topshiriqni (asosan ko‘proq masalani) doskaga yozadi. Har bir guruh topshiriqni har xil usulda yecha­dilar.

Masalan:

Doskaga masala yozilgan. Yechish kerak.

1- guruh: matnli

2- guruh: rasmli

3- guruh: jadvalli usulda yechadi. Guruhlar masalani yechib bo‘lgach, har bir jamoa o‘zining ishini ko‘rsatib beradi. Bu yerda 1ta muammoni turli yo‘llar bilan yecha olish malakasi shakllanadi.

2- guruh rasmli,  1- guruh esa masalani matnli ko‘ri­nishda yechadi.

 

«O‘ZING TANLA – MENYU» metodi

 

Maqsadi: o‘quvchilarning tez fikrlashi, mustaqil qaror qabul qilishi va o‘z bilimiga baho bera olishini rivojlantiradi.

Vaqti: uy vazifani so‘rash yoki mavzuni mustahkamlash vaqtida o‘tkazish mumkin.

Sharti:  o‘qituvchi 1 varaq qog‘ozga tartib bilan mavzuga oid formula yoki misollar yozadi. Doskaga chiqqan  o‘quvchi varaqni oladi va o‘zi javob bera olishi mumkin bo‘lgan savolni tanlaydi. Javob berishga tayyorlanish uchun vaqt berilmaydi.

Bunda o‘quvchi o‘z bilimiga ishonib javob beradi. To‘g‘ri javob uchun o‘quvchi baholanadi.

 

«NOMERLASH» mavzusiga
oid didaktik o‘yinlar

«Poyezd tuzamiz» o‘yini

 

Maqsad: sonlarning o‘zidan oldingi songa 1ni qo‘shib, o‘zidan keyingi sondan 1ni ayirib hosil qilinishini tushuntirib, sonlar ketma-ketligini mustahkamlash.

Bajarilishi: o‘quvchilar doskaga ketma-ket chaqiriladi. 1- o‘quvchi «Men 1- vagonman» deydi, 2- o‘quvchi uning yelkasiga qo‘lini qoyadi va “men 2- vagonman, 1+1=2 bo‘ladi” deydi. 3-o‘quvchi “men 3- vagonman, 2+1=3 bo‘ladi” deb o‘yin davom ettiriladi. Vagonlar 10ta bo‘lgandan so‘ng  ayirish amali bajariladi. 10-1=9, 9-1=8… va  hokazo o‘quvchilar ayirish amalini aytib joylariga o‘tiradilar. 1- sinflar uchun juda qiziqarli.

«Qo‘shnilaringni top»
didaktik o‘yini

 

Didaktik topshiriq: birinchi o‘nlikda son bilan raqamning bir-biriga moslashuvi haqidagi tushunchani mustahkamlash.

O‘yin topshirig‘i: tavsiya etilgan raqamlardan keraklisini topish va uni son qatorida o‘z o‘rniga qo‘yish.

O‘yinning borishi: o‘qituvchi (keyinchalik o‘quvchi ham) doskada, sonlar kassasida yoki maxsus balandlikka bir necha raqam jadvallarini qo‘yib, boshqa raqamlarga joy qoldiradi.

Raqamlar o‘qituvchining stolida bo‘ladi, o‘quvchi stolga yaqinlashib, kerakli («qo‘shni») raqamni qidirib topadi va bo‘sh joyga qo‘yadi. Qatorasiga ikkita raqamni qoldirib ketish ham mumkin. Bitta raqamning o‘zini qo‘yish, masalan, «Uning ikkala qo‘shnisidan birontasi ham yo‘q. U zerikib qoladigan bo‘ldi» deb, faqat 5ni qo‘yish mumkin. Bolalar uning yoniga 4 va 6 raqamini qo‘yadilar, qolganlar esa 4 va 6ning qo‘shnilarini qidirishadi va hokazo.

 

1   3   5 6   8  

 

 

«GEOMETRIK  MAZMUNDAGI»
didaktik o‘yinlar

 

«Nima o‘zgardi?» o‘yini

Didaktik topshiriq: geometrik shakllar orqali o‘quv­chilarning fazoviy tasavvurlarini mustahkamlash.

O‘yin topshirig‘t: narsalarning o‘rnini almashtirish orqali o‘quvchilarni sezgirlikka, zukkolikka, topqirlikka o‘rgatish.

O‘yin bayoni: o‘quvchilar o‘yin qoidasi bilan tanish­tiriladi. O‘quvchilarni qiziqtirish maqsadida bu o‘yinni o‘yinchoqlar, o‘quv qurollari, rasmlar, geometrik shakl­lar yordamida rang-barang tashkillashtirish mumkin. Masalan, o‘qituvchi stol ustiga qo‘g‘irchoq, mashina, ayiqcha, quyoncha, koptok, piramida, kuchukcha kabi o‘yinchoqlarni qo‘yadi va quyidagi topshiriqlarni beradi:

1- topshiriq. Diqqat bilan qarang-chi, qaysi o‘yinchoq­lar turibdi?

2- topshiriq. Ular nechta?

3- topshiriq. Ular qanday qo‘yilgan?

4- topshiriq. Ko‘zingizni yuming (o‘qituvchi ikkita qo‘shni o‘yinchoqning o‘rinlarini almashtiradi). Diqqat bilan qarang-chi, nima o‘zgardi?

O‘quvchilar diqqat bilan qarab ayiqcha bilan qu­yonchaning o‘rni almashtirilganini topib, aytib beradilar. O‘yin shu tariqa 3-4 marta turli usullarda davom ettiriladi.

Bu o‘yinni geometrik shakllar bilan ham o‘tkazish mumkin. Ko‘rgazmali qurolning orqa, oldi tomoniga geometrik shakllar yopishtirilgan bo‘ladi.

 

Kim tez yasaydi?

Maqsad: o‘quvchilarda geometrik shakllar haqidagi tushunchalar qay darajada shakllanganini aniqlash va mustahkamlash. O‘rganilgan bilimlarini qo‘llay  olish.

Sharti: o‘quvchilarga sanoq cho‘plar yoki gugurt donalari va plastilin tarqatiladi. O‘quvchilar bu narsalardan turli geometrik shakllar yasashlari kerak.

Aniq, to‘gri geometrik shakllar yasagan va uni tariflab bergan o‘quvchi g’olib sanaladi.

Shakli: bu o‘yinni yakka yoki jamoa bo‘lib o‘ynash mumkin.

Matematik diktant

Matematik diktant audio orqali o‘tkaziladi.

Eshitgan sonlarni raqamlar bilan yozing:

1) olti ming yetti yuz yigirma sakkiz, besh yuz sakson yetti;

2) uchinchi xonaning 7 birligi,  ikkinchi xonaning 3 birligi, birinchi xonaning 1 birligi;

3) uchinchi xonaning 9 birligi, ikkinchi xonaning 8 birligi, birinchi xonaning 1 birligi.

Javob:

6728, 587, 737, 981

TESTlardan namunalar

1) 8 ∙ 8098=

A (8 ∙ 8000) + (8 ∙ 900) + (8 ∙ 8)

B (8 ∙ 8000) + (8 ∙ 90) + (8 ∙ 8)

C (8 ∙ 80) + (8 ∙ 90) + (8 ∙ 8)

D (8 ∙ 80) + (8 ∙ 98)

E (8 ∙ 809) + (8 ∙ 8)

To‘g‘ri javob: B – (8 ∙ 8000) + (8 ∙ 90) + (8 ∙ 8)

2) 18 + 54 : 9 − 3=

A 5

B 12

C 21

D 27

E 33

To‘g‘ri javob: C – 21

3) O‘quv qurollari ishlab chiqaradigan zavodda har bir ishchi kuniga 15ta ruchka ishlab chiqaradi. Zavodda 5 kunda 8ta ishchi nechta ruchka ishlab chiqaradi?

  1. A) 360
  2. B) 400
  3. C) 280
  4. D) 600

To‘g‘ri javob: d) 600 (15*8=120, 120*5=600)

Ozoda SAYDALIYEVA,   

Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanidagi

 52- maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

Fikr bildirish