BIRINCHI SINFGA BIRINCHI QADAM!

BIRINCHI SINFGA BIRINCHI QADAM!

BIRINCHI SINFGA BIRINCHI QADAM!

Darsning maqsadlari:
ta’limiy: bolalarni «Vatan», «Mustaqillik», «Maktab», «O‘quv­chi», «O‘qituvchi» so‘zlarining ma’nosi bilan tanishtirish;
tarbiyaviy: Ona Vatan, maktabga bo‘lgan mehrni uyg‘otish;
rivojlantiruvchi: o‘quvchilarda «Mustaqillik» haqidagi tushunchalarni shakllantirish, dunyoqarashni kengaytirish.
O‘qituvchi: – Assalomu alaykum, maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘yayotgan, sevinchdan ko‘zlari chaqnayotgan jajji bolajonlar! Hurmatli ota-onalar! Bugun hayotingizda unutilmas quvonchli kun: birinchi marta maktab ostonasiga qadam qo‘ydingiz va «O‘quvchi» degan nomga ega bo‘ldingiz. Bu bilan mehribon ota-onalarni va siz­larni muborakbod etaman. Sizlarni bu quvonchli kuningiz bilan qutlab, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 12 turdagi o‘quv qurollari jamlangan maktab portfelini taqdim etdilar. Bugundan boshlab siz bilan birga nurli va biroz mashaqqatli «Bilimlar mamlakati»ga yo‘lga chiqamiz. O‘qishni, yozishni, hisoblashni, chizishni o‘rganamiz. Bunda bizga jonajon maktab, mehribon ustozlar va qadrdon sinfimiz beminnat yordam beradi. Siz o‘quvchi bo‘ldingiz. O‘quvchining ham Vatan oldida, maktab oldida o‘z burchi va vazifalari bor. Aziz bolajonlar, Vatan o‘zi nima?
O‘quvchilar: – Tug‘ilib o‘sgan, kindik qoni tomgan joy, ajdodlarimiz yashab o‘tgan makon, qadrdon mahallamiz, uyimiz – bu Vatan.
O‘qituvchi: – Vatan to‘g‘risida kim she’r ayta oladi?

1- o‘quvchi:
Toza osmoning bilan,
Totli davroning bilan,
Gul chamanzoring bilan,
Elda dostonsan Vatan!
2- o‘quvchi:
Sharqda tanhosan o‘zing,
Xalqi donosan o‘zing.
Porloq yo‘lchi yulduzing,
Elda dostonsan Vatan!
3- o‘quvchi:
Bu olamda sobit izing,
Baxtiyor o‘g‘il-qizing.
Shon aytmoqda erka qizing,
Tanda jonimsan Vatan!
O‘qituvchi: – Barakalla, bolajonlar! Vatan mehri sizning qoningizda jo‘sh urayotgan ekan, demak siz munosib barkamol avlod bo‘la olasiz. Bu yo‘lda maktab va kitobning o‘rni beqiyosdir. Ular haqida she’r ayta olasizmi?
4- o‘quvchi:
Nurafshon hur o‘lkam farzandi bizlar,
Avlodlar baxtiga nur soch maktabim.
Yashnagan chamanday bag‘ringda bizlar,
Tabarruk ostonam, jonim maktabim.
5- o‘quvchi:
Maktabim, och bag‘ringni,
Keng qilib quchog‘ingni,
Farzandlaring yana keldi,
Yoqqani o‘chog‘ingni.
6- o‘quvchi:
Sensan – Vatan, sensan – Ona,
Sensan eng aziz dargoh.
Issiq bag‘ring, qaynoq tafting,
Sensan eng yaxshi hamroh!
7- o‘quvchi:
Yurtboshim atagan sovg‘alaridan,
Jajji yuragimda mehr hamnafas.
Vatanni o‘rganib, jon-u dilimdan,
Bir kun Vatan mehrin, oqlay olsam bas!
8- o‘quvchi:
Kitob bilim bulog‘i,
Xalq ichida naql bor.
Kimki kitobga oshno,
Unda cheksiz aql bor.
9- o‘quvchi:
Xayolimiz oynasi,
Bilimlarning onasi.
Bu – kitobdir, bu – kitob,
Unga hamnafas oftob.
10- o‘quvchi:
Ilm kaliti – kitob,
Gar o‘qisang bobma-bob.
O‘rganib bor bilimni,
Ochar bahr-u dilingni.
11- o‘quvchi:
Ilm-u hikmat onasi,
Mo‘jiza har donasi.
Bilimdan yaxshilik kut,
Doim kitobni do‘st tut.
12- o‘quvch:
Yer-u ko‘kni kezarsan,
Sen nafini sezarsan.
Har onda yodingda tut,
Doim kitobni do‘st tut.
O‘qituvchi: – Balli, bolajonlar! Aqlingiz, fikrlashingiz-u donoligingiz bilan meni lol qoldirdingiz.
Shu vaqt davraga sho‘x musiqa ostida Bilmasvoy kirib keladi.
Bilmasvoy: – Iye, mana oxiri topib keldim. Shu yer maktabmi, bu o‘quv xonasimi?
O‘qituvchi: – Bilmasvoy, avval, bizlar bilan salomlashmaysanmi? O‘zing qayerga kelyapsan?
Bilmasvoy: – Ey! Shuniyam bilmaysizmi, maktabga kelyapman, maktabga! Oyijonim ertalab chiroyli kiyintirib, qo‘limga sumkamni berib, kuzatib qo‘ydilar. Lekin maktab raqamini unutib qo‘ydim.
O‘qituvchi: – Bolajonlar, maktabimiz manzilini Bilmasvoyga ayta olamizmi?
O‘quvchilar maktab manzilini aytishadi.
Bilmasvoy: – Haaaa, esimga tushdi. Oyim ham shunday degan edi.
O‘qituvchi: – Bilmasvoy, sen ham bolajonlarimizga o‘xshab Vatan, maktab haqida she’rlar bilasanmi?
Bilmasvoy: – Ha, albatta, bila­man. Hattoki harflarni ham taniyman, so‘zlar ham tuza olaman.
O‘qituvchi: – Qani, unda seni bir sinab ko‘ramiz. Bolajonlar siz tekshirib turasiz. Bilmasvoy bizga «Ona», «Vatan» so‘zlarini yozib bersinchi, harflardan.
Bilmasvoy: – Mana hozir yozaman. Mening sumkamda harflar bor.
O‘qituvchi: – Bolalar, Bilmasvoy so‘zlarni to‘g‘ri tuza oldimi?
O‘quvchilar: Yo‘q, noto‘g‘ri!
O‘quvchilar so‘zlarni to‘g‘ri tuzadilar.
O‘qituvchi: – Bilmasvoy, sen bugundan darslarimizda qatnashsang, yanada ko‘proq bilimga ega bo‘lasan. Buni xohlaysanmi? Nimaga sen ikkita sumka taqib olding?
Bilmasvoy: – Bittasini kelayotib bog‘dan topib oldim. Ikkinchisida o‘zimning o‘quv qurollarim bor.
O‘qituvchi: – Bilmasvoy, bu nimasi? Sumkangda murabbo, qatiq, yogurtlar ham bormi? Kitob, daftarlaring esa ezilib, buklanib ketibdi-ku! Eh essiz daftar, kitoblar. Maktabga o‘qish uchun emas, ovqat yeyish uchun kelasan shekilli-a! Mana bu sumkang ochilmayapti-ku!
Bilmasvoy: – Buni bog‘dan topib oldim dedim-ku. O‘zimam rosa uri­nib, ocha olmadim.
O‘qituvchi: – Bilmasvoy, bunday sehrli sumkani ochish uchun aql, bilim kerak. Kelinglar sinfimizga Hasanboyni taklif etamiz. Hasanboy musiqa ostida davraga aql kalitini ko‘tarib kirib keladi.
Hasanboy: – Assalomu alaykum, bolajonlar! Mana bu bilim kaliti – birga o‘qiymiz, o‘rganamiz, eshiklarni ochamiz! Bugun bayramla­ringizni eshitib sizlarni tabriklagani ertaklar olamidan keldim.
Bilmasvoy: – Bilim kalitini menga ber.
Hasanboy: – Sen odobni bilmaysanmi?
O‘qituvchi: – To‘xta, to‘xta Bil­masvoy! Odobli bolalar bunday so‘ramaydi. Sehrli so‘zlarni unutdingmi? Qani, yana bir bor xatongni to‘g‘rilab so‘rab ko‘rchi.
Bilmasvoy: – Hasanboy, iltimos, kalitingni bir daqiqaga berib tur. Sumkamni ochib olay.
Hasanboy: – Mayli beraman, faqat topishmoqlarimni topa olishing kerak.
Bilmasvoy: – Men tayyorman.
Hasanboy: – Bilim ziyoga makon,
Bizga bag‘rin ochadi har on. Bu nima?
Bilmasvoy: – Topdim. Bu kompyuter o‘ynaydigan joy-ku!
Hasanboy: – Unday emas, Bil­masvoy. Bolalar bu nima?
13- o‘quvch: – Bu maktab.
Hasanboy: – Bilmasvoy, endi keyingi topishmog‘imni eshit.
– Qat-qatgina qatlama, aqling bo‘lsa tashlama. Bu nima?
Bilmasvoy: – Ey bu qatlama-ku!
Hasanboy: – Noto‘g‘ri! Bolajonlar sizlar topishmoqni javobini aytasizlarmi?
14- o‘quvch: – Bu kitob.
Hasanboy: – Bilmasvoy, endi bolalarga topishmoq aytaman, sen eshitib tur.
Sirti tayoq
Ichi bo‘yoq. Bu nima ?
15- o‘quvch: – Qalam.
Hasanboy: – Tili po‘lat, so‘zi soz,
So‘zlay olmas beqog‘oz.
16- o‘quvch: – Ruchka.
Hasanboy: – Rangi har xil,
Nomi bir xil.
17- o‘quvch: – Rangli qalam.
Hasanboy: – Bolajonlar, juda ziy­rak ekansiz. Shu­ning uchun bilim kalitini ustozingizga beraman. Bu kalit bilan «Bilimlar saltanati»ning darvozasini ochib, bundan-da ko‘proq ilm egallang. Mustaqil O‘zbekistonimizning munosib farzandlari bo‘ling. Biz ham Bilmasvoy bilan sinfingizda o‘qisak maylimi? Sizlarga juda ham havasimiz kelyapti.
O‘qituvchi kalitni olib sumkani ochadi.
O‘qituvchi: – Bolalar, bu xat ekan. Unda «Bilimlar saltanati»ning qiroli sizlarni bugungi unutilmas bayram bilan qutlab, sizlarni «Bilimlar mamlakati»ga taklif qilgan ekan. Demak, hammamiz bugundan boshlab g‘ayrat bilan bir-birimizdan qolishmasdan, bilim olishni boshlaymizmi? Dangasalik, injiqlik qilmaymizmi? Buning uchun Vatan, Prezidentimiz, ota-onalarimiz oldida va’da beramizmi?
O‘quvchilar: – Albatta!
18- o‘quvch: – Biz bugundan boshlab sevimli maktabimizning 1-sinf o‘quvchisi bo‘lar ekanmiz, o‘z Vatanimiz, Prezidentimiz, ota-onalarimiz, maktab rahbari va o‘qituvchilarimiz oldida burchimizni astoydil bajarishimiz shart!
19- o‘quvch: – Maktabimizni o‘z uyimizdek asrab-avaylashga;
20- o‘quvch: – Maktab qo­nun-qoidalariga bo‘ysinishga;
21- o‘quvch: – Darslarga o‘z vaq­tida tayyor holda qatnashishga;
22- o‘quvch: – A’lo baholarga o‘qishga;
23- o‘quvch: – Ona Vatanimizga munosib farzand bo‘lishga,
Hamma: – QASAMYOD QILAMIZ, QASAMYOD QILAMIZ, QASAMYOD QILAMIZ.
O‘qituvchi: – Barakalla, aziz o‘quvchilarim! Sizdagi kuch-g‘ayrat, ishonch, o‘qishga bo‘lgan intilishi­n­gizni ko‘rib judayam xursand bo‘ldim. Ishonaman-ki, a’lo baholarga o‘qib, kelajakda biringiz iqtisodchi, boshqangiz hisobchi, kimdir arxitektor, yoyinki har bir sohaning yetakchisi bo‘lib, Ona Vatan ravnaqiga sog‘lom aql, teran fikr, buyuk ma’naviyat ila o‘z hissangizni qo‘shasiz. Unutmang, har qadamda sizni Vatan kutadi! Siz Vatanning oltin kelajagisiz!

Muhabbat YUSUPOVA,
Chilonzor tumanidagi
184- maktabning oliy toifali
boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

Fikr bildirish