NEXT LEVEL SEMINAR-TRENINGI – YANGI O‘QUV YILI OLDIDAN USTOZLAR UCHUN ILHOM, TAJRIBA VA MOTIVATSIYA MAYDONIGA AYLANDI
2026-yil 5-avgust kuni “Boshlang‘ich ta’lim” jurnali qoshidagi “Ustozdan ustozga” pedagogik klubi tomonidan tashkil etilgan NEXT LEVEL amaliy seminar-treningi yuqori saviyada, ko‘tarinki ruh va samimiy muhitda bo‘lib o‘tdi.

Yangi o‘quv yili arafasida o‘tkazilgan ushbu seminar respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun nafaqat malaka oshirish, balki yangi g‘oyalar, zamonaviy metodikalar va kuchli motivatsiya manbai bo‘ldi.
Seminar davomida tajribali va mahoratli ustozlar tomonidan bugungi ta’lim tizimida o‘z samarasini berayotgan ilg‘or pedagogik yondashuvlar, interfaol metodlar, zamonaviy dars ishlanmalari hamda o‘quvchilarni darsga jalb etishning innovatsion usullari amaliy misollar asosida namoyish etildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, o‘zaro tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Seminarda qatnashgan pedagoglarning ta’kidlashicha, ular o‘z faoliyatlari uchun juda katta metodik xazina bilan qaytishdi. Xususan, ko‘plab ustozlar dars jarayonlarida qo‘llash mumkin bo‘lgan 50 dan ortiq yangi metod va interfaol usullarni o‘rganib, ularni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha muhim tavsiyalar oldilar.
Seminarning yana bir quvonchli lahzalaridan biri “Bayoz” nashriyoti rahbariyatining tashrifi bo‘ldi. Mehmonlar seminar ishtirokchilariga o‘zlarining eng sara nashrlarini sovg‘a qilib, ustozlarga yangi o‘quv yilida muvaffaqiyat va ulkan zafarlar tiladilar. Ushbu e’tibor pedagoglar tomonidan katta mamnuniyat bilan kutib olindi.
Tadbir davomida faol ishtirok etgan o‘qituvchilar sertifikatlar bilan taqdirlanib, yangi hamkorliklar, yangi do‘stliklar va yangi maqsadlar sari ilhom bilan yo‘l oldilar.
Seminar ishtirokchilari tashkilotchilarga o‘z minnatdorliklarini bildirib, bunday mazmunli va amaliy uchrashuvlar pedagoglar uchun juda muhim ekanini alohida ta’kidladilar.

“Boshlang‘ich ta’lim” jurnali hamda “Ustozdan ustozga” pedagogik klubi tomonidan tashkil etilayotgan NEXT LEVEL seminar-treninglari bundan keyin ham ustozlarning kasbiy mahoratini oshirish, zamonaviy metodikalarni ommalashtirish va tajriba almashish maydoni bo‘lib xizmat qilishda davom etadi.
Bir narsa aniq – bu galgi NEXT LEVEL seminarida ishtirok eta olmagan ustozlar keyingi uchrashuvni albatta kutishadi. Chunki bilim, tajriba va motivatsiya uyg‘unlashgan bunday seminarlarni o‘tkazib yuborish – katta imkoniyatni qo‘ldan boy berish bilan barobar.
