1- SINF O‘QUVCHILARI  BILAN ISHLASH

1- SINF O‘QUVCHILARI BILAN ISHLASH

1- SINF O‘QUVCHILARI BILAN ISHLASH

 

Ilmda kuchli bo‘lgan, uni yaxshi egallagan va unga ixlos qo‘ygan o‘qituvchigina jami o‘quvchilariga samarali ta’sir ko‘rsata olishi mumkin.
D.Mendeleyev.

 

O‘qituvchi bolalarni yaxshi ko‘radi. Har bir o‘quvchisini bilimli bo‘lishini xohlaydi. Lekin maktabga ilk qa­dam qo‘ygan kichkintoylar ko‘nglini topa bilish, qalbiga ilm urug‘larini socha boshlash nihoyatda mushkul. Yosh avlodda mustaqil fikrlash qobiliyatlarini shakllantirish, sog‘lom va barkamol shaxsni tarbiyalab yetish­tirish o‘qituvchining zimmasidadir. Chunki mustaqil fikrlovchi, bilimdon o‘quvchilargina kelajakda respublikamizni rivojlangan davlatlar qa­toriga qo‘shadi.
Hozirgi davr o‘qitish tizimi ko‘proq 4K modeli asosiga qaratilgan, ya’ni bugungi kun o‘quvchilarida boshqalar bilan erkin muloqot qila olish, ijodiy fikrlab yangilik yaratish, tanqidiy, mantiqiy fikrlash va jamoada ishlay olish qobiliyatlarini shakllan­tirish zarur.
Birinchi sinf o‘quvchilarining dast­labki paytlarda mustaqil fikrlash va og‘zaki hisoblash malakalari uncha rivojlanmagan bo‘ladi. O‘qituvchi 1- sinf o‘quvchisi bilan ish boshlaganda dastlabki olti oy bolaning maktabga moslashuv davri bo‘lishini unutmasligi muhim. Sababi maktab­ga kelgunga qadar bolaning yetakchi faoliyati o‘yin bo‘lgan, endi uni asta-sekin o‘qish faoliyati bilan to‘ldirib bormoqlik kerak. Shuning uchun mustaqil fikrlash va hisoblash malakalarini rivojlantirish maqsadida men ko‘rgazmali vositalardan o‘yin asosida ko‘p foydalanaman. Chunki o‘yin bolada quvonch, hissiy qiziqish va bir olam zavq uyg‘otadi. Bu holat o‘yin va o‘qish faoliyati o‘rtasidagi uzviylik, izchillikni ta’minlaydi.
1-sinf o‘quvchilariga mos noan’anaviy topshiriqlarga namunalar:
«Matematik munchoqlar» topshirig‘i.
Bolaga shunday qo‘llanma beriladi: quyida har xil sonlardan munchoq yasalgan. So‘roq belgisi qo‘yilgan joylarga «qo‘shish» va «ayirish» belgisini shunday qo‘yingki, natijada berilgan javoblar to‘g‘ri bo‘lsin.

«Ko‘rinmas xatolar» topshirig‘i.
O‘qituvchi doskaga bir nechta xato matematik ifodalar yozadi. O‘quv­chilarning vazifasi hech narsani o‘chirmasdan xatoni to‘g‘ri ifodaga aylantirishdir. Bunda mantiqiy fikrlab, qo‘shish yoki ayirish amallari va boshqa usullardan foydalanish mumkin.
Topshiriq: 9 = 8 10 > 10 5+4=10
Yechim: 16-8=8 100 > 10 5+4=10-1
9= 8+1 10 > 10-1 1+5+4=10
«Muammoni izlashda ziyraklik» topshirig‘i.
Stolda 3 ta stakanda suv turgandi. Ravshan 1 stakan suvni ichdi. Nechta stakan qoldi?
Javobi: 3 stakan.
Fotima va Zuhraning bo‘yi teng. Zuhra Gulidan baland. Aziza Fotimadan baland. Kimning bo‘yi baland?
Javobi: Azizaning bo‘yi baland.
Siz qorong‘i xonaga kirdingiz. U yerda sham va gaz plitasi bor. Siz birinchi navbatda nimani yoqasiz?
Javobi: gugurtni.
Ikki bola 1 soat shashka o‘ynashdi. Ularning har biri necha soat o‘ynagan?
Javobi: 1 soat.
Yuqorida berilgan topshiriqlar 1- sinf o‘quvchilarini darsga va fanga bo‘lgan qiziqishlarini orttiradi, muammoni har tomonlama tahlil qilish, sabab, oqibat bog‘lanishlarini aniqlash jarayonida mustaqil fikrlash qobiliyatlarini rivojlantiradi.
1- sinf olayotgan o‘qituvchilarga bu kabi topshiriqlardan foydalanishni tavsiya etaman.

Nigora MUSTAFAYEVA,
Do‘stlik tumanidagi 1- maktabning
boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

 

 

 

Fikr bildirish