Muallim va jurnalistika

Muallim va jurnalistika

Kundalik hayotini ommaviy axborot vositalarisiz tasavvur qila olmaydigan, ularda chop etiladigan, efirga uzatiladigan yangiliklar-u muammoli masalalar tahlillarini o‘qib, eshitib, ko‘rib fikrlaydigan, o‘rgangan­larini nafaqat yosh avlod, balki mahalla-ko‘y ahliga yetkazib, ziyo taratadigan muallimlar ko‘p yurti­mizda. Jurnalni varaqlab, deylik, ushbu maqolani ham o‘qiyapsizmi, demak, fikrlashda davom etyapsiz. Bu judayam quvonarli hol.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov joriy yilda ham  jurnalistlarni Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan  tabriklarkan, aynan shu masalani, ya’ni bugungi hayotimizni jurnalistlarning murakkab va mas’uliyatli faoliyatidan, ommaviy axborot vositalaridan ayri holda aslo tasavvur etib bo‘lmasligini alohida ta’kidladi.

Yurtboshimiz bu gal, nazarimizda, nafaqat jurnalistlarga, balki ommaviy axborot vositalari mushtariylari – xalqimiz ziyolilariga, jumladan, boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilariga murojaat qilib, hayot mohiyati, inson baxti haqida to‘xtalib, millatimizga xos qadriyatlarni asrab-avaylashga chorladi:

«Hurmatli vatandoshlar!

Hammamizga ayonki, inson bu hayotda baxt uchun dunyoga keladi. Lekin baxt degani faqat moddiy boylikka intilib, mol-u davlatga, havoyi orzularga berilib yashashni anglatmaydi. Baxt – bu, mening nazarimda, avvalo tinch-osoyishta hayot, oila, el-yurt obodligi, o‘z yurti, o‘z Vataniga muhabbat, har qanday og‘ir sinovlar qarshisida ham o‘zini, o‘zligini yo‘qotmasdan, asl insoniy qiyofasini saqlab qolish, yuksak ma’naviy qadriyatlarga sadoqat bilan yashashdir.

Xalqimiz, millatimiz asrlar davomida odamiylik, insonni qadrlash, mehr-oqibat, bag‘ri­kenglik kabi ezgu fazilatlarni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylab, necha-necha avlodlarga bezavol yetkazib kelayotgani tariximizdan yaxshi ma’lum.

El-yurtimizni ming yillar osha turli to‘fon va bo‘ronlardan omon saqlab, barchamizga kuch-qudrat bag‘ishlab kelayotgan, hayoti­miz­ni har tomonlama yuksaltiradigan bunday oliyjanob qadriyatlar, o‘ylaymanki, ommaviy axborot vositalarimiz uchun hech qachon ahamiyatini, qadrini yo‘qotmay­digan bosh mavzular bo‘lib qoladi. Chunki, ma’naviyatni asrash – avvalo, insoniylikni, insonning o‘zini asrash demakdir. Ma’naviy dunyomizga qarshi qaratilgan tahdid va xurujlar tobora kuchayib borayotgan bugungi vaziyatda bu o‘tkir haqiqatni barchamiz aslo unutmasligimizni istardim».  

Istiqlol sabab dunyoga chiqdik, jahon bizni tanidi. Mustaqilligimizni mustahkamlash, har taraflama rivojlanishimiz davrida axborotlar oqimi shu qadar ko‘paydiki, bu o‘z navbatida ma’lumot olish imkoniyatini oshirib, taraqqiyotni tezlashtirdi. Hamma narsa muvozanat qonunlariga muvofiq ravishda kechmoqda – insoniyat yashashda, yaratishda davom etarkan, tinimsiz o‘rganib, shitob bilan rivojlanmoqda. Biroq barcha ham birdek yangiliklarni anglab, tahlil qilib, o‘zlashtirib, saragini sarakka, puchagini puchakka chiqarishga ulgura olmayapti. Ana shu hol inson ongi uchun kurashayotganlarning tegirmoniga suv quya boshladi. Axborot oqimidan bahramandlarning ma’lum qismi ulardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, ezgu maqsad belgilayotgan bo‘lsa, ezguliklardan bebahra qismi esa g‘araz maqsadlarni ko‘zlamoqda. Har qanday jamiyat qanchalik taraqqiy etmasin, har davrning o‘z muammolari bo‘ladi. Yuqorida ta’kidlangan inson ongi uchun kurashayotgan kuchlar shu muammolar panasida harakat qiladi. Yurtboshimiz o‘z tabrik-maktubida ana shu jihatlarga e’tibor qaratmayaptimi? Bundan jurnalistlar bilan birga siz, aziz ziyolilarimiz oldiga ulkan vazifalar qo‘yilayotganligi ko‘rinib turibdi.

Axborot asri imkoniyatlari, insoniyat uchun yaratilayotgan qulayliklar tamaddun tarixini biladigan, davrlarni qiyoslay oladigan kishilar uchun ahamiyatli, albatta. Biroq bu jarayon yaratayotgan murakkablik­lardan ogohmizmi? Hushyorlikni yo‘qotmaslik uchun qanday hayot kechirish darkor kabi savollarga Prezidentimiz shunday javob berdi:

«Biz bugun qanday shiddat bilan o‘zgarayotgan va rivoj topayotgan, ilgari uchramagan, yechimi o‘ta og‘ir va murakkab bo‘lgan turli-turli muammolarni tug‘dirayotgan XXI asrda yashayotganimizni hech esimiz­dan chiqarmasligimizni istardim.

Shular qatorida, avvalambor, globallashuv jarayonlari tobora tezlashib, dunyoning bir chekka­sida yuz bergan voqea-hodisalar uning ikkinchi bir chetida zudlik bilan aks-sado berayotgan bir paytda, bu holatning o‘zi barchamizdan zamonaviy bilim­larni, intellektual salohiyat, axborot-kommunikat­siya texnolo­­­­gi­yalarini, xorijiy tillarni mukammal egallashni, bir so‘z bilan aytganda, professional malakamizni oshirish uchun o‘z ustimizda muntazam ishlashni talab qilayotgani hech kimga sir emas».

Bu fikrlar nafaqat jurnalistlarga, balki ular tarqatayotgan turli axborotlarni xalq orasida to‘g‘ri sharhlay oladigan, ulardagi ezgu yoki g‘araz maqsadlarni ajratib, ishonarli dalillar bilan ko‘rsatib beradigan ziyoli o‘qituvchilarimizga ham qarata aytilgandir. Buning uchun ma’naviy asoslarimiz yetarli. Yurtboshimizning ma’naviyat, farzandlarimiz tarbiyasi haqida aytgan gaplari fikrimiz dalilidir.

«Biz moddiy tomondan rivojlan­gan mamlakatlardan balki hozircha biroz orqadadirmiz, lekin ma’naviy jihatdan manaman degan davlatlardan o‘tib ketgan­miz, deb aytishga barcha asoslarimiz bor. Bugungi kunda boshimizni baland ko‘tarib, g‘urur va iftixor bilan yashashga imkon beradigan bunday bebaho boylikni qo‘ldan chiqarmasdan, yoshlari­miz­ga ham yetkazsak, ularning ongi va qalbiga chuqur sing­dirsak, aziz farzandlarimizni milliy va umuminsoniy qadriyat­lar ruhida barkamol insonlar etib tarbiyalasak, hech shubhasiz, ertangi kun, kelajak biznikidir».

Muallimlar va jurnalistlarning maqsadlari mushtarak. Ziyoli jurnalistikadan to‘g‘ri foydalansa, ya’ni muhim axborotlarni o‘rnida qo‘llasa, bu xalq ma’naviyatining yuksalishiga, demakki, ezgulikka xizmat qiladi.

H.SAIDOV

Fikr bildirish