«Giper» so‘zi grek tilida me’yordan ortiqlik ma’nosini anglatadi. Giperfaollik bolalarda diqqatning tarqoqligi, chalg‘itishlarga moyillik, o‘ta harakatchanlikda namoyon bo‘ladigan yosh rivojlanishiga xos bo‘lmagan me’yorlarning buzilishi hisoblanadi. Pedagogik, psixologik adabiyotlarda, xalq orasida bunday bolalarga nisbatan «sho‘x», «o‘ta harakatchan», «cheksiz quvvat manbai», «tinib-tinchimas», «o‘t-olov», «vulqon» kabi atamalar qo‘llaniladi. Mutaxassislarning fikricha, dunyo miqyosida ko‘pchilik bolalar giperfaollikdan aziyat chekishadi va ularning soni so‘nggi yillarda tobora ortib bormoqda. Giperfaollik nafaqat bolalarning o‘zlariga, balki ularning atrofidagilar: ota-onasi, oila a’zolari, sinfdoshlari va o‘qituvchilariga ham bir qator qiyinchiliklar tug‘diradi. Bunday bolalarga o‘z vaqtida yordam berish zarur, aks holda bolada jamiyat talablariga zid xatti-harakatlar yoki psixologik og‘ishlar ro‘y berishi mumkin. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra kichik yoshdagi qonunbuzarlarning aksariyati giperfaol bolalardir.
Giperfaollik nima? Biz kattalar giperfaol go‘dakning ijtimoiylashuviga yordam berish uchun o‘z faoliyatimizda qanday o‘zgarishlar qilishimiz kerak?
Giperfaollik deganda, qo‘zg‘alish tormozlanishdan kuchliroq bo‘lgan, o‘ta darajadagi jismoniy va aqliy faollik tushuniladi. Shifokorlar taxminicha, giperfaollik miyaning testlar yordamida aniqlash mumkin bo‘lmagan, sezilarsiz darajadagi shikastlanishidir.
Meditsina nuqtai nazaridan diqqatning tarqoqligi bilan bog‘liq giperfaollik — maktabgacha va kichik maktab yoshidagi bolalarning xulqida buzilish va ta’lim jarayonida qiyinchiliklarni yuzaga keltiruvchi eng ko‘p tarqalgan sabab hisoblanadi. Shuning uchun bu haqda bilish faqat bolalar nevrologlari va psixologlari uchun emas, balki pediatr va oilaviy shifokorlar, bola tarbiyasiga mas’ul bo‘lgan barcha mutaxassislar, ota-onalar uchun ham zarurdir.
Giperfaollik qanday namoyon bo‘ladi?
Giperfaollik katta bog‘cha yoshidagi va kichik maktab yoshidagi o‘quvchilarda yaqqolroq ko‘rinadi. Bu davr yetakchi — ta’limiy faoliyatga o‘tish davri hisoblanib, bolaning intellektual yuklamalari ortadi: undan diqqatini muayyan muddatga jamlash, boshlagan ishini oxiriga yetakazish, ma’lum natijalarga erishish talab etiladi. Uzoq va tizimli davom etadigan faoliyat jarayonida giperfaollik o‘zini yanada yaqqolroq namoyon etadi. Ko‘p hollarda ota-onalar o‘z farzandlarining o‘ta sho‘xligi, bir joyda o‘tira olmasligi, o‘ta serharakatliligi, tartibsizligi natijasida kelib chiqadigan salbiy oqibatlarni kutilmaganda sezib qoladilar va psixologlardan yordam so‘raydilar.
Psixologlar giperfaol bolalarni quyidagicha tasniflaydi:
- — barmoqlari va tovonlarini betinim qimirlatish;
- — bir joyda tinch o‘tira olmaslik, tinimsiz qimirlash;
- — tashqi ta’sirlarga nisbatan tez-tez chalg‘ish;
- — jamoada turli vaziyatlar (mashg‘ulotlar davomida, ekskursiyalar va bayramlar) va o‘yinlarda o‘z navbatini kutishga sabri chidamaslik;
- — savollarga odatda o‘ylamasdan va oxirigacha eshitmasdan javob berish;
- — berilgan topshiriqni qiyinchilik bilan bajarish (bu holat salbiy hulq yoki yetarlicha tushunmaslik bilan bog‘liq emas);
- — topshiriqlarni bajarish va o‘yin jarayonida diqqatini qiyinchilik bilan jamlash;
- — odatda bir ishni tugatmasdan ikkinchisiga o‘tish;
- — tinch va xotirjam o‘ynay olmaslik;
- — ko‘p gapirish, boshqalarga xalaqit berish, atrofdagilarga qitmirlik qilish (masalan, boshqa bolalar o‘yinlariga xalaqit berish);
- — odatda, bunday bolalar unga qaratilgan gaplarni eshitmayotgandek taassurot uyg‘otadi;
- — tez-tez maktabgacha ta’lim muassasasida, maktabda, uy va ko‘chada o‘zi uchun zarur narsalarini yo‘qotib qo‘yish;
- — ba’zan oqibatini o‘ylamasdan xatarli harakatlarni ham sodir etishi mumkin; (Masalan, atrofga qaramasdan katta ko‘chaga yugurib chiqib ketishi mumkin).
Bu belgilarni umumlashtirib quyidagi guruhlarga bo‘lish mumkin:
- — o‘ta harakatchan faollik;
- — hozirjavoblik;
- — chalg‘itishga moyillik (diqqatning tarqoqligi).
Giperfaol bolaga yordam berish — juda murakkab jarayon. Bunda o‘qituvchi ko‘pgina kutilmagan qiyinchiliklarga duch keladi.
Qo‘yilgan «giperfaol» tashxisini, bolada kamida uning belgilaridan sakkiztasi mavjud bo‘lganidagina to‘g‘ri hisoblash mumkin.
Shu o‘rinda «giperfaollik kimlarda ko‘proq kuzatiladi, o‘g‘il bolalardami yoki qizlardami?» degan savol tug‘iladi. Psixologlar bergan ma’lumotlarga qaraganda, giperfaollik 7—11 yoshdagi bolalar o‘rtasida o‘rtacha 16,5 foiz, o‘g‘il bolalarda — 22 foiz, qizlar o‘rtasida — o‘rtacha 10 foiz kuzatiladi. Nima uchun o‘g‘il bolalarda qiz bolalarga nisbatan giperfaollik ko‘proq kuzatiladi? Tibbiyotchilarning fikricha, buning sabablari turlicha bo‘lib biroq ko‘pincha rivojlanayotgan homila o‘g‘il bo‘lsa, u homiladorlik va tug‘ruq jarayonidagi asoratlarga qizlarga nisbatan beriluvchanroq bo‘ladi. Natijada esa turli zararli ta’sirlardan avvalo rivojlanayotgan miya aziyat chekadi.
O‘qitishdagi muammolar
Bugungi kunda xulqida og‘ishlari bor bolalarning ta’lim olishlari alohida muammolardan biri hisoblanadi. Asabiy, diqqati tarqoq, baqiroq, gapga quloq solmaydigan bunday bolalar o‘qituvchining diqqat markazida turadi va uning asosiy faoliyatiga xalaqit beradi. O‘qituvchi ularni muntazam ravishda kuzatishi, doimo tinch o‘tirishiga va sinfdoshlariga xalaqit bermaslikka undab turishi kerak. Chunki bunday toifadagi o‘quvchilar o‘zlaricha doimo biror ish bilan band bo‘lib, ularni bir joyda ushlab turish qiyin. Topshiriqni oxirigacha eshitish va oxirigacha bajarishi esa umuman qiyin. Ular o‘qituvchini «eshitmaydilar», narsalarini tez-tez yo‘qotib, vazifalarni ham unutib qo‘yadilar. O‘ta faolliklari, tezkorliklari tufayli boshqalarga ko‘p noqulayliklar tug‘diradi.
Bugungi kunda maktab o‘quvchi oldiga bir qator talablarni qo‘yadiki, u o‘z ichiga me’yorlar tizimi, qoidalar va talablarni qamrab olgan. Bu talablarni bajarish giperfaol o‘quvchi uchun katta qiyinchiliklar tug‘diradi. Aynan shuning uchun ham so‘nggi yillarda pedagoglar, psixolog va ota-onalar birgalikda giperfaol bola bilan ishlashlari dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, bir necha yillar avval sinfda bunday toifadagi bolalar 1-2 nafar bo‘lsa, bugun ular sinfning 20-30% tashkil etib, bu ko‘rsatgich tobora ortib bormoqda. Biroq mavjud muammolarga qaramay giperfaol bolalar ta’lim standartlarini muvaffaqiyat bilan o‘zlashtirmoqdalar. Ammo o‘qitish tizimining o‘zi ham, ayniqsa maktabning boshlang‘ich bosqichlari giperfaol bolalarni psixologik jarohatlab qo‘yishi mumkinki, uning asorati tufayli bolaning jamiyatga moslashuvchanligi qiyinlashadi.
Shunday qilib, giperfaol bolalar (ayniqsa, kichik maktab yoshida) dars va tanaffus vaqtlarida harakatlanishga juda katta ehtiyoj sezadi. 4-5 soatlik dars davomida partada 40—45 minutdan harakatsiz o‘tirishga ularning toqatlari yetmaydi. Shuning uchun ham dars boshlangandan 15—20 minut o‘tganidan keyinoq giperfaol bolalar partada tinch o‘tira olmaydilar. Bunga dars va kun davomida harakatning kamligi va bir xil turdagi faoliyat sabab bo‘ladi. Keyingi muammo bola hulqidagi o‘ta harakatchanlik va darsda avvaldan belgilab qo‘yilgan, o‘qituvchi savol berishi — o‘quvchi javob berishiga asoslangan munosabatlardir. Giperfaol o‘quvchi, odatda, o‘qituvchining unga javob berishga ruxsat berishini kutmaydi. Ko‘pincha savolni oxirigacha eshitmasdan javob bera boshlaydi. Ba’zida o‘tirgan joyida baqiradi.
Qanday ish olib borish kerak?
Giperfaol bola hissiyotlari olamini turli-tumanliklar, yangiliklar bilan boyitish, unga faoliyat davomida o‘z-o‘zini boshqarishning elementar qoidalarini egallashga ko‘maklashish zarur.
Ota-ona va pedagoglar tomonidan giperfaol bolaga bo‘ladigan talablarning o‘zgarishi yoki ular kayfiyatidagi ro‘y beradigan o‘zgarishlar ham boshqa bolalarga nisbatan ko‘proq salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ular xulqidagi buzilishlarni tuzatish mumkin, ammo ijobiy natijaga erishish uzoq vaqtni talab etganligi bois, tezda sezilmaydi. So‘nggi yillarda ba’zi olimlar giperfaollik yuzaga kelishi sababini bolalar miyasida minimal funktsiya buzilishi, alohida miya funktsiyalarining tug‘ma notekis rivojlanishi oqibati deb hisoblaydilar. Ba’zi mutaxassislar esa bola hayotining dastlabki davridagi bosh miyaning organik jarohatlanishi, homiladorlik bilan bog‘liq kasalliklar, spirtli ichimliklar va chekish bilan bog‘liq salbiy asoratlar, tug‘ilish jarayonidagi jarohatlanishlar oqibati ham deb hisoblaydi. Biroq hozirgi vaqtda bolalarda giperfaollikning namoyon bo‘lishi keng tarqalgan bo‘lib, fiziologlarning ta’kidlashicha, har doim ham u kasalliklarning oqibati emas.
Shunday ekan, bunday o‘quvchilar bilan ishlashda quyidagilarga amal qilishni tavsiya etamiz.
Pedagoglarga:
- — o‘z hissiyotlaringiz buhronini, ayniqsa, o‘quvchi hulqidan jahlingiz chiqqan va norozi bo‘lgan vaqtingizda, iloji boricha jilovlashga harakat qiling;
- — o‘quvchi xulqidagi juda kichik bo‘lgan ijobiy o‘zgarishlarni ham ilg‘ashga harakat qiling va uni ruhan qo‘llab-quvvatlang;
— uni chuqurroq bilishga va tushunishga harakat qiling;
- — ziddiyatli vaziyatni keltirib chiqaruvchi keskin so‘z va iboralar, qat’iy baholash, ta’na va do‘q-po‘pisalardan foydalanmang;
- — «Yo‘q», «mumkin emas», «bas qil» kabi so‘zlardan iloji boricha kamroq foydalaning, yaxshisi bolaning diqqatini, iloji bo‘lsa quvnoqlik bilan, boshqa faoliyatga ko‘chirishga harakat qiling;
- — o‘z nutqingizni nazorat qiling, xotirjam ovozda gapirishga intiling. Boshqaruvga g‘azab, norozilik bilan erishib bo‘lmaydi; noroziligingizni bildirish jarayonida bola hissiyotlarini hurmat qiling, uni haqorat qilishdan saqlaning;
- — o‘quvchining bezovtalanayotganini sezsangiz, unga o‘tirib bajaradigan emas doskaga chiqib bajariladigan topshiriqlar bering;
- — guruhlararo musobaqalar tashkillashtirganda bunday o‘quvchilarga guruh sardori vazifasini topshirish ham yaxshi samara beradi; chunki o‘zlariga bildirilgan ishonch ularning ijobiy tomonga o‘zgarishiga va ichki energiyasidan samarali foydalanishga turtki bo‘ladi;
- — u yaxshi ko‘radigan narsa va mashg‘ulotlar bilan qiziqing; darsda shu qiziqishlari bilan bog‘liq misol va ma’lumotlardan foydalaning.
Tibbiyot fanlari nomzodi Mirnosir Miryunusov ota-onalarga quyidagi maslahatlarni beradi:
- — bolangizga va uning tarbiyasida sizga yordam bera oladigan mutaxassis maslahatiga murojaat qilish; bular: psixologlar, psixoterapevtlar va psixonevrologlar;
- — mumkin bo‘lmagan narsalarning ro‘yxatini tuzib, ularga qat’iy amal qilish;
- — bugun, ertaga va bir haftadan so‘ng nazorat qilinishi lozim bo‘lgan ishlarning rejasini tuzish;
- — bolaning asabiy holati bilan muntazam shug‘ullanish; bu mashg‘ulot bolaning ruhiy va jismoniy muvozanatini tiklashga yordam beradi;
- — qat’iy kun tartibiga rioya qilish; bola qachon nima qilishi kerakligini bilishi lozim; faoliyatini reja bo‘yicha tartibli boshqarish uning psixikasi va asab tizimidagi buzilishlarning oldini oladi;
- — ko‘p vaqtni bola bilan o‘tkazish, uni qiynayotgan masalalarga quloq osish, muammolarini birgalashib hal qilish lozim; bolaga yoqadigan o‘yinlarni birgalikda o‘ynash;
- — bola bilan xotirjam va yumshoq muomalada bo‘lishga o‘rganish; uy vazifalarini bajarish va mashg‘ulotlar vaqtida baqirishlar va buyruq berishlardan saqlanish, balandparvoz gaplar hamda ortiqcha va’dalardan chetlanish; bunday bolalar qo‘pol munosabatlarga nisbatan ta’sirchan bo‘lganlari sababli, bunday muomala mashg‘ulotlar davomida qiyinchiliklar keltirib chiqaradi;
- — bolalarning buyurilgan vazifalarni bajarishlari uchun to‘g‘ri ko‘rsatmalar berish; ko‘rsatmadagi so‘zlar soni o‘ntadan oshmasligi lozim; aks holda bolaning diqqati bo‘linib, vazifani anglamaydi;
- — taqiqlangan ishlar ko‘p bo‘lmasligi va avvaldan kelishib olingan bo‘lishi lozim. Mumkin bo‘lmagan ishlarning sababi va ulardan kelib chiqadigan noxushliklar bolaga qisqa va lo‘nda qilib tushuntirilishi lozim;
- — bola bilan muomala qilishni o‘rganing. Uni seving, yoqimli va muloyim so‘zlarni ko‘proq ayting. Uni tez-tez bag‘ringizga bosib turing.
Norposhsha VOHIDOVA,
Zahro XOLIQOVA,
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat
pedagogika universiteti o‘qituvchilari