KOMPYUTER BILAN SICHQONCHA DO‘STLASHDI

KOMPYUTER BILAN SICHQONCHA DO‘STLASHDI

Mavzu: Sodda va fazoviy figuralar

Darsning maqsadlari:                

ta’limiy: o‘quvchilarning fazoviy va yassi figuralar haqidagi umumiy ma’lumotlarini mustahkamlash, figuralarni farqlashga o‘rgatish. Fazoviy fikrlashni taraqqiy ettirish,tahlil qilish, ko‘nikmalarini shakllantirish.

FK1: tekislik va fazodagi sodda geometrik figuralarni tasavvur qiladi, taniydi va tasvirlay oladi;

tarbiyaviy: aqliy va ma’naviy  tarbiya berish.

TK4atrofdagilar bilan o‘zaro muloqot chog‘ida odob-axloq qoidalariga rioya qilish va guruhlarda ishlash.

rivojlantiruvchi: jadal taraqqiy etayotgan jamiyatda muvaffaqiyatli faoliyat yurita oladigan, aniq va ravshan, tanqidiy hamda mantiqiy fikrlay oladigan shaxsni shakllantirish;

FK2: matematikani o‘rganish jarayonida o‘zida ijobiy hissiyotlarni shakllantira oladi;

Dars turi: mustahakamlash.

Dars metodi: guruhlarda ishlash.

Dars jihozi: kompyuter va sichqoncha maketi, masalalarga doir rasmli ko‘rgazmalar, tarqatmalar, mavzuga oid slaydlar, multimedia ilovalari.

Darsning borishi:

  1. Tashkiliy qism

O‘qituvchi: ― Hozirgi darsimizning nomi nima? (Matematika).

― Albatta, hisobni bilmagan inson hech qaysi kasbni mukammal egallay olmaydi.

― Hozir biz qaysi bo‘limni o‘rganyapmiz? (Geometrik figuralarni o‘rganyapmiz).

― Geometrik figuralarning qanday turlarini o‘rgandingiz? (Fazoviy va yassi figuralar).

(O‘quvchilar fazoviy va yassi figuralarning nomini aytishadi).

Sodda yassi figuralar: to‘rtburchak, uchburchak, doira, beshburchak, kvadrat, oltiburchak.

Fazoviy figuralar: konus, kub, silindr, piramida, shar, parallelepiped. (O‘qituvchi o‘quvchilar bilimini to‘ldiradi).

O‘quvchilar 5 guruhga bo‘linishadi.

1- guruh: «Konus»

2- guruh: «Piramida»

3- guruh: «Kub»

4- guruh: «Silindr»

5- guruh: «Shar»

6- «Shakllarda sonlar aksi».

Har bir guruhga shakllar tasvirlangan A4 formatdagi qog‘ozlar tarqatiladi va bir xil shaklni bo‘yash aytiladi. Rasmlarda 1,2,3,4,5 sonlari namoyon bo‘ladi.

― Bu raqamlar nimani anglatyapti? (O‘quvchilar 5ta tashabbusni aytib berishadi).

O‘qituvchi:

― 5 tashabbusning uchinchisi «Aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etish»ga qaratilgan. Chunki, kompyuter, telefon, turli xil gadjetlar jadallik bilan hayotimizga kirib kelmoqda. Ular kundalik hayotimizdagi ehtiyojlarimizni qondirmoqda. Yoshlarda ularni mukammal o‘rganishga  qiziqish ortib bormoqda. Xalqaro olimpiadalar, PISA va PIRLS tadqiqotlari ham aynan kompyuter orqali o‘tkaziladi.

― Bolajonlar, sizlar kompyuter bilan tanishmisiz? (Ha, tanishmiz).

O‘qituvchi: ― Kunlarning birida bir aqlli sichqoncha ham kompyuter bilan tanishib qolibdi. Lekin sichqoncha kompyuter haqida hech qanday bilimga ega emas ekan. Keling, yaxshisi bu hikoyani ekranda tomosha qilamiz(Slayd namoyish etiladi).

Kunlarning birida, sichqonvoy xonada sayr qilib yurganida, ko‘zi  bir qutiga tushibdi. Sichqoncha uni avval uyda ko‘rmagan edi. Yoniga borib, bu nima ekan, deya qiziqdi. Undagi tugmachalarni bosib ko‘rdi. Shu payt haligi qutidan nur chiqa boshladi. Sichqoncha qo‘rqib ketdi. Ekranda esa «Xush kelibsiz!» degan yozuv turardi. Sichqoncha undan: «Sen  kimsan?» ― deb so‘radi. Shunda quti o‘zini tanishtirdi:

― Meni kompyuter deb atashadi, men aqlli mashinaman. Juda ko‘p amallarni bajara olaman. Menda sen bilmaydigan funksiyalar mavjud, ko‘pgina dasturlar bor. Men murakkab misollarni ishlay olaman, har qanday chizmalarni chiza olaman, katta hajmdagi vazifalarni qisqa vaqt ichida bajara olaman, hatto men bilan o‘yin o‘ynashing, kitoblar o‘qishing, kino ham ko‘rishing mumkin.

Shunda sichqoncha debdi: ― Ohho, hammasini bir o‘zing bajara olasanmi?

Kompyuter debdi: ― Bajara  olaman, faqat buning uchun menga buyruqlar kiritilishi kerak!

Sichqoncha: ― U qanday amalga oshiriladi?

Kompyuter: ― Buni endi men haqimdagi kitoblardan o‘qib, bilimli bolalardan so‘rasang, senga o‘rgatishadi.

Sichqoncha: ― Men bilan o‘ynamaysanmi, juda ham zerikdim.

Kompyuter: ― Mayli, jon deb o‘ynardim, lekin sen meni  ishlatishni bilmaysan-ku. Hozirda barcha aqlli bolalar mendan qanday foydalanishni juda yaxshi bilishadi, qunt qilsang, osongina o‘rganib olasan.

Sichqoncha: ―Unda men maktabga borishim kerak. Hamma bilimdon, dono bolalar o‘sha yerda o‘qishadi. (Sichqoncha maktabga yo‘l olibdi )

Sichqoncha: ― Salom, bolajonlar, sizlar kompyuter haqida bilasizmi ? U nima? Uni qanday ishlatish mumkin? Menga yordam beringlar!

O‘qituvchi: ―Bolajonlar, sichqonchaga yordam beramizmi?

O‘quvchilar: ― Mayli, yordam beramiz.

O‘qituvchi sichqonchaga: ― Unda sen, bizning darsimizni diqqat bilan eshitib, kuzatib turgin. Darsimiz davomida o‘quvchilar senga kompyuterdan qanday foydalanishni, xavfsizlik qoidalarini, uning qurilmalari, dastur va o‘yinlari haqida ma’lumot berib borishadi.

― Rahmat, yaxshiyam sizlar bor ekansizlar.

5ta guruhga 5ta topshiriq beriladi:

1- guruh: Kompyuter haqida dastlabki tushunchalar

2- guruh: Xavfsizlik texnikasi qoidalari

3- guruh: Kompyuterning asosiy qurilmalari

4- guruh: “Paint” dasturi haqida

5- guruh: Kompyuter o‘yinlari haqida.

  1. Uyga vazifani so‘rash va mustahkamlash.

«Aralash shaklllar»

10- misol, slaydda berilgan figuralar orasidan yassi va fazoviy figuralarni ajratib yozish topshirig‘i beriladi. Figuralar raqamlangan bo‘ladi. Har bir guruh maslahatlashgan holda figuralarni ajratib, raqamlarini yozishadi.

1-guruh ― «Konus» kompyuter haqida dastlabki tushunchalarni aytib beradi.

  • Bugungi kunda foydalanilayotgan zamonaviy kompyuterlarga 20- asrning 40- yillarida asos solingan bo‘lib, ularning yaratilishi insoniyatning buyuk kashfiyotlaridan biridir. Kompyuter inglizcha «computer» so‘zidan olingan bo‘lib, «hisoblagich» ma’nosini anglatadi.
  • Kompyuter insonlarning hayotida muhim vazifalarni bajarayotgani tufayli unga bo‘lgan ehtiyoj kundan-kunga ortib bormoqda.
  • Chunki kompyuterlar yordamida turli ko‘rinishdagi axborotlarni izlash, to‘plash, saqlash, qayta ishlash va uzatish kabi vazifalarni tez va oson amalga oshirish mumkin.

2- topshiriq: «Mosini top!» Har bir guruhga misollar yozilgan A3 formatda qog‘ozlar va shaklchalar tarqatiladi. Ko‘rgazmada yozilgan misollar javoblarini sonlar emas, shakllar ko‘rinishida yopishtiradilar.

Tez va to‘g‘ri bajargan guruhga rag‘bat kartochkasi berib boriladi. Guruhlarga «Kamalak gul» maketi qo‘yilgan. Gullarning bo‘yalmagan qismiga rag‘bat kartochkasini yopishtirib to‘ldirib borishadi.

2- guruh «Piramida» guruh a’zolari «Xavfsizlik texnikasi qoidalari»ni aytishadi:

Kompyuter xonasiga ustki kiyimlarda kirib o‘tirish, elektr toki  manbalariga va ulanish simlariga tegish taqiqlanadi.

  • Kompyuter ekraniga qo‘l bilan tegish va kompyuter oldida ovqatlanish taqiqlanadi.
  • Kompyuterda ishlash davomida salomatligingizga zarar yetmasligi uchun kompyuter stolidan 20 sm uzoqlikda o‘tiring.
  • Ko‘zingiz kompyuter ekranidan 50-60 sm uzoqlikda bo‘lsin, har 20-30 daqiqadan so‘ng ko‘zga dam berib turish va kompyuterda ishlash kuniga 180 daqiqadan oshmasligi zarur.3- topshiriq: «O‘zing yasa!» Har bir guruhga plastilindan fazoviy shakl yasash topshiriladi. O‘quvchilarda kompetensiya shakllanadi. 1- guruh – kub, 2- guruh – shar, 3- guruh – piramida, 4- guruh – silindr, 5- guruh – konus yasaydi. Shakllarga qarab baho beriladi. Yasalgan shakllarni hayot bilan bog‘lab, nimaga o‘xshashiga misollar keltirib aytishadi.

3- guruh: «Kub» guruhi a’zolari «Kompyuterning asosiy qurilmalari» haqida so‘zlab beradi.amonaviy kompyuter quyidagi asosiy qurilmalardan tashkil topgan: sistemali blok, monitor, klaviatura.

  • Sistemali blok – o‘zida bir necha murakkab qurilmalarni birlashtirgan va himoya g‘ilofiga o‘ralgan qurilma. Unda protsessor, xotira, qattiq disk kabi muhim qurilmalar joylashgan.
  • Monitor – matn, grafik va boshqa turdagi ma’lumotlarni ekranda aks ettirish qurilmasi.
  • Kompyuter sichqonchasi – kompyuterni boshqarish qurilmasi.
  • Klaviatura – tugmachalardan iborat bo‘lib, ma’lumotlarni kiritish qurilmasi hisoblanadi.
  • Printer – ma’lumotlarni qog‘ozga chop etish qurilmasi.
  1. Mustahkamlash.

4- topshiriq: «O‘z gulingni yopishtir».

O‘qituvchi: ― Berilgan testni bajarib, qo‘lingizdagi gullarni ranglarga moslab bo‘yab, doskaga yopishtiramiz. Topshiriqni bajarib bo‘lgach, slayd orqali  gulning qanday bo‘yalishi kerak ekanini tasvir orqali tekshiramiz.

O‘quvchilar yopishtirgan gulning o‘rtasiga o‘z ismini yozishadi va xato bajargan o‘quvchi aniqlanadi.

4- guruh: «Silindr» “Paint” dasturi haqida aytib beradi.

  • “Paint” dasturi – kompyuterda grafik dasturlarni yaratish va qayta ishlash uchun mo‘ljallangan amaliy dastur.
  • “Paint”da qalam, mo‘yqalam yordamida rasmlar chizish va ularni turli ranglarga bo‘yash mumkin.
  • “Paint”da to‘g‘ri chiziq, egri chiziq, ellips, to‘rtburchak kabi shakllarni chizish va ularni bo‘yash mumkin. 5- topshiriq: «Sirli qopqoq» Berilgan misollarni yechib, «Mozaika» usulida shakllar hosil qilishadi. 5- guruh: «Shar» Kompyuter o‘yinlari haqida ma’lumot beradi. 
  • Kompyuter o‘yinlari xilma-xildir, bular: strategik o‘yinlar, mahalliy o‘yinlar, sport o‘yinlari. mantiqiy o‘yinlar, imitator o‘yinlar, onlayn o‘yinlar kabilardir.
  • Hozirgi kunda kompyuter o‘yinlari bolalar dunyoqarashini, iqtidorini rivojlantirish bilan birga ularda kashfiyotchilik, yaratuvchanlik xislatlarini tarbiyalovchi vosita sifatida keng qo‘llanilmoqda.
  • Kompyuter o‘yinlarini o‘ynab, ko‘p vaqt ekran qarshisida qolib ketish ko‘zlarni haddan tashqari zo‘riqtirish, umurtqaning qiyshayishi, ruhiy toliqish va tez asabiylashish kabi zararli holatlarni yuzaga keltiradi.
  1. Darsga yakun yasash va baholash. Guruhlarning «Kamalak guli»dagi gullarning nechtasi to‘liq holga keltirilganiga qarab, g‘olib guruh aniqlanadi.

Sichqoncha: ― Rahmat, bolajonlar, men bugun sizlardan kompyuter haqida juda ko‘p ma’lumotlarni bilib oldim. Endi kompyuter bilan, albatta, do‘st bo‘laman.

O‘qituvchi: ― Shunday qilib, sichqoncha kompyuter bilan ajralmas do‘stga aylanibdi.

  1. Uyga vazifa: 15- misolni yechib kelish.

                                Mahbuba UMAROVA,

Samarqand viloyati, 

Kattaqo‘rg‘on shahridagi 17-IDUMning

                             boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

Fikr bildirish