Matematika, 2- sinf
Dars shiori: Aqlimizni charxlaymiz,
Masala, misol ishlaymiz,
Bilim olib har kuni,
Hayotda biz qo‘llaymiz!
Darsning maqsadlari:
ta’limiy: doira, aylana markazi, radiusi haqida bilim berish, mavzuga doir misol va masalalar yechishga o‘rgatish;
tarbiyaviy: san’atni sevishga o‘rgatish, milliy an’ana va qadriyatlarga hurmat bilan yondashishga undash;
rivojlantiruvchi: o‘quvchilarning geometrik bilim va tafakkurini rivojlantirish.
Dars turi: yangi bilim beruvchi.
Dars metodi: savol-javob, tushuntirish, amaliy ish, guruhlararo musobaqa, “Qo‘l uzmasdan chizish” musobaqasi.
Dars jihozlari: darslik, mavzuga oid rasmlar, videolavha, sirkul, qalam, o‘chirg‘ich va chizg‘ich.
Darsning borishi:
I. Tashkiliy qism.
Navbatchi o‘quvchining axboroti tinglanadi, o‘quvchilarning darsga tayyorgarligi, uyga berilgan vazifa tekshiriladi va tahlil qilinadi.
II. O‘tilgan mavzuni mustahkamlash.
Matematik diktant orqali o‘tilgan mavzu mustahkamlanadi.
Eng katta 3 xonali sonni yozing. 999
5 yuzlik, 4 o‘nlik va 8 birlikdan iborat sonni yozing. 548
896 sonidan 90ta kam sonni toping. 806
640 sonida nechta o‘nlik bor? 64
Berilgan shaklning nomi nima? Doira
III. Yangi mavzuning bayoni.
– Qadrli o‘quvchilar, bugungi darsimizda doira, aylana markazi, radiusi, diametri haqida
o‘rganamiz.
O‘quvchilardan 8 nafari doskaga chaqiriladi va bir-birlari bilan qo‘l ushlashib turishlari aytiladi. Qo‘llarini keng yoyib, biror bir milliy o‘yin esga olinadi. Masalan, “Mushuk va Sichqon” yoki “Ro‘molcha tashlash” o‘yinlari.
– O‘quvchilar, o‘yinda qanday holatda turibsizlar?
– Doira bo‘lib turibmiz.
– Shu shaklni eslatuvchi nimalarni bilasiz?
O‘quvchilar o‘z javob variantlarini aytadilar:
– Non, mashina g‘ildiragi, mashina ruli, lagan va hokazo…
– Rasmda qanday geometrik shakllar tasvirlangan?
– Uchburchak, doira, to‘rtburchak.
Bu – doira. Doira – tekislikning aylana bilan chegaralangan qismi.
1- misol.
NL – DOIRA RADIUSI
KM – DOIRA DIAMETRI
– Odatda nuqtalar lotin alifbosining bosh harflari bilan belgilanadi. Masalan: A nuqta doiraning ichida,
B, C va D nuqtalar esa doiraning tashqarisida yotadi.
Aylana sirkul yordamida chiziladi.
Aylana markazidan o‘tgan chiziq uning diametri hisoblanadi.
r = AO = OB r – radius
d = AO + OB d- diametr
d = AB
Bir to‘pda 40 m chit gazlama bor edi. Choyshab uchun 20 m, yostiq jildi uchun 10 m chit qirqib olindi. To‘pda necha metr chit gazlama qoldi?
Bor edi – 40 m chit
Qirqib olindi – 20 m va 10 m
Qoldi – ? m (Masalani ikki xil usulda ishlash mumkin).
Javob: to‘pda 10 m chit qoldi.
Dam olish daqiqasi
Tenglama bu – tarozi,
O‘ng tomon va chap tomon.
Noma’lum sonni topish
Emas sira qiyin ish (o‘quvchilarga tenglamalar beriladi).
Bo‘linuvchi bo‘linmaga bo‘linsa, bo‘luvchi aniqlanadi.
Bo‘luvchi bo‘linmaga ko‘paytirilsa, bo‘linuvchi aniqlanadi.
IV. Yangi mavzuni mustahkamlash. O‘quvchilar ikki guruhga bo‘linadi.
Guruhlararo musobaqa o‘tkaziladi.
1-guruh uchun:
Rasmda nechta aylana bor?
2-guruh uchun:
Rasmda nechta doira bor?
“Qo‘l uzmasdan chizish” musobaqasi o‘tkaziladi.
Har bir guruhdan bittadan o‘quvchi tanlab olinadi va ko‘zlari bog‘lanadi. Ular doskadan qo‘llarini uzmagan holda aylana chizadilar.
V. Baholash. O‘quvchilar darsdagi ishtirokiga ko‘ra baholanadi va rag‘batlantiriladi.
VI. Uyga vazifa: 5-masala, 6-misol.
Dilfuza Nuriddinova,
Namangan viloyati Uychi tumanidagi 9- umumta’lim maktabining
1- toifali boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.