Mustaqil o‘qishga o‘rgatish – bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilar bilan ishlashning samarali usuli

Mustaqil o‘qishga o‘rgatish – bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilar bilan ishlashning samarali usuli

   Bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilarni mustaqil ishlashga o‘rgatish yaxshi samara beradi. Mustaqil faoliyat insonni ziyrak va hozirjavob qiladi. Bu faoliyat kichik yoshdagi maktab o‘quvchilarida ta’limga uyg‘un holda rivojlanishi kerak. Buning uchun, avvalo, o‘quvchilarni mustaqil faoliyatga ruhan tayyorlash, ularda biror ishni qila olishga va shu ishni sifatli bajarishiga ishonch uyg‘otish lozim.
Mustaqil ish turlari, avvalo, o‘qituvchi tomonidan puxta o‘ylangan, ta’lim maqsadiga yo‘naltirilgan va davomiy bo‘lishi kerak. Bunda har bir o‘quvchining imkoniyati hisobga olinishi, yosh xususiyati, qiziqishlari ham e’tibordan chetda qolmasligi kerak. O‘quvchilarni aqliy rivojlantirish shartlaridan biri topshiriqlarni to‘la “eslab qolib” bajarishdir. Bunda bajariladigan ishning maqsadini tushungan(tasavvur qilgan) holda uning rejasini belgilash va ish usulini tanlash, yo‘l qo‘yilgan xatolarni mustaqil topa olish va uni tuzata bilishlariga alohida e’tibor beriladi. O‘quvchilarning topshiriqlarni tez, to‘g‘ri bajarishi uchun qulay usullarni tanlash, yo‘naltiruvchi savollar berib, tayanch so‘zlar tavsiya etish foydalidir.

   O‘quvchilarda mustaqil ishlarni sifatli bajarishda qiyinchiliklar paydo bo‘lishi tabiiy. Chunki hali ularning tasavvuri yorqin, so‘z boyligi yetarli emas. Tajribalar shuni ko‘rsatadiki, bolalar o‘qituchi rahbarligida ishlaganda, tezroq mulohaza qiladilar. Bu holga o‘rganib qolmasliklari uchun ko‘proq ularning o‘zini mustaqil fikrlashga da’vat etish lozim. O‘quvchilar e’tiborini jalb etish maqsadida matndagi voqealarni eslatib: Nega shunday bo‘ldi? Seningcha qanday bo‘lishi kerak edi? kabi savollar berib, uning fikrini ma’qullab, “yana o‘ylasang topasan”, “juda yaxshi”, “juda soz!” kabi rag’batlantiruvchi so‘zlarni ishlatish foydalidir.
Masalan, “O‘roq va Kombayn” mavzusi yuzasidan: O‘roq nega afsuslanadi? Kombayn unga nima dedi? Kabi savollar berib, har ikkisini solishtirish orqali texnikaning kuch-quvvatiga bolalar e’tibori tortiladi, har bir texnika asbobining hayotimizdagi ahamiyatini baholashga o‘rgatiladi.

   Dastlabki bajargan mustaqil ishdan bola mamnun bo‘lsa, uning
qiziqishlari ortib, yangi-yangi ish turlarini amalga oshirishga kirishadi. Mustaqil ish natijalarini hamisha tekrishish lozim. Tekshirish og‘zaki yoki yozma shaklda bo‘lishi mumkin. Bola yozishidan oldin o‘ylaydi, fikrini og’zaki jamlaydi, so‘ng uni yozishga kirishadi. O‘z fikrini bayon qilish, yo‘l qo‘yilgan biror savol yoki masala yuzasidan mushohada yuritishga urinadi. Bu jarayon (og‘zaki) nutq asosida paydo bo‘ladi va mustahkamlanadi. Masalan, o‘quvchi o‘z fikrini yozma ifodalashdan ilgari o‘ylaydi. Pichirlab allanimalar haqida o‘zicha gapiradi(pedagogikada bu aktiv faoliyat hisoblanadi). Insho yozishning dastlabki shakllari ana shunday ishlardan boshlanadi. Bola matnni o‘qib, og‘zaki tahlil qiladi, sarlavhalar o‘ylab topib, qanday rasmlar ishlash lozimligini rejalaydi.

   O‘quvchilarni mustaqil faoliyatga o‘rgatishda quyidagilarga amal qilish lozim:
– beriladigan har bir topshiriq o‘quvchi imkoniyatlariga mos bo‘lsin va qiziqish uyg‘ota olsin;

   – ish osondan qiyinga, soddadan murakkabga qarab yo‘naltirilsin, o‘quvchiga tushunarli bo‘lsin;

   – ishni bajarishda bolalarda o‘ziga ishonch hissi uyg‘onsin, ishga kirishishda ular o‘zlarida dadillik sezsin;

   – mustaqil bajariladigan topshiriqlar yakkama-yakka tarzda amalga oshirilsin(hamma o‘quvchi uchun bir xil topshiriq berish – mustaqil faoliyat emasligini eslatamiz), albatta bunda bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchiga e’tibor berish kerak;

  – topshiriqlar turini almashtirishga alohida
ahamiyat berish kerak;

 – topshiriqlarni hamma bir vaqtda boshlab, ma’lum vaqtda tugatishi kerakligini eslatib, bo‘sh o‘zlashtiruvchi bolalarni shu talabni bajarishga ko‘niktirish lozim;

 – ish joyi hamisha qulay, saranjom-sarishta bo‘lishi(parta ustida ortiqcha narsalar bo‘lmasligi) kerak;

 – topshiriqlar darsning turli bosqichida bajarilishi mumkin;
– darslik, didaktik materiallar bilan ishlashda uzviylik bo‘lishi maqsadga muvofiq.

   Uyga beriladigan vazifalar ham mustaqil ishning bir turidir. Bolalarga, iloji boricha, sinf sharoitida asosiy bilim va malakalarni singdirish, uyga vazifalar berishda me’yorga amal qilish kerak. Bolalar darsdan(og‘ir, mashaqqatli mehnatdan) keyin tiniqib dam olsalar, ko‘proq ochiq havoda bo‘lib, harakatli o‘yinlar, sayr bilan vaqt o‘tkazib, tunda osuda uxlab, ertangi kungi darslarga yaxshi kayfiyat bilan kelsalar, darsni o‘zlashtirish yaxshi bo‘ladi. Shuning uchun uy vazifalari oson bo‘lishi, asosan, bolalarni kuzatishga, xulosa chiqarishga undashi lozim.

   Tan olish kerakki, bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilar bilan ishlash ancha murakkab jarayon. O‘qituvchining pedagogik mahorati, zamonaviy dars o‘tish usullaridan foydalanishi, bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchi bilan yakka tartibda ish olib borishi natijasida uni samarali amalga oshirish mumkin.

Intizor JUMANIYOZOVA,
Xorazm viloyati, Urganch tumanidagi
23- umumta’lim maktabining
boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

 

Fikr bildirish