Iqtidor va imkoniyatni to‘g‘ri yo‘naltirish va vaqtida aniqlash juda muhim sanaladi. Hozirgi kunda har bir boladagi iqtidor va imkoniyatiga qarab uni rivojlantirish va yo‘nalishlarini aniqlab berish uchun, taʼlim muassasalarida yoshlar yetakchilari faoliyati yo‘lga quyilgan. Ular bilim dargohida o‘quvchilarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash uchun ilk qadamlarni aniqlovchi ko‘prik desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu vazifani sidqidildan bajarish uchun yoshlar yetakchilarida masʼuliyat, ishonch va intizom mujassam bo‘lmog‘i shart.
Masʼuliyatni o‘ziga ola bilish va unga tayyor bo‘lish qariyb barcha buyuk liderlarga xos bo‘lgan sifatdir. G‘ururli yetakchilar masʼuliyatni o‘ziga olishda o‘zlarini go‘yoki vaziyatning yoki sharoitning qurboni tarzida tutmaydilar. Ular o‘zlarining kim ekanliklarini, hayotda kanday o‘rin tutishlarini, nima sababdan bunday qilish kerakligini to‘g‘ri anglab, masʼuliyatni o‘z zimmalariga olishlari juda muhim. Har bir yetakchi uchun masuliyat bu – vijdon, g‘urur, javobgarlik, shaʼn, mardlik, o‘z ishiga bo‘lgan fidoyilikdir. Аgarda yetakchida masʼuliyat bo‘lma-sa, uning ishi va tashabbuskorligida oldinga siljish ko‘rinmaydi. U shunchaki ishiga funksional vazifa sifatida qaragan bo‘ladi. Masʼuliyatsiz insonlar har qanday ishni ota-onasi, rahbariyati, hukumatiga, o‘zidan boshqa har qanday manzilga yuklashga harakat qiladilar. Аgar yetakchi sifatida hayotda ko‘p narsaga erishmoqchi bo‘lsangiz o‘zingizda masʼuliyat hissini rivojlantiring.
Komillikka yetishishga intilayotgan, o‘z maqsadiga erishish yo‘lida tinmay mehnat qilayotgan insonda masʼuliyat hissi bo‘ladi. Bunday inson o‘zidan qoniqib yashaydi. Yetakchi sifatida har bir ishni maromiga yetkazib bajarishni maqsad qiling. Maqsad qilish bilan birga, uni nazorat qilish lozimligini ham unutmang. Har bir ishni oxiriga yetkazish bu – natijadir. Natija esa qanday bo‘lishidan qatʼiy nazar yutuqdir.
Yetakchi sifatida o‘zingizga bo‘lgan ishonch atrofingizdagi o‘quvchilarning o‘ziga bo‘lgan ishonchini kuchaytiradi. Sizdagi ishning xayrli yakuniga bo‘lgan ishonch qo‘l ostingizdagi insonlarning ham unga bo‘lgan ishonchini keltirib chiqaradi. Аgar o‘zingiz biror narsaga ishonmasangiz yaxshisi uni boshlamaganingiz maʼqul. Kuchsiz va o‘ziga ishonmaydigan inson hech kimga yoqmaydi. Odatda biz omadsiz va ikkilanuvchan insonlarni yoqtirmaymiz. Аgar siz, o‘quvchilarga yoqishni istasangiz, o‘zingizning g‘alaba qozonish uchun otlanganligingizni namoyish qiling, boshingizni baland, qaddingizni tik tutib, ularning ko‘ziga ishonch bilan boqing. O‘ziga ishonchi bo‘lmagan inson, o‘zi uchun ham, jamoasi uchun ham, korxonasi uchun ham o‘ta xavflidir. Bunday insonlar atrofdagilardan o‘zini maqtashlarini, o‘zini hurmat qilishlarini talab qiladi. O‘ziga ishonchi bo‘lmagan inson o‘z vakolatlarini kuchaytirishga harakat qiladi. Bunday insonlar nafaqat o‘z imkoniyatlarini balki boshqa o‘quvchilar imkoniyatini cheklaydilar.
Yetakchi sifatida siz o‘zingizga ishonch bildirib, faoliyat boshlasangiz, atrofingizga siz kabi ishonchli o‘quvchilar birlashadi. O‘quvchilaringizning yaxshi va yomon tomonlarini juda yaxshi bilish, boshqalarni ham hurmat qilishni o‘rganing. O‘ziga ishonadigan yetakchilar o‘z jamoasining yutuqlaridan ruhlanadilar, boshqalarning yutuqlaridan quvonadilar.
Yoshlar yetakchisi raqobatdan qo‘rqmasligi, o‘zida ishonchi bo‘lishi u uchun muhim sifatlardandir.
INTIZOM
Yetakchi sifatida siz boshqarishingiz kerak bo‘lgan birinchi inson bu-sizning o‘zingizdir. O‘zini o‘zi intizomga chaqirmasdan biror yutuqqa erishib bo‘lmaydi. Inson qanchalik iqtidorli bo‘lmasin, intizomli mehnatsiz biror sohada to‘liq rivojlanishga, katta yutuqqa va komillikka erisha olmaydi. Yetakchi ham dastlab ishni o‘zini o‘zi intizomga chaqirishdan boshlashi lozim. Аgar siz, ertalab ezilgan, qiynalgan va kayfiyatsiz holda ishga kelsangiz o‘quvchilardan alamingizni olishga harakat qilmang. Sizning kuch va qudratingiz bo‘lmasa ularni g‘alabaga olib bora olmaysiz. Muammo, qiynchilik va ziddiyatlar doim bo‘lgan, bu uchun tushkunlikka tushish va hammasidan tez voz kechish shart emas. Tashqi yutuq ichki yutuqdan boshlanadi. Boshqalarni boshqarish sanʼatini egallash uchun avvalo siz, o‘zingizni boshqarish sanʼati bo‘yicha bilimingizni mustahkamlang.
Haqiqiy liderlar qatorida bo‘lishni istasangiz intizomning etagidan qattiq tuting. O‘zingiz uchun eng muhim bo‘lgan ishlarni belgilang va intizom bilan bajaring. Muhim vazifalarni yechish uchun ikkita narsa kerak, bular: reja va vaqt. Doimgidek yetakchida vaqt kam bo‘ladi. Demak, endi sizga reja kerak. O‘zingiz uchun eng muhim bo‘lgan ishlarni aniqlab oling va boshqa mayda narsalarga chalg‘imang, chunki, sizda vaqt kam. Shunda siz uchun muhim bo‘lgan ishni amalga oshirish osonlashadi. O‘zini o‘zi intizomga chaqirishning asl mazmuni shundan iborat. Olingan tajriba va amaliyotlarda ayrim yetakchilarda boqimandalik hissini ko‘rish mumkin, go‘yoki barcha narsani davlat ularga berishi kerakdek. Hozir bunday davr emas, hozir yashash uchun harakat, harakat uchun izlanish, izlanish uchun bilim va intizom juda muhimdir. Siz oldinga qadam quyishni boshladingizmi bilingki, boshqalardan bitta qadami oldindasiz. Malaka va tajribani oshirish uchun ko‘proq izlaning. Imkoniyatlar ko‘p, faqat vaqtida ilg‘ash, intilish va to‘g‘ri strategiyani aniqlash muhim.
Intizomli hayot tarzi bilan yashashni o‘zingizga maqsad qiling. Buning uchun esa, turli bahona va sabablarni qidirib topishdek yomon odatdan qutulishga harakat qiling.
Kamola Ismoilova,
O‘zbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vazirligi
O‘quvchi va yoshlar tashkilotlari bilan ishlash bo‘limi
bosh mutaxassisi