O‘qituvchilаr bilimli va barkamol аvlodni tаrbiyalаydigаn insonlаrdir. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola UMАROVА bilan suhbat

O‘qituvchilаr bilimli va barkamol аvlodni tаrbiyalаydigаn insonlаrdir. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola UMАROVА bilan suhbat

Hilola O‘ktamovna, zimmangizga o‘ta murakkab va shuning bilan birgaligi sharafli vazifa yuklanganligiga ham bir yildan oshdi! Ilk savoli­miz – dastlab ish boshlagan paytingizda sohadagi asosiy muammolarni nimalarda ko‘rdingiz? Ularni bartaraf etish bo‘yicha ayni damgacha amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha maʼlumot bersangiz?

 

– Taʼlim tizimidagi masʼuliyatli vazifalarni pedagoglar qatori ommaviy axborot vositalari xo­dimlarining sidqidildan beradigan ko‘magisiz bajarish qiyinligini alohida taʼkidlamoqchiman.

Sohadagi muammolar yillar davomida yig‘ilib qolganligi hech kimga sir emas. Ular Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida bosqichma-bosqich bartaraf etilmoqda. Davlatimiz rahbarining “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi”, degan fikrlari, o‘tgan yilning “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”, deya nomlanishi quruq so‘zlar emasligi keng ko‘lamli chora-tadbirlar ijrosida o‘z isbotini topdi.

Misol tariqasida maktabgacha taʼlim muassasalari bo‘yicha amalga oshirilgan salmoqli ishlarni olaylik. Bu tashkilotlar soni bugungi kunga kelib 33 942 taga yetdi, boshqacha aytganda 3–7 yoshli bolalarning maktabgacha taʼlim bilan qamrab ­olish darajasi 74 foizga, 6 yoshli bolalarning maktabga tayyorlov qamrovi 93 foizga ko‘tarildi. Bu O‘zbekiston tarixida misli ko‘rilmagan ko‘rsatgich va xalqimiz uchun cheksiz imkoniyatdir. Bu sohada ishlar davom etmoqda. O‘tgan yilda 335 ta davlat maktab­gacha taʼlim tashkilotlari hamda 370 ta boshlang‘ich taʼlimga bir yillik majburiy tayyorlov guruhlari 122,2 milliard so‘mlik mebel va boshqa jihozlar bilan taʼminlandi.

Shuningdek, o‘tgan yilda 563 ta maktabda investitsiya va boshqa qo‘shimcha dasturlar doirasida qurilish-taʼmirlash amalga oshirildi. Mazkur ishlar natijasida qo‘shimcha 118,6 mingta yangi o‘quv o‘rinlari yaratilib, mavjud 114,8 ming o‘rinli binolar mukammal taʼmirlandi. Mazkur maqsadlar uchun 3 trillion so‘mga yaqin mablag‘lar yo‘naltirildi.

Umumiy o‘rta taʼlim maktablariga 3 710 ta kompyuter sinfi to‘plami va 555 ta interaktiv dos­kalar yetkazildi. 10 100 ta maktabga Internet tarmog‘i infratu­zilmasi olib kelindi va ­“Education” tarif rejasiga ulandi.

10 104 ta maktab uchun 112 milliard so‘m hisobiga 5 turdagi sport va 7 turdagi milliy cholg‘u asboblari yetkazib berildi. Natijada, sport jihozlari 100 foizga va milliy cholg‘u asboblari bilan taʼminlanganlik darajasi 35 foizga yetkazildi.

Yangi metodikalar asosida yaratilgan va xalqaro ekspertizadan o‘tkazilgan 495 nomdagi darsliklar boshlang‘ich sinflar uchun, ingliz, frantsuz va nemis tillari bo‘yicha xalqaro nashriyotlarning (Kembrij, Klett, Dider) mahalliylashtirilgan 88 nomdagi darsliklari barcha sinflarda tatbiq etildi. O‘quvchilari uchun jami 63,1 million nusxada darslik chop etildi.

Taʼlim sifatini oshirish maqsadida respublika bo‘yicha 500 ta maktabda Prezident maktablari o‘quv dasturi, baholash tizimi joriy etildi. Bunda Prezident maktablari ularga “tayanch maktab” bo‘lib xizmat qilmoqda. Joriy o‘quv yili yakunida ularning ishi baholanib, yangi tizimni samarali qo‘llagan o‘qituvchilarga 40 foizgacha ustama beriladi.

2024–2025- o‘quv yilida 500 ta maktabning har biriga 3 tadan maktab biriktirilib, yangi tizimni yo‘lga qo‘yiladi. Bu ishlar orqali yana 1500ta maktabga Prezident va ixtisoslashgan maktablar metodikasi, muhiti kirib boradi. Kelgusi besh yilda ushbu tizim barcha maktablarda joriy qilinishi belgilangan.

Yakuniga yetayotgan yilda maktablarda dars berish uchun xorijdan 500 nafar “til egalari” olib kelindi. Yangi tizim joriy qili­nadigan maktablar ko‘payishini hisobga olib, kelgusi yilda yana 1500 nafar mutaxassis taklif etiladi.

Аmalga oshirilayotgan ishlar samarasi sifatida o‘quvchilari­miz beshta eng nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida jami 13 ta, boshqa xalqaro olimpiadalarda 52 ta medalni qo‘lga kiritishdi. Аyniqsa, o‘quvchilarimiz Xalqaro informatika olimpiadasida ilk bora sovrindor bo‘lishlari bilan birga, ushbu Xalqaro olimpiada birinchi marta O‘zbekistonda 2026- yilda bo‘lishi belgilanganini alohida taʼkidlashni istardim. Biz bu nufuz­li Xalqaro olimpiadaga bugundan tayyorgarlikni boshladik.

 

– Mushtariylarimiz asosan boshlang‘ich sinf muallimlaridir. Boshlang‘ich taʼlimni rivojlantirish borasida Prezidentimiz vazirlik oldiga qo‘ygan vazifalar o‘quv reja, dasturlar va darsliklarda qay darajada aks etayapti, deb o‘ylaysiz? Darsliklarning takomillashgani xususida sizning fikringiz…

 

– Xabaringiz bor, taʼlimni rivoj­lantirish bo‘yicha qabul qilingan Milliy dastur bir nechta hujjatlar – o‘quv dasturlari, o‘quv reja, baholash mezonlaridan iborat. Uning dastlabki bosqichida boshlang‘ich taʼlim turadi. Xorijiy hamkorlar, qator ekspertlar bilan birgalikda bosqichma-bosqich sinflar, fanlar kesimida o‘quv dasturi ishlab chiqilib, darslik va o‘qituvchilar uchun qo‘llanmalar yaratilmoqda.

Hozirgacha chop etilgan darsliklar vazirlik tomonidan tasdiqlangan dastur asosida ishlab chiqildi. Endi uning joriy qilini­shidagi murakkablik darajasini, bolalarimizning qabul qilishi yoki rivojlanishidagi natijalarni maʼlum vaqtda faqat o‘qituvchilarimiz ayta olishadi. Ota-onalar hali farzandlari bilan darslikni oxirigacha o‘qib chiqishmaganligi, undagi o‘zgarishlar mohiyati haqida fikr bildirishi qiyinroq. Birinchidan, ota-onalar o‘qigan davr talablari ortda qoldi. Ikkinchidan, biz rivoj­langan dunyoning zamonaviy taʼlimi darajasini marra sifatida belgiladik va bu albatta, islohotni talab qiladi. Uchinchidan, darsliklardagi baʼzi savolli yoki bahsli masalalarni o‘qituvchi ko‘radi, chunki u oldingisi bilan ishlagan.

Аlbatta, kamchiliklar ham bo‘lishi mumkin. Ularni bartaraf etish bo‘yicha tizimli ishlar olib boriladi. Lekin asossiz eʼtirozlar ham yo‘q emas. Bu, fikrimizcha, inson omili bilan bog‘liq masala. Baʼzi muallimlar o‘zi o‘rgangan eski jarayonni, ish uslubini o‘zgartirishni istamaydi. Shu nuqtai nazardan darslik kimgadir yoqishi, boshqasiga yoqmasligi mumkin. Darslikni ochib, dast­labki mutolaadayoq “bu juda murakkab mavzu, bola tushunmayapti”, deyish noo‘rin. Hech bo‘lmaganda, o‘quv yili yakunlanishi zarur. O‘shanda ham darsliklar o‘ta murakkab ekanini maʼlum bir monitoringlar natijasidagina ayta olamiz.

Haqiqat shuki, biz yangilikka intilishimiz, o‘z ustimizda muntazam ishlashimiz, jadid bobolar kabi eng zamonaviy taʼlim tizimini yaratish orqali taraqqiyotga eri­shishimiz bugungi kunning dol­zarb masalasidir.

– Ijtimoiy tarmoqlardagi baʼzi salbiy fikrlardan qatʼiy nazar O‘zbekiston taʼlimining o‘quvchilar savodxonligini hamda bilimlarini amaliyotda qo‘llash qobiliyatini baholovchi PISA dasturiga qo‘shilgani rivojlanishimizga hissa bo‘lishi shubhasizdir. PISA natijalari eʼlon qilingach, har bir mamlakat taʼlimi mutasaddilari o‘zlarining kelgusidagi vazifalarini belgilab oladilar. Bu borada vazirlik tizimida tahlil o‘tkazilib, chora-tadbirlar ishlab chiqish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

 

– Bu savolingiz yuqoridagi fikrlarimizga, jumladan, o‘quv dastur va darsliklarga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga ham taalluqlidir. Holbuki, hech bir mamlakat taʼlim tizimi xalqaro tadqiqotlar, baholash sinovla­ridagina yaxshi natija ko‘rsatish uchun ish olib bormaydi. Siftali taʼlim bosh maqsad qilib olinadi. PISA xalqaro tadqiqotida tushayotgan savollar butun dunyo bolalarining davr talabiga tayyor yoki tayyor emasligini aniqlash maqsadida beriladi.

Boshqacha aytganda, PISA tadqiqoti har bir mamlakatga o‘zining kuchli va zaif tomonlarini dunyo taʼlim tizimi bilan qi­yoslash imkonini beradi. Ushbu tadqiqotlar orqali mamlakatdagi taʼlim tizimi, muhiti, tashkil etilishi, o‘quvchilarning tanqidiy va ijodiy fikrlashi, egallagan bilimlarini hayotda qo‘llay olish qobiliyatlari, ota-onalarning farzandlarini taʼlim olishlariga eʼtiborlari va oilada yaratilgan sharoitlari bo‘yicha atroflicha ilmiy asoslangan ishonchli maʼlumotlar olishga erishish ko‘zda tutilgan.

O‘quvchilarimiz yangi zamon talabiga javob bera olishlari uchun tabiiy fandan bo‘ladimi, o‘qish savodxonligi, matematika kabi aniq fanlardan bo‘ladimi, faqat yodlash orqali bilim olish bilan cheklanmay, bilganlarini amalda qo‘llash ko‘nikmalariga ega bo‘lishlari zarur. Biz hozir mana shu jarayonga eʼtibor qa­ratsak, taʼlimda rivojlangan dunyo bilan hamqadam bo‘la olamiz. Hozirgacha masala ana shu rakursda qo‘yilmagan, o‘z-o‘zidan darsliklar ham bunga yo‘naltirilmagan, o‘qituvchilarimizga ham oliy taʼlim jarayonida o‘rgatilmagan.

Demak, taʼlim tizimidagi islohotlarimizni yanada jadallash­tirish va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish navbatdagi kechiktirib bo‘lmas vazifamizdir.

–     Fikrlaringizdan maʼlum bo‘ldiki, o‘z-o‘zidan pedagog kadrlarni tayyorlash va mala­kasini oshirish borasida ham islohotlar zarur. Bu borada qan­day yangiliklar joriy etil­moqda?

 

–     Darhaqiqat, darsliklarga kiritilayotgan yangiliklarni o‘quvchilarga tushuntirib beradigan mutaxassislar muallimlardir. Prezidentimizning “Taʼlim va tarbiyaning asosi, poydevori bu – maktab. Maktabni maktab qiladigan kuch esa o‘qituvchilardir”, degan fikri ayni o‘rinda o‘ta muhimdir.

Аvvalo boshlang‘ich taʼlimdagi ishlar xususida fikr yuritadigan bo‘lsak, vazirlikning Аbdulla Аvloniy nomidagi milliy-tadqiqot institutida taʼlim tizimini takomillashtirishning dolzarb masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etdik. Unda boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining uzluksiz kasbiy taʼlimini yanada takomillash­tirish, bu boradagi ilg‘or milliy hamda xalqaro tajribalarni tahlil qilish, samarali yondashuvlarni aniqlash va ularni amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilindi. Soha masʼullari, olimlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari xo­dimlari hamda ilmiy izlanuvchilar ishtirok etgan ushbu tadbirda boshlang‘ich taʼlim sohasida olib borilayotgan islohotlar va tadqiqotlarning qamrovi va ilmiy-tadqiqotlar samaradorligini oshirish orqali taʼlim sifatini yaxshilash bugungi kunda tizim oldida turgan muhim masalalardan biri ekanligiga alohida urg‘u berildi. Masalan, ilg‘or xorijiy tajribalar asosida boshlang‘ich sinf o‘quv­chilari uchun yaratilgan yangi avlod darsliklarining zamonaviy “4K” modeli asosida yanada takomillashtirishga doir fikr-mulohazalar bildirildi.

Maʼlumot uchun shuni taʼkidlash kerakki, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun joriy yil davomida 3 ta bosqich hamda 36 soatlik o‘quv kurslaridan iborat malaka oshirish o‘quv kurslari tashkil etildi. Unda Respublika bo‘yicha 304 nafar pedagog tre­ner sifatida tayyorlandi. Shuningdek, hududlardagi Pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazlarida shu yo‘nalishda olib borilgan o‘quv kurslariga yurtimizdagi 9 736 nafar boshlang‘ich taʼlim metodika birlashma rahbarlari jalb etildi.

Bu borada pedagog kadrlar faoliyati samaradorligini oshirish tizimiga ham xalqaro tajribalarni tatbiq etayapmiz. Masalan, ayni kunlarda respublikamizning barcha viloyatlarida 500 nafar xorijlik mutaxassislar maktab taʼlimiga jalb etilgan holda o‘quvchilarga chet tillarida saboq bermoqda. Bu o‘qituvchi va o‘quvchilari­mizning xorijiy tajribani o‘rga­nishlarida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Joriy yilda yurtimizdagi mavjud 10163 ta maktabda qariyb 507 ming nafarga yaqin o‘qituvchi-pedagog o‘quvchi-yoshlarimiz­ga taʼlim-tarbiya berib kelmoqda.

Pedagog kadrlarning malaka toifasini oshirish tizimida ham ortiqcha rasmiyatchilik va qog‘ozbozlikka chek qo‘yildi. Bu bilimini muntazam oshirib borishga manfaatdor, kasbiga mehr qo‘ygan fidoyi, mahoratli muallimlarimiz uchun yana bir sharoit hisoblanadi. 2024- yil 1- yanvardan bosh­lab maktab o‘qituvchilarga toifa berish bevosita Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Malaka toifasini olish bo‘yicha sinovlar bir yilda kamida bir marotaba ikki bosqichda o‘tkaziladi va 100 ballik tizimda baholanadi. Birinchi bosqichda – pedagogning mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilim darajasi (80 ball), ikkinchi bosqichda – pedagogik mahoratini (20 ball) baholash tartibi joriy qilinmoqda. Har ikkala bosqich ham komp­yuterda real vaqt rejimida onlayn tarzda o‘tkaziladi. Yaʼni natijalar inson omiliga bog‘liq bo‘lib qolmaydi. Bu esa o‘z-o‘zidan korrupsiya ehtimolining oldini oladi.

 

– “Boshlang‘ich taʼlim” jurnali mushtariylari – muallimlarga tilaklaringiz.

 

– Bugun maktablarda taʼlim olayotgan bolajonlarimizning yangi O‘zbekistonimizni rivojlangan davlatlar qatoriga olib chi­qishi borasida imkoniyatlari yetarli, deb ayta olamiz. Muallimlar ana shunday bunyodkor va barkamol avlodni tarbiyalaydigan insonlardir. Аna shu muqaddas vazifani amalga oshirishda, yaʼni tinimsiz izla­nish, farzandlarimizga mehr bilan zamonaviy bilim ulashishda pe­dagoglarimizga zafarlar tilayman.

 

– Mazmunli suhbatingiz va ezgu tilaklaringiz uchun rahmat!

 

Gulmira KАMILOVА
suhbatlashdi.

Fikr bildirish