MILLATIMIZ ONALARI

MILLATIMIZ ONALARI

(4- sinf xonasi bayramona bezatilgan, sinf xattaxtasi «Millatimiz onalari»,
«Ona bilan bola – gul bilan lola», «Sifatli ta’lim sari olg‘a!», «Bola–loy, Ona–kulol» maqol va shiorlari,
4- sinf o‘quvchilari ko‘zlari rasmi tushirilgan konvertlar va rasmlar bilan bezatilgan.)

 

Tadbirning borishi:
I. Tashkiliy qism.
  (Onalar Munisa Rizayevaning «Ota-onam» qo‘shig‘i sadolari ostida kutib olinadi.)
Onalar, taklif etilgan mehmonlar, ustozlarni kutib olish va joylashtirish.
Sinf rahbari yig‘ilish maqsadi, ta’til uchun tavsiyalar, chorak yakuni, o‘quvchilar o‘zlashtirishi haqida umumiy ma’lumot beradi.
4 yil mobaynida sinf o‘quvchilari bilan olib borilgan ishlar yuzasidan tayyorlangan videorolik namoyish etiladi.
«Millat onalari» she’ri bolajonlar tomonidan musiqa sadolari ostida yoddan ijro etiladi.
Millat onalari
To‘marisdek buyuk ayol timsoli,
Dunyo dardlaridan bitgan ozori.
Qalbda dard, lek yashaydi gulzori
Bu o‘zbek ayoli, millat onasi.
Farzandiga qalb qo‘ridan jon bergan,
Xasta bo‘lsa, mehridan berar malham.
Oilam deb ro‘zg‘orin tutar mahkam,
Bu o‘zbek ayoli, millat onasi.
Botirlarni vujudida ko‘targan,
Ayol sha’ni, ori bilan tuĝilgan.
Ro‘molidan rayhon atri taralgan,
Bu o‘zbek ayoli, millat onasi.
Sinovlarga sabr bilan yondoshgan,
Oilam deb hurmat, obro‘ talashgan.
O‘zi yemay, farzandiga ulashgan,
Bu o‘zbek ayoli, millat onasi.
Ko‘ngliga yo‘l toping, ranjitmang aslo,
Ko‘klarga ko‘taring, bo‘lmasin ado.
Bolam, deya jonini qilar u fido,
Bu o‘zbek ayoli, millat onasi.
O‘smalari qoshlariga yarashgan,
Atlas kiysa, havas bilan qarashgan.
Bugun aytay, keldi gapning xonasi,
Bu buyuk el onasi, millat onasi.
«Men, dadam, oyim» qo‘shig‘i. O‘quvchilar qo‘shiqqa raqsga tushadilar.
II. Asosiy qism.
1. Gul yasash.
Har bir onaning oldiga rangli qog‘oz, qaychi, yelim qo‘yiladi va ulardan foydalanib, gul qirqish ishi amalga ­oshiriladi. Ish bosqichma-bosqich sinf rahbari ko‘rsatmasi bilan bajariladi. Gul tayyor bo‘lgach, unga tilaklar yoziladi va uni «Sifatli ta’lim sari olg‘a!» shiori yozilgan A3 formatdagi qog‘ozga yopishtirishadi. Har bir bajarilgan ish ko‘riladi va gullarning farqi, bir-biriga o‘xshamasligi sababi izohlanadi. Buning misolida ta’lim jarayonida ham ustoz hamma o‘quv­chiga barobar tushuntirishi, lekin har bir bola har xil qabul qilib, har xil o‘zlashtirishi aytiladi. Shuning uchun onajonlar har doim bolalariga e’tiborli bo‘lishi, yordam berishi kerakligi tushuntiriladi. Onalar fikrlari tinglanadi.
2.  «Ona bilan bola – gul bilan lola»
Panja-qo‘llar anketasi
«Ona bilan bola – gul bilan lola» yozuvi atrofiga o‘quvchilarning qo‘lchalari tushirilgan rasm va unda anketa savollariga bolalar javoblari yopishtirib qo‘yilgan. Qo‘lchalarning 2- juftiga onalar javoblarini yozib, o‘z farzandlarining yozgani yoniga yopishtiradilar, o‘qib chiqadilar va fikrlari qay darajada yaqinligi yoki uzoqligi o‘rganiladi. Bu ona va bola o‘rtasidagi munosabatning qandayligini ko‘rsatib beradi.
Onalarga anketa savollari:
1. Siz nimani yaxshi ko‘rasiz?
2. Sizni nima xafa qiladi?
3. Siz qaysi ishni hammadan yaxshi bajarasiz?
4. Sizning eng yaxshi ko‘rgan mashg‘ulotingiz?
5. Farzandingiz bilan o‘xshash tomonlaringiz bormi?
Bolalar ham bir kun oldin xuddi shu savolarga javob yozgan bo‘ladilar. Ular aynan onalari haqida bilganlarini yozadilar. Xulosani o‘qituvchi umumlashtirib aytib o‘tadi.
3. Sahna ko‘rinishi.
Tarqatma yozuvlar bolalar tomonidan ketma-ketlikda namoyish etiladi. Sahna ko‘rinishi so‘ngida hamma o‘quv­chilar birgalikda:
«Biz sizning qo‘llab-quvvatlashingizga ishonamiz!» deydilar.
4. «Tug‘ilgan kun» qo‘shig‘i.
Qo‘shiq davomida bolalar o‘z tug‘ilgan kunlarining sanasi yozilgan va bezatilgan qog‘ozlarni ko‘rsatib raqsga tu­shishadi.
5. «Qutidagi sirli eng yaxshi ko‘rgan insonim»
Onalar o‘z farzandlari qo‘llaridan samimiy tilaklar yozilgan yurakchali stikerlardan tanlab olib,  qutichani ochib ko‘rishadi. Qutichada esa oyna berkitilgan bo‘ladi va ular farzand­larining eng yaxshi ko‘rgan insoni ekanliklarini o‘zlaridan eshitishadi. Bajarib bo‘lgach, bolajonlar chiqib ketishadi.
III. Yakuniy qism.
6. Enerjayzer. Musiqali raqs.
Onalar tayoqchalarni ko‘rsatgich barmoqlari uchi bilan bir-birlariga bog‘lanib, o‘qituvchining o‘ngga, chapga yuring, o‘tirib-turing kabi buyrug‘ini bajarishadi.
7. «Orzu» qo‘shig‘i yangraydi. Bolalar kirib kelishadi va orzulari yozilgan sharlari bilan raqsga tushadilar. Sharlarini onalariga taqdim etadilar.
9. Munisa Rizayevaning «Ota-onam» qo‘shig‘i sadolari ostida yakun yasaladi.
10. Onalar fikr, mulohaza, takliflari, his-tuyg‘ulari tinglanadi, rasmga tushishadi.
Hurriyat ISMOILOVA, 
Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi 
19- maktabning oliy toifali boshlang‘ich 
sinf o‘qituvchisi. 

Fikr bildirish