SHAVKAT MIRZIYOYEV: …ILM-MA’RIFAT, MA’NAVIY VA INTELLEKTUAL TARAQQIYOT JAMIYAT RAVNAQINING HAL QILUVCHI KUCHI…
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgan Islom sivilizatsiyasi xalqaro forumi ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida bugungi murakkab va tahlikali davrda ilm-fan, ma’rifat, madaniyat hamda yuksak axloqiy qadriyatlar tinchlik, o‘zaro ishonch va barqaror taraqqiyotning mustahkam poydevori ekanini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari islom sivilizatsiyasi asrlar davomida jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qo‘shganini, Yangi O‘zbekiston esa buyuk ajdodlar merosini chuqur o‘rganish, asrab-avaylash va keng targ‘ib etishni davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida izchil davom ettirayotganini qayd etdi.
Shuningdek, Prezident O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bugungi kunda Sharq va G‘arbni, tarix va zamonaviy ilmni bog‘lovchi nufuzli xalqaro ilmiy-gumanitar maydonga aylanayotganini ta’kidlab, barcha davlatlar va xalqaro tashkilotlarni ilm, ma’rifat va o‘zaro hamkorlik yo‘lida birgalikda harakat qilishga chaqirdi.
“Biz ilm va ma’rifat zamonamizning eng buyuk birlashtiruvchi kuchi ekaniga, uning bunyodkorlik asosi, tinchlik va barqaror taraqqiyotning mustahkam poydevori bo‘lib qolishiga qat’iy ishonamiz”, — deyiladi Prezident murojaatida.
