MA’NAVIYAT  KO‘ZGUSI

MA’NAVIYAT KO‘ZGUSI

MA’NAVIYAT KO‘ZGUSI

O‘zbek xalqi azaldan kiyinish madaniyatiga alohida e’tibor berib kelgan. Hududlarimizdagi arxeologik topilmalar: devoriy suratlar, sopol va suyak buyumlarga tushurilgan tasvirlar, qo‘lyozmalarga ishlangan miniatyuralar orqali ajdodlarimiz uchun xos bo‘lgan liboslar haqidagi ma’lumot­larni bilishimiz mumkin. Shuningdek, bir qator sayyohlik va mumtoz ijodkorlarning memuar asarlarida tarixiy shaxslarni tasvirlash asnosida kiyim-kechaklar ham ta’riflab o‘tilgan.

Asar qahramonlarining qanday kiyingani haqidagi ma’lumotlar xalqimizning madaniyati haqida yorqin tasavvur beradi. Kiyim-kechaklar tarixiga nazar tashlasak, har bir hududning o‘ziga xos va takrorlanmas an’anasiga guvoh bo‘lamiz. Jumladan, Qashqadaryo va Surxondaryoda liboslar jiyak, kashta gullar orqali bezatilsa, Buxoro kiyimlariga qimmatbaho tilla ipaklardan zardo‘zi uslubda naqsh-u nigorlar to‘qilgan.

Do‘ppi milliy liboslarimizga yanada salobat va joziba bag‘ishlaydi. Ularning turlari har bir viloyat va hududda o‘ziga xos bo‘lib, doimiy va bayramlarda kiyiladigan, bolalar, keksalar, ayollar, erkaklar, qizlar kiyadigan turlari bor. Kashta yoki mayda munchoqlar bilan bezatiladigan, aynan, gumbazsimon yoki to‘rtburchak shakldagi do‘ppilar bugun ham ko‘plab ko‘zni quvnatadi.
Qadimiy ustki kiyimlardan yana biri – chopondir. Odatda, choponlar erkaklar va ayollarga, qish va yoz mavsumiga moslab qaviladi. O‘zbek choponlari rangi uzunligi, kengligi va kiyish uslubiga ko‘ra xilma-xil.
Milliylik – o‘zlikni anglash ifodasidir. Shu bois bugungi globollashuv jarayonida milliy g‘oyalarimizni keng targ‘ib etsak, yoshlarning ongi va qalbiga ma‘naviy qadriyatlarni chuqurroq singdirsak, farzandlarimiz turli buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib qolmaydi.

Ayni paytda yurtimizning barcha hududlarida davom etayotgan milliy liboslarimiz targ‘ibi bizning Yunusobod tumanidagi 265- maktab jamoasi va o‘quvchilar tomonidan ham zo‘r mamnuniyat ila amalga oshirilmoqda. Haftaning har jumasi «Milliy liboslar» kuni deb e’lon qilinib, liboslarimiz orqali qadriyatlarimizga hurmat mustahkamlanib bormoqda.

Shaxnoza AXMEDJANOVA,
Yunusobod tumanidagi
265- maktabning
boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

Fikr bildirish