Boshlang‘ich sinflarda chet tili uni o‘qitishni jadallshtirish metodikalarini yaratish va joriy etish masalalari

Boshlang‘ich sinflarda chet tili uni o‘qitishni jadallshtirish metodikalarini yaratish va joriy etish masalalari

Boshlang‘ich ta’limning asosiy maqsadi bolaning o‘qishga bo‘lgan ijobiy munosabati, o‘qish savodxonligi, turli ma’lumotlar bilan ishlash, asosiy matematik amallarni bilish va ularni kundalik hayotda qo‘llay olish, mantiqiy va ijodiy fikrlash, o‘z-o‘zini boshqarish, jamoada o‘zini tuta bilish, yozma va og‘zaki muloqot madaniyati qoidalarini egallash, ta’limiy faoliyatni tashkil etish kabi ko‘nikmalarini shakllantirishdan iborat bo‘lgan bo‘lsa, muhtaram Prezidentimizning 2012- yil 10- dekabrda qabul qilingan «Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, ushbu maqsadlar qatoriga bolajonlarga 1- sinfdan boshlab chet tilini o‘rgatish vazifasi ham qo‘shildi.

 

Ayni paytda respublikadagi 9698ta umumta’lim maktabining barchasida chet tillari, ya’ni 8643 maktabda ingliz;
1589 maktabda nemis; 1076 maktabda fransuz;
27 maktabda boshqa (ispan, hind, arab, koreys, xitoy va h.k.) tillar o‘rganilmoqda. Uch yarim million nafardan ziyod o‘quvchi chet tillarni jahon ta’lim standartlari asosida o‘zlashtirishga kirishdi. Respublikamizning chekka tuman va ovullaridagi maktablarda ham zamonaviy fan kabinetlari tashkil etilib, barcha zarur o‘quv jihozlari, ko‘rgazmali qurollar, mukammal o‘quv-metodik majmualar bilan ta’minlanmoqda.

 

Hozirda
1- sinfda o‘qiyot­gan bolalarimiz o‘yin­lar, qo‘shiqlar orqali ingliz tilidagi 100dan ortiq so‘zni bilib olgan bo‘lsalar, 2- sinf o‘quvchilari bu tilda o‘qish va yozishni o‘rganib, 250ga yaqin so‘zni muloqotda ishlatish ko‘nikmasiga ega bo‘ldilar.

2015- yil yanvar—mart oylarida islohotlarning davomi sifatida o‘quv dasturi asosida yaratilgan 3- sinf chet tili darslik majmualari, jumladan,  ingliz tilidan «Kids’ English-3» darslik majmuasi 76ta maktabda, nemis tilidan  «Deutsch macht spab-3» va fransuz tilidan «Hirondelle-3» darslik majmualari 28ta maktabda aprobatsiyadan o‘tkazilib, eksperi­men­tator o‘qituvchilar va chet ellik ekspertlar fikrlari asosida takomillashtirilib, yangi o‘quv yili oldidan 593000 nusxada chop etilib, maktablarga yetkaziladi.

Chet tili o‘qituvchisi darslarni to‘laqonli o‘tishi uchun maktabda, sinfda barcha zarur shart-sharoitlar bo‘lishi kerak.  Chiroyli va qulay mebel jihozlari bilan bir qatorda, chet tillarni o‘rganishni tashkil etishning muhim omillaridan biri — sinflarni ilg‘or axborot va mediatex­no­logiyalar bilan ta’min­lash hamda ulardan foydalanishga qaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013- yil 27- may­­­­­­­­­­­­­­­­­­­da­­gi 143- sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 2013—2014- yil­­­­larda umumta’lim maktablarining 1—4- sinf chet tili kabinetlari uchun jami
6650 sinf to‘plam (2013- yil 2457 to‘plam, 2014- yilda 4193 to‘plam) 16,3 mlrd. so‘mlik texnik vositalar (noutbuk, proyektor, ovoz kuchay­tirgich, sichqoncha, TV-tyuner, markerli doska va boshqa) va 17222ta sinf to‘plam o‘quv ko‘rgaz­mali qurollari (rasmlar, mulyajlar, lug‘atlar, adabiyotlar) hamda shuncha miqdorda DVD-pleyer magnitolalar bilan ta’minlandi.

Joriy yilda ham umumta’lim maktablarining 1—4- sinf chet tillari kabinetlari uchun 5286ta sinf to‘plam texnik vositalar (noutbuk, proyektor, ovoz kuchaytirgich, sichqoncha, TV-tyuner, markerli doska va boshqa)  xarid qilinishi rejalashtirilgan.

Qarorda umumta’lim maktablarini malakali chet tili o‘qituvchilari bilan ta’minlash, chuqur bilimga ega kadrlarni tayyorlash masalasiga ham alohida urg‘u berilgan.

Bugungi kunda umum­ta’lim maktablarida jami 27342 nafar chet tili o‘qituvchisi faoliyat yuritmoqda. Ulardan 21611 nafari (77,3 foizi) ingliz tili, 3324 nafari (13,3 foizi) nemis tili, 2302 nafari
(8,9 foizi) fransuz tili va 105 nafari (0,4 foiz) boshqa chet tillar o‘qituvchilaridir. Biroq barcha maktablarimiz bilim, tajriba va mahorat bobida yetuk mutaxassis-o‘qituvchilar bilan to‘liq ta’minlandi, deya olmaymiz.

2013—2014- o‘quv yilida chet tili o‘qituvchilariga bo‘lgan ehtiyojning (3970 stavka) qariyb 40 foizi
(1429 stavka) oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari, qolgan qismi esa faoliyatdagi o‘qituvchi­larning pedagogik yuklamasini 1,5 stav­­­­ka­­gacha oshirish hisobidan qoplangan edi. Shu o‘quv yilida jami 47ta uzoq tuman va qishloq aholi punktlarida chet tillar o‘qituvchilari ixtisosligi bo‘yicha yetishmaydigan kadrlarni tayyorlash maqsadida oliy ta’lim muassasalariga 255 nafar abituriyent imtiyozli qabul qilindi.

2014—2015- o‘quv yili uchun esa chet tili o‘qituvchilariga ehtiyoj yuqori bo‘lgan maktablar uchun respublika bo‘yicha 586877 nafar o‘quvchi 1- sinfga kelishi munosabati bilan chet tili o‘qituvchilariga qo‘shimcha ehtiyoj jami 1 stavka hisobida 2915 stavkani tashkil etdi. Shundan 977 stavkasi dars soatlarini 1 va 1,5 stav­kaga oshirish hisobidan, qolgani 1938 nafar ishga qabul qilingan yosh mutaxassislar hisobidan qoplandi. 50ta chekka tumandan kelib, oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini topshirib, minimaldan yuqori ball to‘plagan abituriyent­lardan 200 nafariga imtiyozlar yaratildi.

2015—2016- o‘quv yilida chet tillarni o‘qitish 3- sinflarda davom ettirilishi munosabati bilan taxminan 2500ta shtat birligiga qo‘shimcha ehtiyoj yuzaga kelishi mumkin. Ushbu ehtiyojni 460 nafar shtatda amalda ishlab turgan o‘qituvchilar­ning dars soatlarini 1 va 1,5 stav­kagacha oshirish, 240 nafar fransuz va nemis tili o‘qituvchilarini qayta tayyorlash va 1800 nafar bitiruvchini ishga qabul qilish hisobidan qoplash ko‘zda tutil­moqda. Shuningdek, 2019—2020- yil­­­­­­­largacha chet tili o‘qituvchilariga ehtiyojni qoplash rejasi tuzildi.

Barcha sa’y-harakatlarimiz zamirida farzandlarimizning, o‘quv­chi­larimizning chet tillarini o‘rganish­laridagi ijobiy o‘zgarishlar yotadi. DTS, o‘quv dasturlari  va darslik majmualarida berilgan materiallar bosqichma-bosqich o‘z darajasida o‘zlashtirib borilsagina, ko‘zlangan maqsadga yetamiz, aks  holda, ushbu jarayonda mas’ullarning tajribasizligi va loqaydligi  kabi salbiy holatlar oqibatida vazifalar ijrosi yarim-yorti bajarilaveradi.

Ta’lim darg‘alaridan biri yozga­nidek, «Agar o‘quvchida o‘qishga ishtiyoq bo‘lmasa, qilayotgan barcha orzularimiz, tadqiqot va ixtirolarimiz sarobga aylanadi». O‘quvchida ishtiyoq esa maktab ostonasiga, boshlang‘ich sinf xonasiga ilk bor qadam qo‘ygandan boshlanadi va bu ishtiyoqni uyg‘otuvchi, albatta, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisidir.

Mamlakatimizda 1- sinfdan boshlab chet tilini o‘qitish tizimining joriy etilganligi vazifalar barobarida qator muammolar ustida bosh qotirishni ham taqozo etmoqda. Jumladan, boshlang‘ich sinflarda chet tili o‘qitilishi joriy etildi, darslarni kim o‘tadi? Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisimi yoki chet tili o‘qituvchisimi? Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisida yosh bolalar bilan ishlash tajribasi, o‘qitish metodikasi bor, lekin chet tilini bilmaydi, yuqori sinflarda dars berayotgan chet tili o‘qituvchisi esa tilni biladi, lekin boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga dars o‘ta olish ko‘nikmasiga ega emas. Ko‘p yillar davomida yuqori sinf (10—15 yoshli)larga dars berib kelgan chet tili o‘qituvchilari 6—7 yoshli bolalarni, avvalo, sinfda tinch o‘tirishga o‘rgatishining o‘zi katta muammo.

Mazkur holatga nisbatan Buyuk Britaniyalik ekspert Uendi Arnold tomonidan O‘zbekistondagi boshlan­g‘ich sinf o‘qituvchilariga chet tilini o‘rgatib, darsga qo‘yish taklifi berildi. Mutaxassislar muhokamasi­dan so‘ng O‘zbekiston uchun bu yo‘l maqbul deb topilmadi. Aksincha, chet tili o‘qituvchilariga yosh bolalar bilan ishlash metodikasini o‘rgatish orqali jarayonni tashkil etish maqsadga muvofiq, degan xulosaga kelishdi.

Yevropada 2010—2011- yillarda chet tillarini ilk yoshdan o‘rgatishni yo‘lga qo‘yish borasida olib borilgan ELLIE (Early language learning in Europe) loyihasi doirasida keng qamrovli tadqiqotlar o‘tkazilgan. Loyiha direktori Shvetsiyaning Umeo universiteti professori Djanet Enever boshchiligidagi mutaxassislar chet tilini 7—8 yoshdan boshlab o‘rgatishni 8ta davlatda, jumladan, Angliya, Italiya, Niderlandiya, Polsha, Ispaniya, Shvetsiya, Xorvatiya davlatlarida o‘rganishgan va ushbu tadqiqot o‘quvchilar boshlang‘ich sinfni tugallashiga qadar davom etgan. 1200 nafar o‘quvchi, 48 nafar o‘qituvchi va 48 nafar direktor qat­nash­gan. Mazkur tadqiqot doira­si­­da chet tillarini ilk yoshdan boshlab o‘rganish jarayoni to‘liq tahlil qilin­gan va xulosalar chiqarilgan. Ushbu tavsiyalar va xulosalar chet tilini o‘qitishning amaldagi talablari, metodika­larini takomillashtirishga xizmat qilgan.

Biz ham ushbu tadqiqotlar tavsiyalari asosida islohotlarni joriy etishda davom etmoqdamiz. Vazirlikning buyrug‘i bilan Respublika bo‘yicha 5ta hudud (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Samarqand, Toshkent, Namangan viloyatlari)ning 2tadan maktabida chet tillarni o‘qitish holatining doimiy monitoringi «Bola psixologiyasi», «Muallimning malakasi» va «Ilmiy yondashuv» kabi yo‘nalishlarda olib borilayotir.

Mazkur maktablarda 2- sinflarda bugungi kun holatiga mavzularning dars davomida o‘quvchilar tomonidan o‘zlashtirilishi o‘rtacha 65,7 foizni tashkil etgan. Darslikdagi mavzularni o‘zlashti­rishda o‘rganil­gan maktablardagi 25 foiz o‘quvchi turli qiyinchiliklarga duch kelayotgani aniqlangan, 75 foiz o‘quvchining o‘zlashtirishi normal holatda. 12 foiz o‘quvchida charchash, zerikish, chalg‘ish, 14 foiz o‘quvchida tortinchoqlik holatlari kuzatilgan bo‘lsa, 10 foiz o‘quvchi katta hajmdagi axborotni idrok qilishda qiynalayotgani aniqlangan.

O‘qituvchilarning uchdan bir qismi texnik vositalardan foydalanish ko‘nikmasiga ega emasligi ko‘ringan. Shuningdek, yangi pedtexnologiyalarni o‘rinsiz qo‘llash, asosan, guruhlar bilan ishlash oqibatida 30—35 foiz o‘quvchi nazoratsiz qolayotgani kuzatilmoqda. 1- sinf chet tili o‘qituvchilari malaka oshirish kurslaridan o‘tgan bo‘lsalar-da, ularda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bilan ishlash ko‘nikmasi yetishmayotgani sezildi.

Muammolarning eng asosiysi, chet tili o‘qituvchilarida kasb mahoratining  yetishmasligi, ta’lim tizimining barcha bosqichlarida chet tillarni uzluksiz o‘rganishni tashkil etish, shuningdek, o‘qituvchilar malakasini oshirish hamda zamonaviy o‘quv-uslubiy materiallar bilan ta’minlash ta’lim tizimini yanada takomillashtirishni taqozo qilmoqda.

Mazkur muammolarni bartaraf etish maqsadida xalq ta’limi tizimidagi chet tili o‘qituvchilarining kasbiy salohiyati va pedagogik mahoratini oshirish maqsadida tuman (shahar) darajasida uzluksiz malaka oshirish mexanizmi joriy etilmoqda. Buning uchun respublikaning barcha tuman(shahar)laridan eng tajribali, chet tilini mukammal biladigan, birinchi navbatda, DTM tomonidan tegishli ustama uchun o‘tkazilgan test sinovlarida yuqori natijaga erishgan o‘qituvchilar trener sifatida jalb etilmoqda. Bu jarayon A.Avloniy nomidagi XTXQTMOMI bazasida Britaniya kengashining yurtimizdagi vakolatxonasi, Vestminster universiteti, Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, O‘zbekiston davlat Jahon tillari universiteti kabi oliy ta’lim muassasalarining malakali mutaxassislari yordamida amalga oshirilmoqda. Kurslarning mazmunini belgilashda asosan uch yo‘nalish, ya’ni chet tili o‘qituvchilarining kasbiy salohiyatini yuksaltirish, pedagogik mahoratini oshirish va ularni DTM test formatiga tayyorgarlik darajasini ta’minlashga e’tibor qaratilmoqda.

Mazkur kurslarda trenerlikka tayyorlangan o‘qituvchilar belgilangan tayanch maktablarda mashg‘ulot olib boradigan o‘qituvchi sifatida hududiy malaka oshirish institutlariga soatbay o‘qituvchi sifatida ishga rasmiylashtiriladi.

Ana shu trenerlar har bir tuman(shahar)larda tashkil etilgan, zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlangan tayanch maktablarda bir oyda 3 marta 6 soatdan, 18 soat hajmida chet tili o‘qituvchilarining metodik kuni hisoblanmish juma kunlari o‘z hududidagi barcha chet tili o‘qituvchilarining uzluksiz kasbiy mahoratini oshirib boradi. Guruhlardagi tinglovchi o‘qituvchilarning mashg‘ulotlarda qatnashishi trenerlar tomonidan jurnallarda belgilab boriladi va ularning o‘zlashtirish darajasi ham joriy va oraliq nazoratlar orqali baholanadi.

Albatta, har qanday jarayon qat’iy tartib-qoida va nazorat ostida kechsagina,  o‘z samarasini beradi. Ayniqsa, ta’lim-tarbiya sohasida muntazam kuzatuv, monitoring ahamiyati katta. Negaki, belgilangan vaqt mobaynida o‘quvchi tomonidan o‘zlashtirilmagan bilim, ko‘nikma va malaka o‘rnini keyinchalik to‘ldirish juda mushkul. Shundan kelib chiqqan holda, chet tili o‘qituvchilarining metodik mahorati va til bilish darajasini xolis baholash, amalga oshirilayotgan tadbirlar natijasida bu borada ular erishayotgan yutuq va kamchiliklar tahlil qilib boriladi. Buning uchun hududiy malaka oshirish institutlari rektorlari boshchiligida komissiyalar tuzilib, bir yilda ikki marta har bir o‘qituvchidagi o‘zgarishlar yakuniy attestatsiyalar o‘tkazish orqali aniqlanib, xulosalar tayyorlanadi, qarorlar orqali rasmiylashtirilib, ularning ehtiyojidan kelib chiqqan holda kurslar mazmuniga o‘zgartirishlar kiritib boriladi.

Tinglovchilarning chet tilidagi bilim, malaka va ko‘nikmalarining o‘zgarib borishi ularning 4ta nutq
faoliyati — tinglab tushunish, gapirish, o‘qish, yozish va dars o‘tish mahoratini baholash orqali aniqlanadi. Bir yilda 2 marta o‘tkaziladigan yakuniy attestatsiyada 5 yo‘nalish bo‘yicha 75 va undan ortiq foiz natijaga erishgan o‘qituvchilarga sertifikat beriladi va mashg‘ulotlardan ozod etiladi, guruhlarda qolgan o‘qituvchilar bilan esa mashg‘ulotlar davom ettirilaveradi.

Jarayon joylarda 2015- yil 1- martdan boshlandi, 573ta maktabda maxsus tayyorlangan 700 nafardan ortiq trener yordamida har juma kuni 6 soatdan mashg‘ulotlar olib borilmoqda. 20 ming nafardan ortiq ingliz tili o‘qituvchisidan kirish testlari va mart oyining yakuni bo‘yicha birinchi oraliq nazorat sinov ishlari olindi, natijalar va tinglovchilar davomati elektron bazaga kiritilib, A.Avloniy nomidagi XTXQTMOMI tomonidan muvo­fiqlash­tirib boril­moqda.

Mart oyi uchun dars mashg‘u­lotlarini olib borishga mo‘ljal­lanib, O‘zDJTU tajribali muta­xas­sislari tomonidan tayyorlangan o‘quv-metodik qo‘llanmalar yetarli darajada ko‘paytirilib, har bir trener va o‘qituvchiga yetkazildi. Mazkur metodikalar ham boshlan­g‘ich sinflarda chet tillarni o‘qitishni jadallashtirish metodikalaridan hisobla­nadi. Ushbu 18 soatga mo‘ljallanib yaratilgan metodika boshlang‘ich sinflarda dars berayotgan chet tili o‘qituvchilarining CEFR asosida yaratilgan DTS talablari darajasida ishlay oladigan o‘qituvchi bo‘lib qayta shakllanishiga yordam beradi.

Shu tartibda o‘quv-metodik qo‘llanmalar ham trenerlar va boshlang‘ich sinflarda dars berayotgan chet tili o‘qituvchilari uchun har oyda 18 soatga mo‘ljallangan yangi metodikalar yaratilib, trenerlar va o‘qituvchilarga yetkazib beriladi. Aprel oyi uchun tayyorlangan o‘quv-metodik qo‘llanmalar ham shu kunlarda joylarga yetkazilmoqda. Ushbu metodikalar orqali o‘qituvchilarning: 1- modul bo‘yicha yozma nutq ko‘nikmalari va strategiyalari, 2- modul bo‘yicha og‘zaki nutq ko‘nikmalari va strategiyalari, 3- modul bo‘yicha kasbiy kompetensiya va pedagogik mahorati(CPD) oshirib boriladi.

Bu esa asta-sekinlik bilan chet tilidan dars berayotgan o‘qituvchilarning til bilish darajasi yuksalishiga, kasb mahorati oshishiga, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bilan ishlash ko‘nikmasi takomillashishiga hamda DTM tomonidan o‘tkaziladigan test-sinovlariga tayyorgarlikning yaxshilanishiga olib keladi va shu tarzda boshlang‘ich sinflarda chet tillarni o‘qitishni jadallashtirish metodikalari o‘z mevasini bera boshlaydi.

Abdurahim NOSIROV,

Xalq ta’limi vazirligi umumta’lim va ixtisoslashtirilgan maktablar

boshqarmasi boshlig‘i.

Fikr bildirish