Matematika fani kundalik hayotimizda muhim o‘rin egallaydi. Shunday ekan matematik tushunchalarga ega bo‘lgan o‘quvchi boshqa fanlarni bemalol qiynalmay o‘zlashtira oladi. Darslar o‘yin tarzida va ko‘rgazmali qurollar asosida tashkil etilishi muhim ahamiyatga ega. O‘quvchi fanni o‘zlashtirish jarayonida zerikmaydi, balki keyingi darsni qiziqish bilan kutadi.
O‘quvchilariga matematikani muvaffaqiyatli o‘qitish uchun o‘qituvchi matematika o‘qitish metodikasini puxta egallagan bo‘lib va shu bilimi asosida mustaqil ijodiy ishga kirishishi kerak. O‘qituvchi mavzuga oid ko‘rgazmalarni, rebuslarni, turli xil tarqatmalarni o‘z ijodidan, mahoratidan kelib chiqib tayyorlay olishi lozim. 1- sinfda dastlab 1 dan 10 gacha sanash, raqamlash, qo‘shish, ayirish munosabatlari o‘rgatiladi.
1,2,3,4,5,6,7,8,9,0 Raqamlash jarayonida sonlarning tarkibi tushuntiriladi. Masalan, 7 sonini olaylik. 7 soni tarkibida 7 ta 1 soni ya’ni birlik borligi ko‘rsatilib tushuntirilishi kerak. 9 sonidan keyin 0 soni bilan tanishtiramiz. 1 va 0 ning ishtirokida 10 sonini tanishtiramiz. 10 soni- bitta o‘nlik ekanligi o‘rgatiladi. O‘nlik tushunchasiga ega bo‘lgan o‘quvchi o‘nlikdan o‘tib qo‘shishda mutlaqo qiynalmaydi.
2- chorakdan «O‘nlikdan o‘tib qo‘shish» mavzulari tanishtiriladi. Masalan, 8+5=, 8+6=, 9+5= ,9+6= ifodalarini olaylik. Mana shu jarayonda o‘qituvchi mavzuni o‘quvchisiga sodda usulda mohirona tushuntira olishi kerak. Qanday qilib deysizmi?
Aksariyat hollarda o‘qituvchilarimiz dars o‘tishda mavzu mohiyatini tushunmaydilar. Aytaylik o‘quvchiga 7+5= ifodasini taqdim etadilar va sonlarni qo‘shishni talab qiladilar. O‘quvchi sonlarni bir-biriga qo‘shishda qiynaladi. Axir barmoqlari 10 donagina. Hisob jarayonida barmoqlari
yetmaydi. Yoki sanoq cho‘plaridan foydalanadi. O‘quvchi qo‘shiluvchi sonlar
miqdoridagi sanoq cho‘pini qo‘shadi. Keyin boshidan oxirigacha sanab chiqadi. Sanoq yakunidagi sonni qiymat deb aytadi.
1- sinf o‘quvchisining eng kerakli quroli uning barmoqlaridir. Shu boisdan
barmoqlarimizdan unumli foydalanamiz. Qo‘limizdagi barmoqlar 10ta — bu bitta o‘nlik. Endi yuqorida aytib o‘tgan 7+5= ifodamizda 7 soni 10 soniga to‘lishi uchun nechta birlik yoki barmoq kerakligi so‘raladi. O‘quvchi ongli ravishda 3ta birlik yoki barmoq kerakligini aytadi. Biz qo‘shilayotgan 5 sonidan 3ta birlikni ajratib olamiz. Qolgan birlik 2 ekanligi aytiladi. O‘quvchi tasavvurida o‘nlik tushunchasi hosil bo‘ladi. To‘ldirilgan 10 soniga qolgan 2 sonini qo‘shamiz. 7+5=7+(3+2)=(7+3)+2=10+2=12. Mavzudan kelib chiqib shuni ayta olamizki, o‘quvchi o‘nlik va birlik tushunchasini yaxshi o‘zlashtirganidan so‘ng hisoblashning keyingi bosqichlarida, aytaylik 100 ichida qo‘shish va ayirish mavzularida ikki xonali sonlar bilan qiynalmay, ongli ravishda hisoblay oladi.
Dastlabki matematik tushunchalarni o‘quvchimizga yetarlicha singdira olsak, keyingi maqsadlarimizga erisha olamiz.
Dilfuzaxon BOTIROVA,
Andijon viloyatining Andijon tumanidagi
25- umumta’lim maktabining
oliy toifali o‘qituvchisi.