SUYAKLARNI YIG‘!
Tana a’zolari haqidagi mavzu tushuntirilgach o‘quvchilar bilan dars mustahkamlanadi. So‘ng suyak bo‘laklari o‘z o‘rniga to‘g‘ri yig‘ish maqsadida ushbu o‘yin amaliy ish tariqasida o‘tkaziladi. O‘quvchilar partadoshi bilan birga suyaklarni yig‘ib, skelet tayyor qiladi. Bolalar o‘zlari yasagan skiletdagi suyaklar tananing qaysi a’zosiga tegishli ekanini aytib berishlari lozim. Bu esa o‘quvchilarga tana a’zolari haqidagi bilimlarini mustahkamlab, suyaklarning turlari, vazifasi, shakli, joylashuv o‘rni haqidagi bilimlarni chuqurroq o‘rganishga undaydi. Bunday topshiriqlarni o‘quvchilar juda qiziqib bajaradilar. Kimdir xato o‘rnatib qo‘ygan bo‘lsa, o‘quvchilar bilan suhbatda o‘zining xatosini topishga imkon bo‘ladi. Demak, tabiiy fan texnologiya bilan bog‘lab o‘tilsa, bolalarda darsga qiziqish ortadi, ijodkorligi o‘sib boradi, bilim olishi mustahkamlanib, fikrlash doirasi kengayib boradi.

SHARLI O‘PKA
Yasalishi: 1-variant.
2 ta o‘pka rangidagi shar, 2 ta uzun naycha, flamaster, yelim, skotch va A4 yoki A3 formatdagi oq qog‘oz kerak bo‘ladi. Sharni naychaga skotchlaymiz. Qog‘ozning o‘rtasini belgilaymiz. So‘ng naychani uchini qog‘ozdan biroz tepaga chiqarib, naychani yelimlaymiz. Naychaning pastidagi yopishtirilgan sharlar o‘pka vazifasini ko‘rsatib beradi.
Qo‘llanishi: O‘quvchi tayyor bo‘lgan ko‘rgazmadagi naychani puflaydi. Shar shishadi. Havoni tortsa, shar puchchayadi. Bu esa insonning nafas olishi va nafas chiqarishini ko‘rsatadi.

Yasalishi: 2-variant: Xuddi shar va naychadan yasalgan kabi slaym-plastilindan ham ichki organlarni yasash qiziqarli bo‘ladi. Bunda albatta ranglarga alohida ahamiyat berish maqsadga muvofiqdir. Bu flastilindan yasalgan ko‘rgazmada o‘pkada nafas olish va nafas chiqarish jarayoni ko‘rsatilmaydi, lekin yasalgan ichaklar va o‘pka(boshqa a’zolarni ham yasash mumkin) bo‘rtma(3D) ko‘rinishda bo‘lib, mavzuni tushuntirishda yaxshi samara beradi.

Slaym-flastilindan yasalishi namuna sifatida
PROFESSORGA KO‘MAK METODI
Bu metoddan aynana zamonaviy metod bo‘lib, unda professor va tadqiqotchilar qatnashadi. Ekranda professorning tadqiqotchilarga maktubi ko‘rsatiladi.
Professor maktubida: Yosh tadqiqotchi! Mening lobarotoriyamdan odamning ichki organlarini top va menga jo‘nat, adashma, bu juda muhim degan yozuv bo‘ladi.
Konvertchalarda topshiriqli maktublar majmuyi bor.
Topshiriqlar quyidagicha bo‘lishi mumkin:
Menga sening yordaming kerak. Laboratoriyamdan shunday organni top. U ko‘krak qafasda, yurakning ikki tomonida joylashgan. Uning yordamida inson nafas oladi. Topib menga yubor.
Menga sening yordaming kerak. Laboratoriyamdan shunday organni top. U qorin bo‘shlig‘idagi bir qozoncha. Unda ovqat hazm bo‘ladi va bo‘tqaga aylanadi. Topib menga yubor.
Menga sening yordaming kerak. Laboratoriyamdan shunday organni top. U uzun egri buralgan trubaga o‘xshaydi. Unda oshqozondan hazm bo‘lgan ovqat harakatlanadi.
Shuni singari topshiriqlar yozilgan konvertlarni o‘quvchilar olib, javobini topishlari kerak. Agar rasmlari bor bo‘lsa bankalarga joylash, yoki xat yuborish uchun qo‘yilgan qutilarga solish mumkin. Agar dars kompyuterlashgan xonada o‘tilsa, kompyuterdan javob yo‘llashi ham mumkin. Bu metoddan jamoalararo musobaqa tarzida foydalansa ham bo‘ladi. Bu metodni boshqa darslarda ham qo‘llash mumkin. O‘qituvchining ijodkorligi va mahoratiga bog‘liq.




KUN VA TUN
3 ta o‘quvchi tanlab olinadi. Yer, Quyosh va Oy ramzi tushirilgan rasmlarni boshlariga taqadilar. O‘rtaga Yer, ikki yoniga Quyosh va Oy turadi. Yer aylanib oyga qaraydi.
O‘qituvchi: – Bolalar, Yer Oyga qaradi, bu kunning qaysi qismiga to‘g‘ri keladi?, deb so‘raydi.
O‘quvchilar: – Tun-deya javob beradilar. Yer aylanib Quyoshga qaraydi.
O‘qituvchi: – Endichi? – deb so‘rasa:
Bolalar: – Kun, deydi. O‘quvchilar kun va tunning hosil bo‘lishini ko‘z oldilarida ko‘rib bajarsalar, xotirasida yaxshi saqlanadi.

«OHANGRABO» METODI
Mazkur metoddan barcha fanlarni o‘tishda foydalanish mumkin.
Ohangrabo – bu magnit. Demak mavzu yuzasidan berilgan savollarga javobni ohangrabo o‘ziga tortadi. Buning uchun o‘qituvchi to‘g‘ri javobli kartochka yoki manbani mayda magnit bilan tayyorlaydi. Noto‘g‘ri javobga esa magnitcha yopishtirilmaydi. Masalan yozda gerbariylar to‘plangan. Darsda esa dorivor o‘simliklar haqida mavzu o‘tilmoqda. Gerbariylardan zubturm, yalpiz, ismaloq kabi dorivor o‘simliklarning bargi yopishtirilgan kartochkaga magnitcha yopishtirib qo‘yish lozim. Bola javobni beradi va magnitni shu kartochkaga yaqinlashtiradi. To‘g‘ri javob bersa, ohangrabo(magnit) kartochkani o‘ziga tortadi. Uy hayvonlari va yovvoyi hayvonlar mavzusida ham shunday qo‘llash mumkin. Unda esa rasmlardan foydalanadi. Ona tili, o‘qish, matematika darslarida ham qo‘llash mumkin. Bu metod juda samarali metoddir.

Bu rasmlar «Ohangrabo» metodidan savod o‘rgatish davrida foydalanganim. Namuna sifatida joyladim. Tabiiy fandan ham qo‘llash mumkin.

Shahnoza SHARIPOVA,
Vobkent tumanidagi
1-maktabning
boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.
