Ibratli hikoyalar

Ibratli hikoyalar

Olim bo’lish uchun

Bir o‘smir yigit olimdan so‘radi:

 

— Ustoz, sizday donishmand bo‘lish uchun nima qilishim kerak?

Donishmand javob bermadi. O‘spirin uning ortidan bir necha kun tinimsiz ergashib yurdi, savolini takrorlayverdi. Nihoyat olim unga «Ortimdan yur!» degan ishora berdi-da, daryoga boshlab bordi. Suvga tushishdi. Shu payt donishmand o‘smirning yelkasidan qattiq tutib, suvga botirdi. Bola bechora qutilishga ming chiranmasin, uddasidan chiqolmadi. Ozroq vaqt o‘tgach, olim uni qo‘yib yubordi. O‘smir o‘pkasini to‘ldirib-to‘ldirib nafas oldi, birozdan so‘ng sal o‘ziga keldi. Shunda ustoz so‘radi:

— O‘g‘lim, suvda dimiqib turgan payting eng ko‘p istagan narsang nima bo‘ldi?

— Havo! Faqat havo olishni xohladim! — dedi o‘spirin entikib.

— Uning o‘rniga boylikmi, ko‘ngil ochishmi, kuch-qudrat yo sevgi-muhabbatmi   istamadingmi? — deb so‘radi donishmand.

— Aslo! Nafasim tugab, bo‘g‘riqib ketdim, faqat havo olishnigina istadim, — dedi o‘smir shosha-pisha.

— Olim bo‘lish uchun, bo‘talog‘im, — deb so‘zida davom etdi ustoz, — xuddi ana shunday xohish kerak. Sen boshqa maqsadlarni chetga surib, faqat shu yo‘lda harakat qilishing lozim. Bu maqsad kechayu kunduz xayolingni band etishi zarur. Agar olimlikka shunday g‘ayrat bilan intiladigan bo‘lsang, niyatingga albatta yetishasan!

 

IRMOQ

 

Irmoq o‘rmondan ketib borardi. Oqarkan, o‘zidan g‘ururlanar, «Qanday tez, qanday tiniqman-a!» deb o‘ylardi ichida.

Boshqa hech bir irmoq bilan qo‘shilishni istamas, o‘zini eng kuchli hisoblar va o‘rmonni yolg‘iz kesib o‘tishni xohlardi. To‘satdan yo‘lida dalaga duch keldi, uni yengib o‘tishga kuchi yetmadi. Oqibatda, yoyilib, tuproqqa singib ketdi.

Irmoq yerosti suv yo‘liga tushib, loyqalandi, balchiqlarga aralashib oqdi. Nihoyat daryoga yetib bordi va unga nolishni boshladi: «agar anavi dala yo‘limga to‘g‘anoq bo‘lmaganida, men o‘zim allaqachon ulkan daryoga aylangan bo‘lardim!»

Bu gapni eshitgan daryo og‘ir chayqaldi va dedi: «Eh nodon irmoqcha-ya! Sening yerga shimilib, bunday loyqa holga kelishingda dalaning nima aybi bor! Bilib qo‘y, birovlarni mensimaydigan, boshqalarga ayb yuklaydiganlar hech qachon daryoga aylana olmaydi!»

 

Ichimizdagi qafas

 

Bir mahalliy hayvonot bog‘iga qutb ayig‘i sovg‘a qilishdi. Bog‘ ma’muriyati maxsus hovuz qurib bitirilguncha ayiqni katta qafasda saqlab turishga qaror qildi. Bog‘dagi eng katta qafas olib kelinib, hovuz ichiga qo‘yildi. Ayiq shu qafasga kiritildi. Biroq yangi «uy»i unga torlik qildi. Bechora jonivor bir tomonga uch qadam tashlagach, to‘siqqa yetib kelar, zo‘rg‘a burilib, ortiga qaytar edi. Yana uch qadam yurar, yana o‘girilardi…

Oradan bir muddat o‘tib, hovuz bitdi. Qafas olib tashlandi. Keng hovuzda   bemalol aylanib yurish imkoni tug‘ildi. Biroq u oldingiday uch qadam tashlar, so‘ng qiynalib burilar, yana uch qadam yurgach, yana qayrilardi. U o‘tgan vaqt ichida o‘z ichiga qafas qurib olgan ekan…

Biz ham xuddi shu ayiq kabi o‘z imkoniyatlarimizni o‘zimiz cheklab olamiz. Hech qachon ichingizga qafas qurmang! Dunyoga faqat bir nuqtadan qarash, uni faqat bir xil rangda ko‘rish bizni chegaralab, kishanlab qo‘yadi. Agar shunday ichki qafasni allaqachon qurib qo‘ygan bo‘lsangiz, uni darhol buzib tashlang.

 

Orif TOLIB

Fikr bildirish