12.09.2017

Bayramona bezatilgan sahna, devorlariga ustoz-murabbiylarni ulug‘lovchi fikrlar va sharlar osilgan. Tadbirga faxriy o‘qituvchilar taklif qilingan. Sahnaga bayram tadbirini olib boruvchi ikki boshlovchi va o‘quvchilar qo‘llarida gullar bilan kirib keladi. Boshlovchilar tadbirni Tursunbek Rahmonovning «Otadek ulug‘ zot» deb nomlangan ustozlarni ulug‘lovchi she’ri bilan boshlaydi.

1- boshlovchi:

El nazari tushgan zo‘r hunarmandning,

Har sohada mohir shovvozi bo‘lar.

Olim, hofiz, shoir – ahli ijodning,

Elga tanituvchi ustozi bo‘lar.

2- boshlovchi:

Ustozsiz shogird bu – daraxt bachkisi,

Uni ortiqcha deb kesib tashlashar.

Ustoz qadri har bir dilga ko‘chgusi,

Ustoz bilan kamol topgusi bashar!

1- boshlovchi: — Assalomu alaykum, qalblari, mehrlari quyoshning jo‘shqin haroratiga, irodasi po‘latning chidamliligiga, aql-u zehnlari oyning shaffof nuriga, bilimlari tuganmas zilol chashmasiga teng kelguvchi aziz ustozlar!

2- boshlovchi: — Yoshlik gulshanining bog‘boni, rango-rang nihollarni yetishtiruvchi va bog‘ida birorta ham shumgiyoh o‘smasligi uchun kurashadigan zot bu – ustozdir.

1- boshlovchi: — Bugun  biz o‘z qalb qo‘ri, ko‘z nuri va mehr-muhabbatini yosh avlodga baxshida etgan, buyuk O‘zbekistonga har tomonlama rivojlangan  barkamol avlodni tarbiyalashdek ma’suliyatli va sharafli vazifani zimmalariga olib, olijanob ishni sidqidildan bajarishga bel bog‘lagan ustozlarimizni tabriklash, e’zozlash maqsadida yig‘ildik.

2-boshlovchi: — Aziz ustozlar, navbatni siz tarbiyalab, ilm-u hunar o‘rgatayotgan shogirdlaringizga beramiz. Ular siz uchun  O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toirning «Ustozlar!» she’rini o‘qishadi.

1- o‘quvchi:                 Aytsam, bahor yashar ekan kuz uchun,

                                    Yashayapmiz boldek shirin so‘z uchun,

                                    Navoiy ham otdan tushgan siz uchun,

                                    Millatimiz qarog‘isiz, ustozlar,

                                    Ma’rifatning chirog‘isiz, ustozlar.

 

2- o‘quvchi:                Har bolaning kulgusidan yayragan,

                                   Hur bulbulsiz o‘zbek bo‘lib sayragan,

                                   Mehr — buloq, qalbingizda qaynagan,

                                   Sadoqatning so‘rog‘isiz, ustozlar,

                                   Yaxshilikning yanog‘isiz, ustozlar.

 

3- o‘quvchi:               Bo‘z  kiyib ham bo‘zlamagan insonsiz,

                                  Naqshbandiy bog‘lariga bog‘bonsiz,

                                  Amir Temur ta’zim qilgan sarbonsiz,

                                  Ziyo mulkin bayrog‘isiz, ustozlar,

                                  Ko‘ngillarning ardog‘isiz ustozlar.

 

4- o‘quvchi:              Bir ko‘zgusiz yuzlarida dog‘i yo‘q,

                                 Shogirdlarning sizdan yuksak tog‘i yo‘q.

                                 Olov o‘chsa kelib sizdan so‘rar cho‘g‘,

                                 Tafakkurning o‘chog‘isiz, ustozlar,

                                 Qadru qimmat barmog‘isiz, ustozlar.

 

5- o‘quvchi:               Onam bergan tilni burro qilgan zot,

                                  Vatan so‘zin dilga imlo qilgan zot,

                                  Avlodlarga jonin fido qilgan zot,

                                  Siz rost so‘zning salmog‘isiz, ustozlar,

                                  Siz oftobning quchog‘isiz, ustozlar.

(Minhojiddin Mirzo she’riga Dilorom Omonullaeva musiqasi bastalagan «Aziz bo‘ston – O‘zbekiston» ashulasi o‘quvchilar tomonidan ijro etiladi).

1- boshlovchi: — Endi navbatni ustozlar haqida yozilgan bitiklarga bersak. Marhamat!

O‘quvchi:  —  Ustoz, o‘quvchining tilidan ko‘ra uning ko‘zlari va xatti-harakatidan  ma’ni o‘qiydigan buyuk siymodir.  

O‘quvchi: — Daraxtning hosili qanchadan-qancha avlodlarni bahramand qilishi, ustozning mashaqqatli mehnati samarasidir.

O‘quvchi: —  O‘zi xushbo‘y gulga o‘xshab, shogirdlari esa unga asalaridek yopishib, o‘zlari uchun ma’naviy ozuqa oladigan buyuk zot – ustoz — muallimdir.

O‘quvchi: —  Daraxtni shirin meva, ustozni oqil shogird bezaydi.

O‘quvchi: — O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimovning «Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch» asarida ustoz muallimlar haqida shunday ta’kidlagan: «Inson qalbiga yo‘l avvalo ta’lim-tarbiyadan boshlanadi. Shuning uchun qachonki bu haqda gap ketsa, ajdodlarimiz qoldirgan bebaho merosni eslash bilan birga, ota-onalarimiz qatori biz uchun eng yaqin bo‘lgan yana bir buyuk zot – o‘qituvchi va murabbiylarning oliyjanob mehnatini hurmat bilan tilga olamiz».

O‘quvchi: —  Dono xalqimizning «Muallim ma’naviy padardir» degan gapi ham bor. Chunki u maktabda bolaning ota-onasi o‘rnini bosadi. Shu bois bobomiz Mir Alisher Navoiy ustoz-murabbiylarga yuksak baho berib:

«Haq yo‘linda kim senga bir harf o‘qitmish ranj ila,

Aylamak bo‘lmas ado oning haqqin yuz ganj ila» deya ta’kidlagan.

Boshlovchi: — Hurmatli mehmonlar, endi navbatni o‘quvchilar tomonidan tayyorlab kelingan «Sizdan qarzdorman, ustoz!» deb nomlangan  sahna ko‘rinishiga beramiz. Marhamat.

Birinchi sahna

Sahnada sinf xonasi tasvirlangan.

Qo‘ng‘iroq chalinib dars  boshlandi. O‘quvchilar darsliklarini olib, yana Muzaffar darsda yo‘qligini sezib, bir-biriga yelka qisib qo‘yishdi.

O‘qituvchi: — Qani o‘quvchilar, bugunning axborotini kim menga aytadi?

Navbatchi o‘quvchi: — Darsimiz— ona tili, haftaning ikkinchi kuni, sentyabr oyining 30- sanasi. Darsda 29 nafar o‘quvchi bor. Faqatgina Muzaffar darsga kelmagan.

O‘qituvchi: — Negadir keyingi paytlarda Muzaffar boshqacha bo‘lib qolgan. Darsga bo‘lgan qiziqishi ham susaygan. Bugun darsdan so‘ng uning uyiga borib kelaman. Endi esa darsimizni davom ettiramiz.

Har doimgidek bugun ham o‘qituvchi qalb qo‘ri bilan darslarini  o‘tdi. Navbatdagi kun ham poyoniga yetdi. Jonkuyar ustoz dars tugagach Muzaffarning uyiga yo‘l oldi.

(Sahnada Muzaffarning uyi tasvirlanadi).

O‘qituvchi: — Assalomu alaykum, Onajon.

Muzaffarning buvisi: — Vaalaykum assalom, keling qizim, o‘tiring.

O‘qituvchi: — Onajon, bilasiz, keyingi paytlarda nabirangizning o‘qishlari susayib borayapti. Darslarni ham sababsiz qoldiryapti. O‘zi esa parishonxotir bo‘lib qolgan. Bunga jiddiy chora ko‘rmasak bo‘lmaydi. Shu haqda siz bilan maslahat qilgani kelgandim.

Buvi: — To‘g‘ri aytasiz, qizim, mana olti oydirki nabiramning ota-onasi chet elga ishlagani ketgan. Avvallari Muzaffarjon gapimga kirib darslarini tayyorlardi. Endi esa juda ko‘p bahonalarni topib, meni ham qiynab yuboryapti. Keksaligim uchunmi hecham tarbiyamga ololmayapman. Jon qizim, Muzaffar hozir ham uyda yo‘q. Qaerda ekanini o‘zim ham bilolmayapman. Iltimos sizdan, o‘zingiz nabiramni qattiq nazorat qiling, zora sizning gaplaringizga quloq tutsa.

O‘qituvchi: — Mayli, onajon, bugundan boshlab Muzaffarni yaqin nazoratimga olaman. Xudo xohlasa nabirangizning kayfiyatini ko‘tarib,  o‘qishga bo‘lgan oldingi ishtiyoqini ham qaytaramiz. U ota-onasini sog‘ingan ko‘rinadi. Siz ham uyda Muzaffarning xatti harakatlarini kuzatib, ulardan meni boxabar qilasiz. Maktabda berilgan uyga berilgan vazifalarni qanday bajarayotgani bilan qiziqib, uni qo‘llab-quvvatlab turasiz. Shundagina Muzaffarjonni ijobiy tomonga o‘zgartirishimiz mumkin.

Ikkinchi sahna

Haftaning to‘rtinchi kuni. Barcha o‘quvchilar qatori Muzaffarjon ham darsga kelgan.

O‘qituvchi: — Bugungi darsimizda hammangiz «Mening orzuim» mavzusida kichik matn yozasizlar.

Barcha o‘quvchilar matnni zavq bilan yozmoqdalar. Muzaffarjon ham boshini eggancha insho yozar ekan, ko‘zlaridan yum-yum yoshlari oqdi. O‘qituvchi barcha o‘quvchilarning matnini o‘qib, baholadi. Muzaffarning yozganini o‘qiganida esa uning ham ko‘ziga yosh keldi. Muzaffarning yozishicha, uning eng katta orzusi oilasi bilan jamul-jam yashash ekan. Boshqa o‘rtoqlari kabi onasining ham, u bilan birga dars qilishini xohlaydi.

O‘qituvchi: — Muzaffarjon, sen bugungi vazifani a’lo bajaribsan. Senga «5» baho qo‘ydim. O‘zing aytganingdek, faqatgina a’lo baholarga o‘qishing kerak. Shundagina jamiyatimizga kerakli va yetuk inson bo‘lasan.

Muzaffar ustozining bergan nasihatlari va buvisining o‘gitlari ta’sirida darslarni qoldirmaydigan, a’lo va yaxshi baholarga o‘qiydigan, sinfdagi  faol o‘quvchilardan biriga aylandi. O‘qituvchi u bilan qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tdi, qiziqarli kitoblar sovg‘a qilib, adabiyotga bo‘lgan qiziqishini uyg‘otdi.

Uchinchi sahna

Oradan oylar, yillar o‘tib, Muzaffarjon yetuk inson bo‘ldi.

Yilning 1- oktyabr sanasi.

Muzaffar qo‘lida bir dasta gul ko‘tarib sahnaga kirib keladi: — Bugun 1- oktyabr — ustozlar bayrami! Bayram bilan albatta, birinchi ustozim — Holida opani tabriklashim kerak.

Muzaffar ustoziga telefon qiladi: — Assalomu alaykum, ustoz, men Muzaffarman. Qalay, ahvollaringiz, sog‘liqlaringiz yaxshimi?

O‘qituvchi: — Vaalaykum assalom, Muzaffarjon, yaxshimisan!? Ovozingni eshitib xursand bo‘ldim. Ha, men yaxshiman, sog‘lig‘im ham yaxshi. O‘zing sog‘-omon yuribsanmi, o‘qishlaringni tugatdingmi? 

Muzaffar: — Ha, ustoz yaxshiman. Institutni tugatib, tuman markazidagi poliklinikada ishlayapman. Ishlarim yaxshi, hammasi joyida. Sizning o‘z vaqtida bergan o‘gitlaringiz va tenbehlaringiz tufayli men shu darajaga yetdim. Buning uchun umrbod sizdan minnatdorman ustoz! Hozir sizni ko‘rgani bormoqchiman. Maktabdamisiz?

O‘qituvchi: — Ha, ha, o‘sha sen bilgan maktabdaman. Kelaver, kutaman seni!

(Muzaffar gullar ko‘tarib ustozini ko‘rgani maktabga ketadi).

Ustoz va shogird uzoq suhbatlashishdi.

Mana Xolida opa kabi shunday fidoiy ustozlar borki, farzandi taqdirini pul va boylikka almashtirgan ba’zi ota-onalar o‘rniga o‘quvchilariga o‘z onasidek mehr ulashadi, ta’lim-tarbiya beradi. Bunday jonkuyar ustozlar qoshida qancha ta’zim qilsak ozdir! Shu bilan sahna ko‘rinishi tugaydi.

 (O‘quvchilar tomonidan I.Muslim she’ri, F.Nazarov musiqasi bilan aytiladigan «Maktabim» qo‘shig‘i ijro etiladi).

1- boshlovchi (o‘quvchilarga qarata):

— Qo‘limizga qalam tutqazgan inson kim?

O‘quvchilar: — Ustoz!

2- boshlovchi: — «Vatan», «Ona» so‘zlarini qalbimizga singdirgan inson kim?

O‘quvchilar: —  Ustoz!

1- boshlovchi: — Albatta, to‘g‘ri aytdingiz.  Bizlarga «Vatan» va  «Ona»dek muqaddas so‘zlarning ma’nosini anglatgan, har qanday vaziyatda ham ularga sodiq bo‘lishni uqtirgan buyuk siymo Ustozdir.

Kelinglar, endi so‘zlari siym-u zarga teng kelguvchi ana shu ustozlarimizni ulug‘lagan maqollardan «Maqol aytish» musaboqasini o‘tkazsak. Ғolib bo‘lgan do‘stimizni esa musabaqa so‘ngida olqishlab qo‘yamiz.

Maqollardan na’munalar:

— Ustoz otangday ulug‘.

— Ustozsiz shogird — jonsiz terak.

— Ustoz ko‘rgan xat tanir.

— Ustoz qanday – shogird shunday.

— Usta bo‘lsang ham ustozni unutma!

— Ustozning obro‘si bamisoli muhtasham bir qasr.

— Kibru-havo yomon, ustozni mensimaslik gunohi azimdir.

  Daraxtni shirin meva, ustozni oqil shogird bezaydi.

(Aytishuvda 5 nafar o‘quvchi ishtirok etib, navbat bilan maqollar aytadi. To‘xtab qolgan o‘quvchi o‘yindan chiqadi. Va navbatdagi o‘quvchi boshqa ishtirokchilar tomonidan aytilmagan maqol bilan musobaqani davom ettiradi. Oxirida qolgan o‘quvchi g‘olib sanaladi va o‘quvchilar tomonidan olqishlanadi).

2- boshlovchi: — Endi navbatni maktab hayotidan tasvirlangan qatra xandalarga bersak.

Ona tili darsida:

O‘qituvchi: — Sattorov, qani menga aytchi, ko‘chirma gap deb nimaga aytiladi?

O‘quvchi: — Partadoshim Zeboning daftaridan ko‘chirib yozgan gapim ko‘chirma gap deyiladi.

Tasviriy san’at darsida:

O‘qituvchi: — Jumaboev, axir bu chizgan rasmingda nuqtadan boshqa hech narsa ko‘rinmayaptiku?

O‘quvchi: — Ustoz, axir ummonda suzayotgan kema uzoqdan nuqtadek ko‘rinadi-da......

Tabiat darsida:

O‘qituvchi: — Fozilov, qani menga ayt-chi, bizga Buxoro yaqinmi, yoki quyosh?

O‘quvchi: — Albatta quyosh yaqin.

O‘qituvchi: — Nima uchun?

O‘quvchi: — Axir Buxoroni ko‘rolmaymiz, quyoshni esa ko‘rib turamiz.

1-boshlovchi: — Aziz mehmonlar, ustozlar va o‘quvchilar! Labingizdan kulgu, yuzingizdan tabassum arimasin! Mana bugungi ustoz va murabbiylar kuniga atalgan bayram tadbirimiz ham o‘z nihoyasiga yetdi. Jonajon, muallimlar, barchangizning  yosh avlodni tarbiyalashdek mashaqqatli va sharafli ishingizga muvaffaqiyat tilaymiz!

2-boshlovchi: — Shogirdlar kamolini ko‘rish baxti barchangizga nasib etsin! Umringiz uzoq, hayot yo‘lingiz quvonchu shodliklarga limmo-lim bo‘lsin!

O‘quvchi: — Bayram tadbirimiz o‘z nihoyasiga yetdi. E’tiboringiz uchun rahmat!

  

Sayyora TO‘RAYEVA,

Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi 

2- umumta’lim maktabining

boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

Add comment


Security code
Refresh