31.01.2018

Abu Ali ibn Sino «Tib qonunlari» asarida yosh bolalarni tug‘ilganidan boshlab voyaga yetgunicha ma’lum tartibda tarbiyalab borish lozimligini aytadi. Maktabda bolalarni qanday va qay usulda o‘qitish haqida ham muhim fikrlarni olg‘a suradi. U bolalarni yakka tartibda o‘qitishdan ko‘ra jamoa tartibida o‘qitishni maqul deb biladi va bu usulning afzalligi haqida shunday deb yozadi: «O‘quvchilar o‘qish va tarbiya davomida ilmga chanqoqlik sezadilar. O‘z bilimi bilan g‘ururlanadilar, bir-birlarining bilimiga havas qiladilar. G‘urur va o‘ziga e’tibor tarbiyalanuvchilarni bir-biridan orqada qolmaslikka undaydi. O‘quvchilar birga bo‘lganda doim bir-biri bilan gaplashadi va bu bilan o‘z xotira va nutqini rivojlantiradi».

XV asrda Samarqandda Mirzo Ulug‘bek «Akademiya»ga asos soldi. Bu haqda tarixchi olim Volter «Ulug‘bek Samarqandda birinchi akademiyaga asos soldi, yer kurrasini o‘lchashni buyurdi va falakiyotshunoslik jadvallarini tuzishda ishtirok etdi», deb yozgan edi.

Ulug‘bek Akademiyada olib borilayotgan ta’lim-tarbiya jarayonida o‘quvchilarning matematika, falakiyot va tibbiyot fanlari bo‘yicha qobiliyatini rivojlantirishni muhim vazifa deb baholagan. U har bir kishining axloqiy kamol topishida boshqalar bilan o‘zaro munosabati, hamkorligi va do‘stligi yetakchi rol o‘ynaydi, deb hisoblagan. Shuningdek, Ulug‘bek bolalarning barkamol inson bo‘lib voyaga yetishi uchun ularni o‘qitish va tarbiyalash zarurligini, turli bilimlarni o‘rganishda qiziqtirish kerakligini qayd etgan. Bolalarning o‘qishdan sovishiga sabab, avvalo, o‘qituvchilardagi razolat ekanini, bunday o‘qituvchilar yaroqsiz usullar bilan yoshlarning bilim olishga qiziqishini so‘ndirishi mumkinligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, tarbiyachi avvalo, o‘zini tarbiyalashi, ya’ni bilim va mahoratini muttasil oshirib borishi lozim.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, ta’lim jarayonida faollik, ya’ni aynan ta’lim oluvchilar hamda ta’lim beruvchining o‘zaro faolligi, o‘zaro hamkor, hamfikrligi hal qiluvchi omildir. Bular xozirgi kundagi interfaol ta’lim metodlarining o‘sha zamonlardagi ko‘rinishini yaqqol ifodalaydi.

Zamonaviy pedagogik jarayonda esa pedagoglar interfaol ta’lim modelidan tashqari quyidagi ta’lim modellaridan ham foydalanishmoqda. Bular ekstrafaol, introfaol, faol (ichki) va interfaol ta’lim modellaridir. Ular bo‘yicha 1- jadvalda qisqacha ma’lumot keltiramiz:

1- jadval. Ta’lim  berish modellari  sxemasi va ularning asosiy mohiyati

Bizning fikrimizcha, bugungi kunda ekstrafaol, faol va introfaol ta’lim jarayonlariga interfaol metodlarning tatbiq etilishi ularning samarali kechishini ta’minlash bilan birga, zamonaviy ta’lim uchun o‘ta muhim sanalgan o‘zaro hamkorlik asosida ta’lim olish uchun ma’lum sharoitlarni vujudga keltiradi. Quyida ta’lim rus tilida olib boriladigan maktablarning o‘zbek tili fanida «Keys study» metodidan foydalanib tashkil etilgan interfaol ta’lim jarayonining tahliliga to‘xtalamiz.

Aniq muammoli vaziyatni tahlil qilish (ingliz tilida «case-study», nemis tilida «fallstudie») so‘nggi yillarda tobora ommalashib borayotgan metodlardan biri sanaladi. Ta’lim rus tilida olib boriladigan maktablarda o‘zbek tili fanini o‘qitish jarayonida ushbu metodni o‘tkazish uchun quyidagi muammoli vaziyat tanlab olinishi mumkin:

«Zumrad va Qimmat» ertagidagi Qimmatning dardi. — «Men yomon qahramon emasman, otam Zumradni o‘rmonga tashlab kelganida qattiq xafa bo‘ldim. Ovqatning ham tuzini atayin sho‘r qilganim yo‘q, tuz ovqatga solinmadi, deb o‘ylab, ozgina solgan edim, lekin... Onamga har doim men ishlarni qilay desam sira qildirmadilar, lekin barcha uy ishlarini o‘rganishni xohlagan edim. Men Qimmat, sizlar tasvirlaganchalik yomon emasman, menga ishoninglar...».

Mana shu vaziyat borasida guruhlarda tahliliy ish olib borildi. Bundan tashqari  boshqa bolalar ertaklaridagi salbiy qahramonlar «Yalmog‘iz kampir», «Bo‘ri» kabi obrazlar asosida ham muammoli vaziyatlar tashkil etish mumkin.

Bu metod o‘qituvchilarning axborotlarni tahlil qilish, asosiy muammoni aniqlash, ularni hal etishning muqobil yo‘llarini tanlash va baholash, eng samarali yo‘lni topish hamda harakat dasturini ishlab chiqish ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadini ko‘zlaydi.

Muammoli vaziyatlarni tahlil qilish metodining o‘quvchilarda o‘zaro muloqotni yuzaga keltirishdagi afzalliklari quyidagi jihatlar bilan belgilanadi:

— fanlararo aloqani o‘rnatish;

— obrazli tafakkurni rivojlantirish;

— muqobil variantlarni baholash;

— tahlil natijalarini namoyon etish;

— qaror qabul qilish bilan bog‘liq jarayonda davomiylikni ta’minlash;

— muloqotga kirishish va guruh yoki jamoada ishlash ko‘nikmalarini o‘zlashtirish imkoniyatlari mavjud.

Ta’lim rus tilida olib boriladigan maktablarda o‘zbek tilini o‘rganishda o‘quv materiallari asosidagi muammoli vaziyatlarni tahlil qilish, o‘quvchilar yoki guruhlarning individual  ishlari, takliflarni guruhli muhokama qilish bilan muvofiqlashtiriladi. Bu holat o‘quvchilarda guruhda, bir jamoada ishlash ko‘nikmalarini rivojlantiradi. Individual tahlillar, guruhda ularning muhokama qilinishi, muqobil variantlarning tanlanishi, harakat yo‘nalishi va muammoni hal qilish rejasini belgilash, o‘quvchilarda tahlil qilish va rejalashtirish kabi sifatlarning shakllanishiga yordam beradi. Ushbu metod, ayniqsa, til (xorijiy tillarni) o‘rganishda nihoyatda qo‘l keladi.

Amalda muammoli vaziyatlarni ishlab chiqishda quyidagi ikki yo‘ldan birini tanlash mumkin:

1) aniq hayotiy voqea-hodisalar misolida;

2) sun’iy asoslangan hodisalar, harakatlar asosida.

Ta’lim amaliyotida muammoli vaziyatlarni tahlil qilishda samaradorlikka erishishni kafolatlovchi quyidagi asosiy tamoyillar ishlab chiqilgan:

1. Muammoli vaziyatlar faqat birgina mavzu yoki predmet bilan bog‘liq bo‘lmaydi. Ular, odatda, boshqa muammolar va masalalar bilan bog‘liq bo‘ladi. Shu sababli, o‘quvchilar fanlararo aloqadorlikdan foydalanish ko‘nikmalariga ega bo‘lishi lozim.

2. Muhokama jarayonida o‘quvchilar muammoli vaziyatlarning tashqi jihatlariga emas, balki ichki sabablariga e’tibor qaratishi pedagogik jihatdan to‘g‘ri sanaladi.

3. O‘quvchilar muhokama jarayonida ma’lum fan yoki o‘quv materiali bo‘yicha o‘zlashtirgan nazariya, qoida, ta’rif yoki aksiomalarni o‘rinli qo‘llay olishi, shuningdek, ulardan muammoli vaziyatlar yechimini topish va tavsiyalar ishlab chiqishda foydalana olishi kerak.

4. Birgina muammoli vaziyatning yechimini topish bilan kifoyalanib qolmay, qolgan muammolarning yechimini ham izlash va yo‘nalishlarini tahlil qilish maqsadga muvofiqdir.

5. O‘quvchilarga tahlil va ilgari surilayotgan tavsiyalarning to‘g‘riligini tasdiqlashda shaxsiy tajribalarga tayanib ish ko‘rish tavsiya etilishi lozim.

6. Muammoli vaziyatlarni tahlil qilishga yondashish tizimli, izchil va o‘rinli bo‘lishi zarur.

Ta’lim rus tilida olib boriladigan maktablar uchun «O‘zbek tili» darsligida berilgan «Men sevgan asar qahramoni» mavzusini o‘rganishda  o‘quvchilarni «Yalmog‘iz kampir», «Bo‘ri», «Zumrad va Qimmat» kabi mavzular asosida tashkil etilgan muammoli vaziyatlarni hal etishga undash mumkin. Buning uchun quyidagicha savollar o‘rtaga tashlanadi: «Zumrad va Qimmat» ertagida tashqaridan ko‘ringan holatga asoslanib Qimmatni yomon qahramon deb  bo‘ladimi? Ta’lim rus tilida olib boriladigan maktablarning o‘zbek tili fani asosida «Men sevgan asar qahramoni» mavzusidagi dars jarayonida tashkil etilgan tajriba-sinov ishlari natijasida adabiy o‘qish bo‘yicha lug‘atda berilgan: asar, qahramon, ket, arang, yo‘ldosh, o‘ksimoq, chalg‘imoq, durra, silamoq, sharmanda bo‘lmoq so‘zlarining rus tilidagi ma’nosini 69 foiz o‘quvchilar to‘g‘ri topa olishgan.

Yuqorida bildirilgan fikrlarga tayangan holda quyidagi umumiy fikrga kelish mumkin: ta’lim jarayonida interfaol metodlarni qo‘llash o‘quvchilarning o‘quv faolligini oshirish, mashg‘ulotlarning qiziqarli va samarali tashkil etilishi hamda darsga qo‘yilgan maqsadga samarali erishishni ta’minlaydi.

Dilafro‘z XIDOYATOVA,

Toshkent shahar XTXQTMOI Pedagogika-psixologiya

kafedrasi, pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha falsafa doktori.

Add comment


Security code
Refresh