01.06.2018

Tadbir maktab zalida o‘tkaziladi. Sahna mavzuga mos ko‘rinishda jihozlangan. Devorga Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Kitobsiz kelajak yo‘q!», «Yoshlarni kitobga, kitobxonlikka qaytarish kerak!» degan  fikrlar osilib, kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etiladi.

1- boshlovchi:

Xazinalar sandig‘i,

Bilim uning tortig‘i.

Javonlardagi oftob,

Uning nomidir….

Hamma: — Kitob.

2- boshlovchi:

Juda sevamiz uni,                                            

Xilma-xildir mazmuni.                         

O‘qituvchi emas-ku,                            

Bilim bera olar u.                                             

U barchaning ulfati,

Bo‘lar ba`zan surati,

Qani, o‘rtoq, buni top!

Eslagan der: bu…

Hamma: — Kitob.

(Kitob kiyimidagi ikki o‘quvchi kirib keladi).

1- o‘quvchi: — Assalomu alaykum, hurmatli ustozlar, aziz tengdoshlar, bolajonlar. Tadbirimizga tashrif buyurgan ota-onalar va aziz mehmonlar.

2- o‘quvchi: — Barchangiz bugungi «Boshimizda oftob bor, qo‘limizda kitob bor!» deb nomlangan tadbirimizga xush kelibsizlar!

1- o‘quvchi: — Kitob — bilim manbai, ilm shamchirog‘i, ma’naviyat sarchashmasi. Kitobni quyoshga qiyoslash o‘rinlidir.

2- o‘quvchi: — Quyosh insonning jisman ulg‘ayishi uchun qanchalik muhim bo‘lsa, kitob ma’nan barkamollik uchun ham shunday ahamiyatga egadir.

O‘quvchi:

Sen o‘zing mitti mohtob,

Yoki nur sochgan oftob.

Sen tafakkur chirog‘i,

Sen  eng sodiq do‘st, kitob.

O‘quvchi:

Seni ochsam qalbda nur,

Bahra oladi shuur.

Sen eng yaqin hamrohim,

O‘zing oqil, o‘zing zo‘r.

O‘quvchi:

Hikmat, matal ham senda,

Ertak, masal ham senda.

Hayot yo‘lida zarur

Dono maqol ham senda.

O‘quvchi:

Tarix ham adabiyot

Bari-barin o‘rgandim.

Yurtni sevib kitobdan

Vatan qadrin o‘rgandim.

1- boshlovchi: — Kitob-moziy darakchisi, bugunning tarbiyachisi va muallimi, kelajakning yo‘lboshchisi.

2- boshlovchi: — Kitobni ma’naviy xazina, haqiqiy boylik, dedik. Uni chin dildan sevib qadrlagan Abu Ali ibn Sino og‘ir betob bo‘lgan Buxoro hukmdori Nuh ibn Mansurni davolagach, evaziga oltin kumushlar to‘la sandiqni emas, balki saroy kutubxonasidan foydalanish imkoniyatini qo‘lga kiritishni afzal ko‘rgan edi.

O‘quvchi:

«Kitob»im misli oftob,

Qalbga ziyo-nur berar.

Har satri  to‘la ma’no,

Marjon-marjon dur berar.

O‘quvchi:

«Kitob»im misli oftob,

Yuragimga cho‘g‘ solar.

So‘zlari yulduz bo‘lib,

Qalbim to‘rida qolar.

O‘quvchi:

«Kitob»im misli oftob,

Qorachiqday saqlayman.

Kamol topib ustozlar,

Ishonchini oqlayman.

1- boshlovchi:

O‘rganar ilm-u odob,

Kitob o‘qigan bola.

2- boshlovchi:

Yuzi bo‘ladi oftob,

Kitob o‘qigan bola.

O‘quvchi: — Kitob — insonning yaqin sirdoshi, maslahatgo‘yi, ko‘makdoshi. Shuning uchun ham uni nondek e’zozlaymiz.

O‘quvchi: — Kitobni sevgan insonning ma’naviyati yuksak, dunyoqarashi teran bo‘ladi.

(Shu o‘rinda bolajonlar Zikrilla Ne’matning «Kitobni seving» sher’rini o‘qishadi).

O‘quvchi:

Butun borliq tabiat

Sevgan kabi oftobni.

Bolajonlar, sizlar ham

Seving aziz kitobni!

O‘quvchi:

Kitob — sodiq do‘stimiz

Xoh kunduz, xoh tundadir.

Bor tilsim-u sirlarning

Kaliti ham shundadir.

O‘quvchi:

Kitob bois qalbingiz

Oy-yulduzdek porlagay.

U sizni ezguliklar

Olamiga chorlagay.

O‘quvchi:

Yaxhi ertak, hikoya,

Go‘zal she’r-u dostonlar.

Ko‘nglingizni yayratib

Etar bog‘-u bo‘stonlar.

O‘quvchi:

Kimki kitob o‘qish-la

O‘tkazsa gar vaqtini.

Hayotda u albatta

Topgaydir o‘z baxtini.

O‘quvchi:

Kitob do‘st erur mudom

Butun insoniyatga.

Uni sevib sizlar ham

Yeting orzu, niyatga!

1- boshlovchi: — Navbatni kitob haqidagi qiziqarli ma’lumotlarga beramiz.

O‘quvchi: — Markaziy Osiyo xalqlari kitobni qadim-qadimdan e’zozlab kelgan. Ushbu hududdagi dastlabki kutubxona eramizning II asrida Xorazmda faoliyat ko‘rsatgan.

O‘quvchi: — Ibn Sino «Tib qonunlari» kitobi XII—XVI asrlar oralig‘ida 40 marta qayta nashr qilingan. Bu kitobga hozir ham ehtiyoj katta.

O‘quvchi: — Eng ko‘p jildli kitob «Fransuz ensiklopediyasi» bo‘lib, u 1200 jilddan iborat.

O‘quvchi: — Nyu-Yorkdagi muzeylardan birida bo‘yi 3 metr, qalinligi 1 metr, og‘irligi esa 125 kg keladigan dunyodagi eng katta kitob saqlanadi.

O‘quvchi: — Parijdagi milliy kutubxonada saqlanayotgan qo‘lyozma dunyodagi eng qadimiy kitob hisoblanadi. Hikmatlar yig‘indisidan iborat bu kitob, qadimda Misrning Fiva shahrida eramizdan 2600 yil muqaddam topilgan.

O‘quvchi: — Londondagi birinchi xalq kutubxonasining asoschisi Fenkorning talabi bilan, kitob varaqlarini buklagan kishilarga nisbatan jazo chorasi qo‘llanilgan.

(Sahna ko‘rinishi: «Kitobning da’vosi»).

Kitob:

Sumkangda yotaverib,

Charchab ketdim-ku, jo‘ra

Qarab qo‘ysang bo‘lardi,

Uxlab yotgandan ko‘ra.

Jild kiygizib yuzimga

Tinim bermay o‘qigin,

Oshib-toshib biliming

Hatto she’rlar to‘qigin.

Buklaysan varog‘imni,

Kirlab ketgan muqovam

Anvarning kitobidan             

Aytgin, mening nimam kam?

Qara, to‘kding siyohni

O‘z joyimga qo‘ymasdan,

Pala-partish ishlatding

Chaqqon, puxta bo‘lmasdan.

Bola:

Kechir, meni kitobim

Ma’rifatim — oftobim!

Senga shunday xitobim

Endi seni asrayman!

Ko‘z nurimdek saqlayman!

Bilim o‘rgandim sendan,

Minnatdordirman sendan!

1- boshlovchi: — O‘quvchilarning kitob o‘qishga bo‘lgan havaslari oiladan boshlanadi.

Ota-bobolarimiz xonadonlarida Mashrab, Navoiy, Bedil va boshqa shoirlarimizning asarlarini maroq bilan o‘qishgan. Farzandlari kitobxonlik davralarida ishtirok etishgan. Natijada ularda kitob o‘qishga havas uyg‘ongan.

2- boshlovchi: — Bilim manbai bo‘lgan kitobni sevish va o‘qish uchun uni tanlay olish va o‘qish madaniyatini bilish kerak. Kitob o‘qish madaniyatiga — kitob xarid qilish va kutubxonani muntazam boyitib borishga alohida e’tibor bilan qarash lozim. Kitob saqlash odobi, o‘qish jarayoni, o‘qiganni o‘ziga va hayotga tatbiq etish, kabi o‘nlab masalalarni o‘z ichiga oladi.

1- boshlovchi: — Bilasizmi, aziz bolajonlar, kitob o‘qishning ham qoidalari bor.

2- boshlovchi: — Marhamat, ular bilan tanishing.

1- o‘quvchi: — Kitobni tanlay olish va zarurini o‘qish.

2- o‘quvchi: — Kitobni mustaqil o‘qishni bilish.

3- o‘quvchi: — O‘qiganlaridan hayotiy xulosalar chiqarish.

4- o‘quvchi: — Uning kerakli joylarini yon daftariga ko‘chirib, esda saqlash.

5- o‘quvchi: — Kitobni yaroqsiz holga keltirmaslik uchun undan to‘g‘ri foydalanishni bilish.

6- o‘quvchi: — Kitobni shoshmasdan o‘ylab, diqqat-e`tibor bilan o‘qish malakalariga ega bo‘lish.

7- o‘quvchi: — Qayta-qayta o‘qish – kitobxonlik ko‘nikmasini orttirish.

«Borlig‘im kitob» she’ri sinfdagi san’atga shinavanda o‘quvchilardan biri tomonidan qo‘shiq qilib aytiladi.

Dillarimni yayratgan,

So‘zlarimni sayratgan,

Bizga imkon yaratgan,

Borlig‘im, borim, kitob.

Tandagi jonim, kitob

Bilimimni oshirgan,

«O‘qi!» deya shoshirgan

Aqlimni xo‘p toshirgan,

Borlig‘im, borim, kitob.

Tandagi jonim, kitob

Xalq ishonchin oqlagan,

Ezgulikni yoqlagan,

Ilm suvin poklagan,

Borlig‘im, borim, kitob.

Tandagi jonim, kitob

O‘zingsan mehri oftob,

Har sahifang yangi bob,

Sendan olaman odob

Borlig‘im, borim, kitob.

Tandagi jonim, kitob.

1-boshlovchi: — Dunyodagi barcha kitoblarni sotib olish mumkinmi? Nima uchun?

O‘quvchi:Yo‘q, sotib olish mumkin emas.

O‘quvchi:Uy sharoitida uncha kitobni saqlash qiyin.

O‘quvchi: — Men o‘qimoqchi bo‘lgan kitob do‘konda bo‘lmasligi mumkin.

2-boshlovchi: — Xo‘sh,bunday holatda bizga nima yordamga keladi?

O‘quvchi:Kutubxonalar yordamga keladi.

1- boshlovchi:To‘g‘ri aytdingiz! Demak, kutubxonalar bizni kitoblar dunyosiga boshlar ekan. Ajdodlarimizdan o‘rnak olib, bo‘sh vaqtimizni kitob o‘qishga sarflashga harakat qilaylik, kitobni sevaylik.

2- boshlovchi: — Kitob o‘qish qoidalariga rioya qilaylik. Bizning hozirgi mehnatimiz kitob o‘qishdir. Kitob o‘qish uchun ko‘proq vaqt ajratib, mehnat qilsak,  o‘qimishli kishi, hatto katta olim bo‘lib, O‘zbekistonning kelajagi uchun yangiliklar yaratishimiz mumkin.

1- boshlovchi:  — Ha, azizlar, kitob eng qimmatbaho boylik. Uni hech qachon iflos qilmang, yirtmang.    Maktab kutubxona fondini boyitish maqsadida bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilaylik! Har birimiz ushbu xazinani boyitish uchun o‘z  hissamizni  qo‘shsak, kelajak avlod ushbu xazinadan  bahramad  bo‘lg‘usidir.

2 -boshlovchi: — Hurmatli  ota-onalar,  muhtaram  ustozlar,  farzandingizga xoh tug‘ilgan  kuni, xoh boshqa bayram  bo‘lsin  kitob sovg‘a qilishni kanda qilmang. Shu bilan bugungi tadbirimiz nihoyasiga yetdi.

E’tiboringiz uchun rahmat!

Surayyo MURODOVA,

 Buxoro viloyati Romitan tumanidagi 

1- umumta’lim maktabining

boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

Add comment


Security code
Refresh