27.07.2018

Darsning maqsadlari:
ta’limiy: she’rni ifodali o‘qishga o‘rgatish, lug‘at boyligini oshirish;

FK1: o‘z fikrini og‘zaki va yozma tarzda aniq va tushunarli bayon qila olish, savollarga to‘g‘ri javob berish;

tarbiyaviy: o‘quvchilarning  qalbida Ona vatanga muhabbat tuyg‘usini uyg‘otish va ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash;

TK5: Vatanni sevish, insonlarga mehribon bo‘lish;

rivojlantiruvchii: o‘quvchilarning erkin fikrlash doirasini kengaytirish, ravon so‘zlash malakasini rivojlantirish.

TK3: dars davomida yuklatilgan vazifalarni sifatli va o‘z vaqtida bajarish, do‘stini hurmat qilish, o‘zgalar fikrini tinglash.

Dars turi: yangi bilim va tushunchalarni shakllantiruvchi.

Dars metodlari: suhbat, ifodali o‘qish, kichik guruhlarda ishlash, «Klaster», «Aqliy hujum», «Maqollar zanjiri» ta’limiy o‘yini.

Dars jihozlari: darslik, videolavhalar, mavzuga oid rasmlar, tarqatmalar.

Darsning borishi

I. Tashkiliy qism.

O‘quvchilarni doska oldiga taklif qilib, doira shaklida to‘plash. Salomlashish. Davomatni aniqlash.

O‘qituvchi: — Doskaga turli rangdagi tarqatmalar ilingan. Ularning orqa  tomonida guruh nomlari yozilgan. Marhamat, ulardan birini tanlab, joyingizni egallang.

(Shu tariqa o‘quvchilar beshta guruhga bo‘linadilar).

I guruh — «Bilimdonlar», II guruh — «Topqirlar», III guruh — «Zukkolar», IV guruh — «Chaqqonlar», V guruh — «Donolar».

                            Boshlandi sinfda dars,

                            Tayyor bo‘ling har nafas.

O‘qituvchi: — Keling, mashg‘ulotimizni boshlaylik, hozir darsimiz nima?

O‘quvchilar: — O‘qish darsi.

O‘qituvchi: — Aziz o‘quvchilarim, yozgi ta’tilni maqsadli o‘tkazdingizmi? Oromgohlarda yaxshi dam oldingizmi?

(O‘quvchilar o‘z taassurotlarini aytishadi).

O‘qituvchi: — Bolalar hozir qaysi fasl?

O‘quvchi: — Kuz fasli. Kuz fasli sentabr, oktabr, noyabr oylaridan iborat.

O‘qituvchi: — Kuzda qanday bayramlar nishonlanadi?

O‘quvchi: — 1- sentabr — Mustaqillik kuni, 1- oktabr — Ustoz va murabbiylar kuni, «Mehrjon bayrami», 21- oktabr — O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun, 18- noyabr — O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i qabul qilingan kun.

II. O‘tilgan mavzuni so‘rash.

O‘qituvchi: — Ta’til topshiriqlarini kim aytadi?

O‘quvchi: —  ertak kitoblar o‘qish, she’rlar, maqollar, topishmoqlar yodlash.Ta’til taassurotlarini kichik matn tuzib yozish.

O‘qituvchi: — Ta’til topshiriqlarini qanday bajarganliklaringizni darslarimiz davomida so‘rab boraman.

1- topshiriq. Ta’til  taassurotlari haqida yozib kelgan matnlarini o‘qib eshittiradilar.

2-topshiriq. O‘quvchilar berilgan rasmlarga qarab, ertak nomi va qahramonlarini yozadilar.

 «Ertaklar tahlili» o‘yini

3- topshiriq. «Kim topqir?» o‘yini.

 

O‘qituvchi meva va sabzavotlar haqidagi topishmoqni o‘qiydi. Guruh o‘quvchilari topishmoqning javobiga mos meva va sabzavotlarni oldilaridagi savatdan olib ko‘rsatadilar. Topishmoq javobini ko‘rsata olmagan guruh o‘yindan chiqariladi.

                                             
Gulsiz bo‘lar mevasi,

Shirin-shakar donasi. 

(Anjir).

Mevasi dona-dona,

Har biriga bir xona.  

(Anor).

Yer ostida qatormiz,

Sizni kutib yotarmiz.

Uvol qolib ketmaylik,

Qaynatsangiz shakarmiz.  

(Lavlagi).

Qo‘shaloq tovoq,

Ichi to‘la yog‘.       

(Yong‘oq).

Bir qop un,

Ichida ustun.   

(Jiyda).

Sariq tuxum mevasi,

Nordon suvli mazasi 

(Limon).

Xo‘ppa semiz,

Bir tuki yo‘q.    

(Tarvuz).

Osti sariq, usti sariq,

Shirin totli ichi tariq. 

(Anjir).

Qip-qizil-u, anormas,

Cho‘g‘ga o‘xshar, yonolmas.

Mo‘ralaydi egatdan,

Joy oladi savatdan.     

(Qulupnay).

Qat-qat to‘nli bu polvon,

Archib yig‘ladi Javlon.  

(Piyoz).

Yer tagida oltin qoziq,

U hammaga bo‘lur oziq.  

(Sabzi).

Bozordan oldim bir dona

Ochib qarasam ming dona. 

(Anor).

III. Yangi mavzu bayoni.

2- sinf o‘qish darsligi va darslik mualliflari haqida suhbat. (Shartli belgilar).

O‘qituvchi: — Aziz o‘quvchilar, biz sizlar bilan kitobimizdagi 1- bo‘lim  «Ona yurtim — oltin beshigim» bo‘limini boshlaymiz. Bugun darsimizda «Vatanjonim, Vatanim» she’ri bilan tanishamiz.

She’r  muallifi  P.Mo‘min haqida ma’lumot beriladi.

O‘qituvchi: — Biz P.Mo‘minning qanday she’rlarini o‘qiganmiz?

O‘quvchilar: — «Vatan bu», «Odob va oftob», «Yer nima der?».

Multimediali ilovada «Vatanjonim,Vatanim» she’ri o‘qiladi. She’r mazmuni yuzasidan savol-javob o‘tkaziladi. O‘quvchilar she’rni ketma-ket o‘qiydilar.

— She’r nima haqida ekan?

— Vatan kimga o‘xshatilyapti? Nima uchun?

— Vatan deganda nimani tushunasiz?

— Inson Vatanini nima uchun yaxshi ko‘radi?

O‘quvchilar javobi umumlashtiriladi.

Lug‘at ishi

1. Gulshan — gulzor, chamanzor.

2. Istiqbol — baxtli kelajak.

3. Bahra — huzur-rohat.

IV. Yangi mavzuni mustahkamlash. «Maqolni to‘ldir» o‘yini.

Vatan haqidagi maqollarning o‘qiladigan qismi guruhlarda davom ettiriladi.

1- guruh.  Vatani borning …………(baxti bor).

2- guruh.  Vataning tinch — ………(sen tinch).

3- guruh. Ona yurting — ………….(oltin beshiging).

4- guruh.  Yurti boyning……………(o‘zi boy).

5- guruh. Vatansiz inson — ………..(kuysiz bulbul).

1- guruh. Elda bori — ………………(senda bori).

2- guruh. Bulbul chamanni sevar,…...(odam Vatanni). 

3- guruh. O‘zga yurtda shoh bo‘lguncha,...……(o‘z yurtingda gado bo‘l). 

4- guruh. Ona yerning tuprog‘i…………………(ona sutidek aziz).

5-guruh. Vatanning vayronasi — ………………(umrning g‘amxonasi). 

Tarmoqlash usulida «Vatan» so‘ziga ta’rif yoziladi.

Tez aytish

Tez aytish musobaqasi o‘tkaziladi.

Zanjir, tandir, anjir.

V. Baholash. Dars yakunida guruhlarning to‘plagan ballari hisoblanib, g‘olib guruh rag‘batlantiriladi. Faol o‘quvchilarning reyting ballari e’lon qilinib, baholanadi.

VI. Uyga vazifa. She’rni yod olish. Men «Vatanimni sevaman» mavzusida matn tuzish.

Nigora RAIMOVA,

Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi

6- umumta’lim maktabining

boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

Add comment


Security code
Refresh