O‘qish

 

(4- sinf)

Darsning maqsadlari:

ta’limiy: o‘quvchilar «So‘zlovchi yomg‘ir» she’ri bilan tanishadilar. O‘quvchilarda she’rni ifodali o‘qish, she’r tuzilishi, mazmuni jihatidan tahlil qilish ko‘nikmalari takomillashtiriladi. O‘xshatish san’ati haqidagi ma’lumotlarini kengaytiradilar. She’rdagi narsa, voqea hodisalarni tasvirlay olishga o‘rganadilar. Abdurahmon Akbarning ijodi haqidagi bilimlarini boyitadilar. Tabiatshunoslik, ona tili, tasviriy san’at darslarida olgan bilim, malakalarini qo‘llaydilar.

FK1:  nutqiy (tinglab tushunish, gapirish, o‘qish, yozish).

FK2: lingvistik (grafika, leksika, grammatika)

tarbiyaviy maqsad: o‘quvchilarda tabiat hodisalarini diqqat bilan kuzatish, suvni ardoqlashga o`rgatish.

 TK 3:  o‘zini – o‘zi rivojlantirish kompetensiyasi (tevarak atrofga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish).

TK 5: milliy va umummadaniy kompetensiya (urf-odatlar, marosimlar, milliy – madaniy an’analar).

rivojlantiruvchi maqsad: o‘quvchilarda kuzatuvchanlik, ziyraklik ijodiy faollik kabi hislatlari rivojlantiriladi. O‘quvchilarning bog‘lanishli nutqi o‘stiriladi. Mantiqiy fikrlashga o‘rgatiladi.

FK2: savollarga to‘g‘ri, to‘liq javob berish.

Darsning turi: yangi bilim beruvchi. She’r o‘qish darsi.

Dasning metodi: suhbat, savol-javob, «tarmoqlash», «juftlikda ishlash», «Aqliy hujum», taqdimot, «Qadamma-qadam», «Paletka», «T-chizma», «Insert».

Darsning jihozi: Abdurahmon Akbar portreti, «So‘zlovchi yomg‘r» she’riga ishlangan rasm, multimedia ilovalari, slaydlar,  topishmoqlar, maqollar, tarqatma materiallar.

Darsning borishi:

Tashkiliy qism:

 Salomlashish .O‘quvchilarni darsga hozirlash.

 Uy vazifasini so‘rash . O‘tilgan mavzuni mustahkamlash.

O‘quvchilar uyga berilgan vazifa, «Yaxshidan bog‘ qoladi» rivoyati «Qadamma-qadam» metodi yordamida qayta hikoya qilinadi. Qolgan o‘quvchilar «Insert» metodidan foydalanib kuzatib boradilar. O‘quvchilar rag‘batlantiriladi.  Xattaxtaga daraxt maketi ilinadi, daraxt bilan mavzuning bog‘liqligi tarmoqlanadi va yaproqlar daraxtga yopishtiriladi.

 Mavzuga mos maqol bo‘ginlardan tuziladi.

Ko‘k-lam kel-sa, ko‘-chat ek.

Yax-shi-dan bog‘ qo-la-di, yo-mon-dan dog‘.

Yangi mavzu bayoni.

1. Yangi mavzuga kirish:

  • Daraxt ekdik. Daraxtga nima kerak? ( suv, yomg‘ir, mehnat, mehr…)

Audio yozuv (yomg‘ir ovozi)ni diqqat bilan eshiting.

-Yomg‘ir nima deyapti? (Bahor keldi, men yomg‘irman, tomchiman, meni sog‘indingizmi, Navro‘z keldi…)

2. Muallif haqida ma’lumot.

      Bugun siz bilan Abdurahmon Akbarning «So‘zlovchi yomg‘ir» she’rini o‘qib o‘rganamiz. Bu she’rdagi yomg‘ir nima der ekan?  Bilib olamiz.

Abdurahmon Akbar haqida kirish suhbati.

O‘zbek bolalar adabiyoti rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan  Abdurahmon Akbar 1962- yil 22- aprelda Toshkent viloyati ,Yangiyo‘l tumanidagi Niyozboshi qishlog‘ida ziyoli oilada tug‘ildi. O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida (1979-1987- yillar) tahsil oldi. Abdurahmon Akbar o‘qituvchi, ensiklopedik tarjimon, jurnalist, noshir va bolalar shoiri.

(Xattaxtada tarmoqlab boriladi.)

  15 dan ortiq she’riy, abadiy-badiiy va tarjima kitoblari chop etilgan. 1991- yili Usmon Nosir nomidagi mukofotga sazavor bo‘ldi.

  

Shoirning she’r va tarjimalari boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining darsliklaridan o‘rin olgan. Abdurahmon Akbar 2006- yili «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvoni bilan taqdirlangan.

3. Daftarda ishlash.

O‘quvchilarga 3x4 hajmdagi shoirning rasmi tarqatiladi, daftarda ishlab tarmoqlab boradilar.

4. She’r mazmuniga mos multimedia namoyish etiladi.

So‘ng o‘qituvchi o‘qib beradi, solishtiriladi.

O‘quvchilarga har xil holatlarga (xursand, xafa) kirib o‘qish  topshirig‘i  beriladi.

5. Lug‘at ishi:

Suruv — qo‘y , echki podasi.

Zamin — yer, tuproq

G‘ubor — gard, chang- to‘zon.

Shu so‘zlar ishtirokida so‘z birikmalari tuzdiriladi:

Masalan, unumdor tuproq, lalmi yer, g‘uborsiz osmon, chang-to‘zon ko‘tarildi…

She’rni ifodali o‘qish ustida ishlash ( «Paletka» metodi)

She’r tuzilishi ustida ishlash.

            She’r tuzilishining tahlili          

 

            O‘tilgan mavzuni mustahkamlash.

   She’rning mazmuni yuzasidan suhbat o‘tkaziladi:

  • She’r nimaning nomidan aytilgan? (yomg‘irning)
  • Yomg‘irning qarindoshlari nimalar ekan? (shudring, qor, bulut)
  • Shoirning yozishicha yomg‘ir asli qayerlik? Nima uchun? (yerlik)

«Fikr  xaritasi»da ishlash   (tabiatda suvning aylanishi chiziladi).

-Onasi yomg‘irga qanday maslahat berdi?  ( Vatan yashnasin desang, bolam unga ko‘klam chog‘i yog‘)

- Siz ham onangizning maslahatiga quloq tutasizmi?

Onalarni hurmat qilish, gapini ikki qilmaslik kabi xislatlar insonni doim to‘g‘ri yo‘lga boshlashi haqida tushuncha beriladi.

      «T-chizma» metodi.

O‘quvchilar yomg‘irning ijobiy va salbiy xususiyatlarini yoritib beradilar.

      Yomg‘ir

Ekinlarni sug‘oradi

Kanallarni suvga to‘ldiradi

Tabiatni yashnatadi

Gubor-changni yuvadi

Kiyimlarni ho‘l qiladi

Hovlilarga toshib ketadi

Nihollarni ko‘chirib tashlaydi

Paxtaning sifatini tushiradi

 

 She’rni ifodali o‘qib, rasmda tasvirlash.

5 nafar o‘quvchi she’rni ifodali o‘qib beradi va har bir to‘rtlikni rasmda tasvirlaydi.

Yomg‘ir haqida maqollar so‘raladi.

  • Qor yog‘di – don yog‘di,
  • Yomg‘ir yog‘di-osh yog‘di.
  • Qora bulutdan tiniq suv tomar.
  • Yomg‘ir ekinning joni.

Yana qanday tabiat hodisalarini bilasiz? (Qor, tuman, shudring, kamalak, do‘l, sel, jala, momoqaldiroq, chaqmoq,garmsel, shamol, …)

Berilgan tabiat hodisalari 4 ta faslga joylashtiriladi.

 Darsni yakunlash va o‘quvchilarni baholash.

 

Xulosa: Yomg‘ir oddiy suv emas, bu haqiqiy tabiat mo‘jizasi.

 

  1. Uyga vazifa

         «So‘zlovchi yomg‘ir» she'rini ifodali  o‘qish  va  yod olish, mos rasm chizish.

Shahlo G‘ulomova va
Shahnoza Kuziyeva,

Toshkent shahar
Sergeli tumani 300-maktabning

boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari.


Add comment


Security code
Refresh