Yurtboshimiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining
21 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda bolaning jismoniy va psixologik rivojlanishidagi eng asosiy davr — boshlang‘ich sinf davri ekanini alohida ta’kidlab o‘tgan edi. Bu pallada berilgan bilimlar keyingi bosqichlar uchun mustahkam poydevor vazifasini o‘taydi. Ushbu poydevorning «me’mor»lari bo‘lgan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni munosib uddalash uchun bor kuch-imkoniyatlarini ishga solmoqda.

Ana shu mushfiq ustozlarning kasb bayramiga bag‘ishlangan «1- oktabr — Ustozlar va murabbiylar kuni» munosabati bilan o‘tkaziladigan tadbirni ko‘tarinki kayfiyatda tashkil etishga alohida e’tibor beriladi. Buning uchun tadbir o‘tkazish joyi — maktab sahnasi o‘ziga xos tarzda chiroyli qilib bezatiladi. Monitorda «Birinchi qo‘ng‘iroq» tadbiridan lavhalar va dars jarayonlari ustozlar haqidagi ashula asosida namoyish   qilib turiladi.

1-    boshlovchi: 

Hayot ummonida bamisli mayoq,

Yiroqlarga nazar tashlar ustozlar.

Sodiq shogirdlarga berarkan saboq,

Doimo haq yo‘lga boshlar ustozlar.

2- boshlovchi:

Eng og‘ir damlarda vazminlik bilan,

Sabr ila matonat darsin o‘tarlar.

Ezgulik singdirib dillarga har dam,

Kelajakka totli meva tutarlar.                                                    

3- boshlovchi:

Assalom mehmonlar, mehri ziyolar,

Yuzlari quyosh-u qalbi daryolar.

Sizga ham, tengdoshlar, dildan ehtirom,

Qo‘llar ko‘ksimizda, deymiz, assalom!

1- boshlovchi:

Assalomu alaykum, ustoz muallim!

Ta’limning me’mori, zarning zargari,

Muqaddas kasbingiz asrga muhr

Hayotning eng asl noyob gavhari…

2-            boshlovchi: — Assalomu alaykum, fidoyi, jonkuyar, sabr-matonatga boy, qalbi ezgulikka to‘la, nur-ziyo taratuvchi ustoz va murabbiylar hamda tadbirimiz mehmonlari!     

3- boshlovchi: — Bugun biz o‘z qalb qo‘ri, ko‘z nurini, mehr-muhabbatini Vatan kelajagi uchun baxshida etgan, buyuk O‘zbekistonga har tomonlama rivojlangan barkamol avlodni tarbiyalashdek mas’uliyatli va sharafli vazifani zimmalariga olib, bu oliyjanob ishni sidqidildan bajarishga bel bog‘lagan ustozlarimizni, muallim-u murabbiylarimizni tabriklash, e’zozlash maqsadida to‘plandik.

1- boshlovchi: — Ustoz, o‘qituvchi, muallim, murabbiy. Bu so‘zlar bir-birini aynan takrorlamasa-da, ma’no-mohiyati yaqin. Zamirida olam-olam ma’no mujassam. Eng avvalo, yozish va qanday o‘qishni o‘rgatgan inson — u!

2- boshlovchi: — O‘qish, yozishni bilgach, kitobga ixlos uyg‘otgan ham shu muallim! Yaxshi o‘qisak, xursand bo‘lgan, a’lodan past bilsak, darhol yeng shimargan, yuragimizga qo‘l solib, yana ilm sari yo‘naltirgan-da shu birinchi o‘qituvchimiz!

3- boshlovchi: — Darha­qiqat, barcha orzu-umidlari ro‘yobini, baxtini farzandlari kamolida ko‘radigan xalqimiz hamisha ustoz zotini ulug‘lab, ularga cheksiz hurmat-ehtiromini namoyon etib kelgan va shunday bo‘lib qoladi.

Azaldan ustozni ulug‘lar xalqim,

Ularga ezgulik tilamoq haqqim.

Bunchalar buyuksiz, bunchalar zukko,

Umringiz mo‘jiza — yetmaydi aqlim.

1- boshlovchi: — Haqiqatan ham, o‘quvchilarni o‘z farzandidek qabul qilib, mehr ko‘rsatib, ilm berishdek ulkan, zahmatli, oliyjanob vazifani ado etishda o‘qituvchilarning hissasi benihoya kattadir. O‘z umrini o‘zgalar yo‘lini oydin qilishga bag‘ishlagan ustoz va murabbiylarni mash’alaga qiyoslash mumkin.

2- boshlovchi: — Aziz ustozlar, navbatni Siz tarbiyalagan, ilm-u hunar o‘rgatayotgan o‘quvchilarga beramiz.          

1- o‘quvchi:

Sizning ta’limingiz olmagan kim bor?

Siz-ku yuraklarda ilk ziyo yoqqan.

Olimmi, shoirmi va yo san’atkor,

Ilk bor sizga tomon ustoz deb boqqan.

2- o‘quvchi:

Bitta harf dardida riyozat chekib,

Oqibat ko‘kka ham chiqolgan inson.

Ne ajab sizlarni baxtiyor etib,

O‘rnidan dast turib, bosh egsa shu on.

3-            o‘quvchi:

Buyuk Alisherdek lutf etgan misol,

Savod o‘rgatdingiz qancha ranj bilan.

To‘lab bo‘larmikan bu qarzni alhol

Uzib bo‘larmikan yuzta ganj bilan?!

(O‘quvchilar o‘zlari tayyorlagan raqsni namoyish etadi). 

1-            boshlovchi: — Ustoz deganda, har qaysi inson ko‘nglida chuqur hurmat-ehtirom va cheksiz minnatdorchilik tuyg‘ulari paydo bo‘ladi.

Siz, murabbiy inson uchun,

Har bir ilm-u irfon uchun.

Rahnamosiz bizlar uchun

Qalbi daryo, muallimlar.

2- boshlovchi: — Xalqimiz naqlida: «Bir yildan keyingi hayot haqida qayg‘urmoqchi bo‘lsang, bug‘doy ek. O‘n yildan keyingi hayot haqida qayg‘ursang, daraxt ek. Agar yuz yildan keyingi hayot haqida qayg‘urmoqchi bo‘lsang — ta’lim-tarbiya ber», — deyilgan.

Tinmas edik berib savol,

Nima to‘g‘ri, nima halol?

Qalbimizga joylab odob,

Yoritdingiz go‘yo oftob.

Ey mehribon, aziz ustoz,

Sizga ta’zim, sizga e’zoz.

3-            boshlovchi: — Hurmatli ustozlar, oldingizda turgan sharlar ichiga savollar yashiringan, marhamat, ulardan xohlaganingizni tanlab savollarga javob bersangiz (sharlar ichiga quyidagi savollar yashiriladi).

  1. Birinchi o‘qituvchingiz kim edi?
  2. Nima uchun ushbu kasbni tanlagansiz?
  3. Yoshligingizda qanday kasb egasi bo‘lishni xohlardingiz?
  4. O‘quvchilik davringizdagi eng esda qolarli qiziqarli voqeani aytib bering.
  5. Agar sehrli shamchiroq topib olsangiz-u, undan faqat birgina tilak so‘rash kerak bo‘lsa, nimani so‘rardingiz?

(«Aziz ustozlar» qo‘shig‘i ijro qilinadi).

1- boshlovchi: — Shu o‘rinda aziz ustozlarimiz va tengdoshlarimiz uchun dunyoda «O‘qituvchilar va murabbiylar kuni»ni nishonlash haqida qiziqarli ma’lumotlar berib o‘tsak. (Sanalar rasmlari bilan birgalikda ekranda ko‘rsatiladi).

Avstraliyada — oktabrning so‘nggi jumasi.

Braziliyada — 15- oktabr kuni.

Chexiyada — 28- mart kuni.

Misrda — 28- fevral kuni.

Germaniyada — 5- oktabr kuni.

Yamaykada — 6- may kuni.

Meksikada — 15- may kuni.

Marokashda — 28- fevral kuni.

Yangi Zellandiyada — 29- oktabr kuni.

Peruda — 6- iyul kuni.

Ispaniyada — 29- yanvar kuni.

3-            boshlovchi: — Maktabimizda faoliyat yuritayotgan sport to‘garaklariga sinfimiz o‘quvchilari muntazam qatnashib keladi. Hozir ularning chiqishlarini tomosha qilasiz. (Maktab sport to‘garagi a’zolari ko‘rgazmali chiqish qilishadi).

1-            boshlovchi: — Aziz ustozlar, sizlarni yana bir bor qutlug‘ ayyomingiz bilan chin qalbimizdan tabriklaymiz.

2-            boshlovchi: — Sizlarga sihat-salomatlik, yosh avlodni tarbiyalashdek mashaqqatli va sharafli ishingizga muvaffaqiyat tilaymiz.

3-            boshlovchi: — Shogirdlaringiz va farzandlaringiz kamolini ko‘rish barchangizga nasib etsin. Shu bilan bugungi bayram tadbirimiz o‘z nihoyasiga yetdi. E’tiboringiz uchun rahmat!

(O‘qituvchi va o‘quvchilar ijrosida raqs).

 

Muborak QUTLIYEVA,

Xorazm viloyati Yangiariq tumanidagi

23- maktabning boshlang‘ich

sinf o‘qituvchisi.

Comments   

0 #1 profile 2018-11-02 12:59
Need cheap hosting? Try webhosting1st, just $10 for an year.

Quote

Add comment


Security code
Refresh