— O‘g‘lim ikki yoshga to‘lnaganida she’r yodlatishga zo‘r berdim. U bir-ikki sodda jumlali she’rni yod aytdi-yu, ifodali o‘qishning uddasidan chiqolmadi. To‘g‘risi, «Farzandimning aqliy qobiliyati unchalik emaskan-da», degan to‘xtamga ham kelgandim, — deydi 1- sinf o‘quvchisi Humoyunjonning onasi Feruza Sultonova. — Biroq, bolamni o‘shanda noo‘rin qiynagan ekanman. Oradan to‘rt yil o‘tib, o‘g‘lim ellikka yaqin she’rni chiroyli ohangda o‘qib beryapti. Ba’zida bolamizga ortiqcha talablar qo‘yarkanmiz. Biroq yosh o‘z so‘zini aytar ekan...

 

Inson hayotida har bir yil, oyu kunning o‘z ta’siri bor. Bola kun sayin o‘sib, ulg‘ayadi. 1- va 4- sinf o‘quvchisi o‘rtasida jismoniy, ruhiy va aqliy tafovutni bilishimiz kerak. Aks holda, bola yoshiga nomutanosib talab va vazifalar bilan farzandimizni «ezib» qo‘yishimiz mumkin. Keling, mutaxassislar yordamida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini yosh xususiyatiga ko‘ra tavsiflab chiqamiz.

Bir yosh ahamiyatsizmi?

Olti yoshdagi holat

Bola o‘qituvchining ko‘zlariga javdirab qaraydi. Sinfda kim menga mehribonlik ko‘rsatarkan, deya yaxshi gapirgan sinfdoshlariga intiladi. Diqqatini jamlab olishi qiyin kechadi. U hali mustaqil bo‘lishga qodir emas. O‘quvchilik maqomi uning orzularidagidek o‘yinqaroq va osonmasligini tan olishga majbur.

Olti yoshdan bola maktabga tayyorlana boshlaydi. Bu olti yoshli bola o‘qish, yozishni bilishi kerak, degani emas. Maktabga tayyorgarligi uning ruhiy moslashuvidan boshlanadi. «Men o‘qishni xohlayman», deyishi, qog‘oz-qalamni o‘zi istab izlashi maktabga tayyorgarlik belgilaridan. Har bir ota-ona olti yosh o‘g‘il-qizini o‘quvchi qiyofasida tasavvur qilib, ko‘ngliga shirin orzular tugadi. Ayrim bolalar «Qachon maktabga chiqaman?» deya kattalarni yanada shoshirib qo‘yadi. Tabiiyki, bu holatda ota-ona o‘qishga havasmand kichkintoyi ra’yini qaytarmay, mutaxassis bilan maslahatlashishga oshiqadi. Mutaxassis-pedagoglar esa bolaning individual-psixologik xususiyatlarini tekshirib, maktab ta’limiga tayyorlik darajasini belgilab beradi. Olti yoshlilar nutqida 3000—7000ta so‘z ishlatiladi. Asosan, ot, fe’l, sifat, son va bog‘lovchilardan foydalanishadi. Qaysi so‘zni ishlatgan ma’qul, qaysilari mumkin emasligini farqlay olishadi. Bolaning tayyorligini tekshirish har bir tuman(shahar) XTMFMTTE bo‘limida tuzilgan tashxis komissiyasi tomonidan «Olti yoshli bolalarning psixologik-pedagogik tashxis komissiyalari ko‘rigi to‘g‘risida»gi Nizom talablariga asosan olib boriladi. Bu jarayonda o‘g‘il-qizlarning ilk o‘quv motivlari shakllangani, bilish faoliyati (sezgi, idrok, xotira, tafakkur, xayol), yangi muhitga moslashuv va jamoaviy hamkorlik ko‘nikmasi, ma’naviy-ruhiy salohiyati, aqliy imkoniyatning ta’lim talablariga mutanosibligi sinovdan o‘tkaziladi. Bola belgilangan mezonlarga javob bersa, o‘qishni boshlaydi. Biroq, majburan, hali o‘yindan ajramagan kichkintoyni katta mas’uliyat og‘ushiga tashlash o‘qishdan sovushiga, irodasi «sinishi»ga sabab bo‘lishi mumkin.

Qanday qilsa maktab qoidalariga bo‘ysunadi?

Yetti yoshdagi holat

O‘qituvchi nigohidan mehr izlaydi. O‘qishdagi ma’lumotlarni bilim sifatida o‘rgana boshlaydi. Uning mustaqilligi ota-ona va ustoz ko‘magida shakllanadi. «Namunali o‘quvchi» rolini ijro etishga urinadi.

— Bola 7 yoshdan o‘quvchiga qo‘yilgan talablarga javob berish, fanlarni o‘rganish uchun biologik va psixologik jihatdan tayyorlanadi. Ruhiy holati bilim olishga yetadigan darajada rivojlanadi, — deydi Namangan viloyati Uchko‘prik tumani XTMFMTTE bo‘limi psixologi Madina Mamatova. — Idrokining o‘tkirligi, ravshanligi, sofligi, qiziquvchan va ishonuvchanligi bilan «uka-akalari»dan ajralib turadi. Diqqati shartli barqaror bo‘ladi. O‘quv jarayonida irodasini maqsadlariga erishish uchun mashq qildiradi. Bu esa o‘quvchidan nutq, diqqat, xotira, tasavvur va tafakkurining kerakli darajada rivojlanishini talab etgan holda, o‘sayotgan shaxs uchun yangi sharoitlar yaratadi. U predmetlar rangi, shakli, kattaligini, joylashishini biladi va taqqoslay oladi. Atrofidagilar bilan psixologik jihatdan yangi munosabat tizimiga o‘tadi. Hayoti tubdan o‘zgargani, nafaqat har kuni maktabga borish, balki o‘qish vazifalari yuklatilganini, oila a’zolarining o‘qishi, yutuqlari bilan qiziqayotgani, nazorat qilayotgani, yangi shakldagi muomala-munosabatdan ijtimoiy mavqei o‘zgarganini his etadi.

Oila va maktabda bola u bilan hisoblashishlari, maslahatlashishlariga ko‘nika boradi. Uning uchun eng qiyin qoida — dars vaqtida jim o‘tirish. O‘quvchini maktab qoidalariga bo‘ysundirishda pedagogning muomala uslubi juda ahamiyatli. Bu yoshdagi o‘quvchining muhim xususiyatlaridan biri — o‘qituvchiga ishonch hissi. Bola muallimini hamma narsani biladigan, mehribon inson hisoblaydi. Ustozi obro‘si oldida ota-ona, qarindoshlarning nufuzi kamayadi. Kichik maktab yoshidagi o‘quvchi rivojida yetakchi bo‘lgan o‘quv faoliyati o‘qituvchi shaxsi va munosabat uslubining ahamiyati juda katta. O‘quvchining maktabdagi muvaffaqiyati keyingi psixik rivojlanishi va shaxsiy shakllanishida muhim o‘rin tutadi.

Mavqeini yo‘qotishdan qo‘rqadi

Sakkiz yoshdagi holat

2- sinf o‘quvchisi ustozi qarashlaridan yo‘naltirish kutadi. Bolalar bilan do‘st tutinadi. Bilimlarini hayotda qo‘llay boshlaydi. Biroz mustaqil bo‘lishga urinadi. Vazifalarini kattalar ko‘magida ado etishga intiladi.

8 yosh o‘quvchi o‘zini oila, maktab, sinfning to‘laqonli a’zosidek his qiladi. Endi uning har joyda o‘z o‘rni bor. Bu mavqeini yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqadi va o‘qish uchun barcha talablarni bo‘yniga oladi. Qiyinchiliklarni yengish uchun irodasini charxlaydi. Olaylik, besh banddan ortiq she’r yodlashni mashaqqat deb biladigan bola o‘n bandni yodlashga o‘zini majburlay oladi. O‘z o‘rnini topish uchun jon-jahdi bilan kurashadi.

Psixolog Ra’no Rahimova 8 yoshlilarni shunday ta’riflaydi:

— Bu davrda bolaning «Men shuni xohlayman» motividan «Men shuni bajarishim kerak» motivi ustunlik qiladi. Birinchi sinfdagi ruhiy zo‘riqish o‘rnini irodaviy faollik egallaydi. Jumlalarni murakkab grammatik tizimda tuza oladi. Biroq nutqiga boshqalar e’tiborini tortish mayli unchalik kuchli bo‘lmaydi. Yozma nutqi shakllanib, to‘g‘ri tuzish va yozishga ma’lum talablar qo‘yilgani, so‘zlar qanday eshitilsa, shundayligicha yozilmasligini biladi. Unda ijod istagi tug‘iladi. Biroq mustaqil ijodiy ish bajarishga qiynalgani uchun kattalar ko‘magi zarur. Aql-idrok, sezgirlik, kuzatuvchanlik, eslab qolish, esga tushirish, hisoblash malakalari rivojlanadi.

«Men to‘polonchi emasman»

To‘qqiz yoshdagi holat

O‘qituvchining nazaridan qolmaslikka intiladi. Sinfdoshlari orasida tayin do‘stlari bo‘ladi. O‘rganayotganlari kundalik hayotda kerak bo‘lishini anglaydi. Vazifalarni mustaqil bajara oladi. O‘quvchilik burchlarini sekin-asta tushunib yetadi.

3- sinfda o‘zini ancha dadil his qiladi. Alohida qobiliyatini namoyish etishga urinadi. Jamoadagi o‘rnini mustahkamlash uchun o‘z qiziqishlari, iqtidorini oshkor qila boshlaydi. Bilimi kengaygan sari o‘qishga munosabati kuchayadi. Ijodiy izlanishda ham mustaqillashadi.

— Ayni yoshdagi bola idroki aniq va ravonligi  bilan avvalgi davridan farq qiladi, — deydi Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi 281- maktab boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Nigora Azimova. — Sinchkovlikka o‘rganadi. Ota-onasi, yaqinlari, atrofdagilar unga yosh boladek emas, balki o‘z vazifalari, majburiyatlari bor, o‘z xususiyatlariga ko‘ra hurmatga cazovor shaxs deya munosabatda bo‘lishlarini istaydi. O‘z-o‘zini boshqarish malakasini egallay boshlaydi, vaziyatga qarab ish yuritadi. O‘ziga baho bera oladi. «Men yaxshi bolaman» yoki «Men to‘polonchi emasman» kabi fikrlarini isbotlashga urinadi. Yana bir xususiyati, faqatgina o‘z fikrini bayon etibgina qolmay, suhbatdoshining diqqatini o‘ziga jalb qilishga ham urinadi.

O‘nga kirding — songa kirding

10 yoshdagi holat

O‘qituvchining har bir qarashidan ma’no uqadi. Chin do‘stlari bo‘ladi. Muvaffaqiyatlarga bilim orqali erishish mumkinligini tushunib yetadi. Yanada mustaqil fikrlaydi, qobiliyati nimalarga qodirligini atrofdagilar e’tiboriga havola etgisi keladi. Faol o‘quvchilik pozitsiyasi shakllanadi, maqsadlari aniqlashadi.

— 10 yoshli o‘quvchi mustaqilligi, berilgan mavzuni anglashi, fikrini bayon etish uchun material to‘plashi, ulardan asosiysini ajratishi, materialni ma’lum ketma-ketlikda bayon etish, reja tuzish malakasi shakllangani bilan ajralib turadi, — deydi Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidagi 4- maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Zilola Asqarova. —   Mazmunga mos so‘zlar bilan jumla tuzadi, tinish belgilariga ko‘ra ifodali o‘qiydi, xatolarini tuzata oladi. Soatlab yolg‘iz holda sevimli mashg‘uloti bilan shug‘ullanishi mumkin va shu asosda mehnatsevarlik va mustaqillik fazilatlari shakllanadi. Bu esa ixtiyoriy diqqat turg‘unlashganidan dalolat. Mehnati mahsulidan zavqlanadi. Liderlik qobiliyatini namoyon etadi.

Demak, bolaning har bir sinfda salohiyati turlicha. O‘z imkoniga mos talab qo‘ysak,   zo‘riqmasdan, qobiliyatlari sekin-asta kurtak ocha boshlaydi. Agar o‘quvchimizda yoshiga munosib ko‘nikmalar shakllanmagan bo‘lsa, ular bilan ishlashda yanada ziyraklik, izchillik va sabot ko‘rsatishimizga to‘g‘ri keladi. Chunki mutaxassislar fikrlarilaridan ham anglashilib turganidek, tarbiyamizdagi har bir o‘quvchida o‘ziga yarasha qobiliyat va iqtidor mujassam. Ularni kashf etib, foydali hayotga yo‘naltirish uchun esa barchamiz birday mas’ulmiz!

  

Nasiba ERXONOVA.

Add comment


Security code
Refresh