Sahna bayramona bezatilgan. Tinchlik va ezgulikka chorlovchi shiorlar, nuroniy keksalarimiz, yosh avlodni, mustaqillikni namoyish etadigan baxtiyor suratlar, plakatlar osilgan, ekranda  mavzuga oid slaydlar ko‘rsatiladi. «Inson xotirasi — muqaddas tuyg‘u», «2015- yil — Keksalarni e’zozlash yili» shiorlari yozilgan. Tantanali kechaga faxriy keksalarimiz, ota-onalar, o‘qituvchi va o‘quvchilar taklif etiladi. Musiqa ostida sahnaga kecha boshlovchilari kirib kelishadi. (Sh.Mahmudovaning «Xotira va qadr» she’rini o‘qishadi).

 

1- boshlovchi:

Xotira — abadiy, qadr —

                       muqaddas,

Bu ikki kalomni unutmasang

Mehr-u oqibatning egiz

                       farzandi,

Xotira va qadr —  biz uchun

2- boshlovchi:

Oyoqlar ostidagi bu sara

                        tuproq,

Insonlarga quvvat beruvchi

Marhumlarni eslab, ruhin shod

                       etmoq,                                                                                                                                                                                                           

Biz farzandlar uchun

           muqaddas burchdir.

1- boshlovchi: — Assalomu alaykum, qadrli mehmonlar, ota-onalar, mehribon ustozlar va o‘quvchilar!

2- boshlovchi: — 9- may — Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan «Muazzam, munav­var, mo‘tabar» nomli bayram tadbirimizga  xush kelibsizlar.

1- boshlovchi: — Tadbirimizni ushbu so‘zlar bilan boshlamoq­chimiz (slaydda ko‘rsatiladi):

Jafokash xalqimiz asrlar davomida ne-ne og‘ir sinovlar, mashaqqatli kunlarni ko‘rmadi. O‘z ozodligi, erkinligi, tinch hayoti  yo‘lida kurashib, behisob qurbonliklar bergan ota-bobolarimiz jasorati tarixiy xotiramizdan hech qachon o‘chmaydi.

        Islom KARIMOV

2- boshlovchi: — Biz — yoshlarning oldimizda turgan asosiy maqsadlardan biri — o‘z tariximizni o‘rganishdir. Buyuk tariximizga nazar solsak, 1941—1945- yillardagi Ikkinchi jahon urushi davrida o‘zbekning mard o‘g‘loni yurt, oila-farzandlar uchun jonini fido qilib, janglarga kirishgani yodimizga tushadi.

1- boshlovchi: — Hamma­mizga ma’lumki, Ikkinchi jahon urushida fashist bosqinchilariga qarshi janglarda mardlarcha halok bo‘lgan, mamlakatimiz ozodligi va mustaqilligi uchun jon bergan O‘zbekistonning barcha o‘g‘lonlari xotirasini abadiylashtirishni nazarda tutgan holda, Prezidentimizning farmoniga asosan «Xotira va qadrlash kuni» umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.           

2- boshlovchi: — Shu  munav­var kunlarda urush qatnashchilari, mehnat faxriylari, keksa otaxon-u onaxonlarimiz poytaxtimizning qoq markazida joylashgan muazzam Xotira maydoniga tashrif buyurishadi. Ular bir-birlarini qutlug‘ ayyom — Xotira va qadrlash kuni bilan muborakbod etishadi,  o‘tganlarni yodga olishadi.

1- boshlovchi: — Diyorimiz o‘zining fidoyi, vatanparvar, har qanday yovuz kuchlarni yenga oladigan, opa-singillari-yu aka-ukalarining yonini oladigan jasur o‘glonlari bilan faxrlansa arziydi. (O‘quvchilar Muhammad Yusufning «Yurtim ado bo‘lmas armonlaring bor», Raim Farhodiyning «Tinchlik kerak bizlarga» va Sirojiddin Sayyidning «Xotira maydoni ustunlariga» she’rlarini o‘qishadi va tinchlik haqida qo‘shiq kuylashadi).

1- o‘quvchi: — Tinchlik — bu muborak so‘z, muqaddas kalom. Baxtimiz shundaki, muqaddas zaminimizda osoyishtalik hukm surmoqda. Mamlakatimiz musta­qillikka erishgach, azaliy qadriyat­larimiz tiklanib, ko‘plab bayram­larimiz nishonlana boshladi.

2- o‘quvchi: — Bundan 70 yil oldin olib borilgan qonli urushda frontga ketib, ona yurtiga qaytib kelmay, mardlarcha halok bo‘lgan yurtdoshlarimizning xotirasini abadiylashtirish maqsadida ochil­gan «Xotira maydoni» majmuasi, urushdan qaytmagan 450 mingga yaqin yurtdoshlarimizning nomi bitilgan «Xotira kitobi», ma’rifat­parvar bobolarimizni yod etadigan «Shahidlar xotirasi xiyoboni» har doim gavjum.                   

3- o‘quvchi: — Xotira maydonidagi Motamsaro ona haykali o‘z farzandini qonli urushga kuzatib, intizor bo‘lib kutgan munis ayolning g‘amgin timsoli. Uning qiyofasida urushning barcha dahshatlari aks ettirilganini ko‘ramiz, his etamiz va hozirgi kun tinchligiga hamd-u sanolar aytamiz.

4- o‘quvchi:

Doim qushlar sayrasin

                         quvnoq,

Chaman bo‘lib yashnasin

                         gulbog‘.

Yer yuzida barcha arg‘imchoq,

Sho‘x aylansin bo‘lib vaqti

                          chog‘.

5- o‘quvchi:

Tongda turib orziqib shodon,

Shoshilaylik do‘stimiz tomon.

Do‘stlar ila g‘ururga to‘lib,                         

Ona yurtni xo‘p yaxshi ko‘rib.

6- o‘quvchi:

Bolajonlar qilsin tabassum,   

Ko‘kni tutun bosmasin bir zum.        

Shu zamonda go‘zal beg‘ubor,

Tinchlik so‘zi bo‘lsin barqaror.          

1- boshlovchi: — «Xotira» so‘zi urushda halok bo‘lganlarga tegishli bo‘lsa, «qadrlash» so‘zi nuroniy bobo-buvilarimizga xosdir. Yurti­mizda inson xotirasi, qadr-qimmati ulug‘lanadi, aziz hisoblanadi. Biz ulug‘ ajdodlarimizni, ota-bobolari­mizni, fidoyi yurtdoshlarimizni doimo hurmat bilan tilga olamiz.

2- boshlovchi: — Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Behbudiy, Qodiriy, Fitrat, Cho‘lpon kabi zotlarni bizga istiqlol qaytarib berdi.                      

1- boshlovchi: — Yurtboshimiz bu kunga alohida urg‘u berib, shunday degan edilar: «Xotira —  bu foniy dunyodan o‘tgan ajdod­larimizni eslash, ularning chirog‘ini yoqib, ezgu ishlarni davom ettirish. Bu xalqimizga xos azaliy fazilatdir. Qadrlash — bu asrlar davomida ona diyorimizni, xalqimizning ozodligi va istiqlolini, erkin va farovon hayotini, mardlik va shijoat bilan himoya qilgan fidoyi vatandoshlarimizni yodga olmoq, ularga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatmoqdir».                      

2- boshlovchi: —  Bu kun kimdir Xotira maydonida urushdan qaytmagan yaqinlarini eslasa, kimdir qarindoshlari qabrini ziyorat qiladi. Yana kimdir nuroniy ota-onasi, bobo-buvilarining holidan xabar oladi, ko‘ngillarini ko‘taradi. (Kichik sahna ko‘rinishi namoyish etiladi. Bolalar suhbati).

1- bola: — Bobomning aytishi­cha, uning dadasi ham urush qatnashchisi bo‘lgan ekan. Urush boshlanganda katta bobom hali yosh bo‘lganligi uchun uni urushga 1943- yili olib ketishgan ekan. Urushda u kishi bir oyog‘idan o‘q yeb, ikki oy mobaynida gospitalda davolangan va qaytadan yana jangga kirgan ekan. Urush tugagach, Ona-Vataniga qaytadi, ammo o‘q tekkan oyog‘i ularga ancha azob bergan ekan. Men katta bobomning ozod va obod kelajak uchun kurashganidan faxrlanaman.

2- bola: — Bobom doimo urush kechinmalarini eslab, dadamga, menga va hali uncha katta bo‘lmagan ukalarimga shunday deydi: «Yoshlikda qalbimiz orzu-umidlarga to‘la edi. Urush degan baloyi azim barchasini sarobga aylantirdi. Minglab sinfdoshlarim – yosh yigitlarning umri xazon bo‘ldi. U davrlarni eslash menga juda og‘ir. Shuning uchun bugungi dorilomon kunlarning qadriga yetaylik». Bobomning so‘zlarini doimo yodimda tutaman.

(Sinf o‘quvchilari  mahalladagi front ortida xizmat qilgan faxriylar va keksalarni yo‘qlashga borib, umumxalq bayrami bilan ularni tabriklab kelganlar. Tadbir qatnash­chilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishadi).

1- boshlovchi: — Inson o‘z qadriga yetish bilan birga,  o‘zgalar qadrini ham baland tutib, odamiylik burchini to‘g‘ri ado etishi kerak. Ana shu insoniylik burchlaridan biri o‘tganlar ruhini shod etib, ular xotirasi, qadr-qimmatini joyiga qo‘yishdir

2- boshlovchi: — Kimda-kim o‘tganlarni xotirlasa, ular haqiga duolar qilsa — shu qalbi poklikdir. Pok qalblarda esa xotira chirog‘i mangu so‘nmaydi.

1- boshlovchi: — Mana, azizlar, bugungi «Muazzam, munavvar, mo‘tabar» nomli tadbirimiz ham o‘z nihoyasiga yetmoqda. Bugun biz xotirlagan­larning ruhlari shod bo‘lsin!

2- boshlovchi: — Barchan­gizga sog‘lik, uzoq umr tilaymiz. Yurtimizda tinchlik, barqarorlik davom etaversin. O‘tganlarni doimo xotirlab, tiriklarni  qadrlaylik. Keksalarimiz esa e’zozda bo‘lishsin!

 

 Dilorom SHUKUROVA,

          Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi 81- umumta’lim maktabining boshlang‘ich

 sinf o‘qituvchisi, 

«Shuhrat» medali  sovrindori.

                     

Add comment


Security code
Refresh